Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
HAMASga ultimatum, Rossiya benzin importchisiga aylandi - hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 5 oktyabr, yakshanba. Yurtimizda isitish mavsumi start oldi. Qishloq mo‘rilaridan o‘tinning qadrdon hidi chiqa boshladi. Elektr pech yoqadiganlar tez orada «svet» narxi yana oshganini o‘z tanasida his qiladi. Uyingizda gaz bo‘lsa, omadli ekansiz, biz qishloqda gaz bilan tantanali xayrlashganimizga 15 yil bo‘lyapti.
Agar gaz bo‘lsa, hisob raqamingizga pulni g‘amlashni boshlang. Bizga o‘xshab qishdan o‘tin, ko‘mir va yana bir qadrdon «milliy yonilg‘i» bilan chiqadigan bo‘lsangiz, ularni ham g‘amlab qo‘ying. Hademay ko‘mir qimmatlaydi, o‘tin ham anqoning urug‘i bo‘ladi. Va qishga tayyorlanish asnosida bizning hafta dayjesti loyihamizni kuzatib borishni unutmang. Odatdagiday haftaning eng muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Putin Trampga javob berdi
AQSh prezidenti Donald Tramp fransiyalik hamkasbi Emmanuel Makron bilan uchrashuvda Rossiyani «qog‘oz yo‘lbars» deb atagandi. Chinliklar o‘ylab topgan bu metafora o‘zini kuchli ko‘rsatadigan, lekin aslida kuchsiz bo‘lgan odamga yoki odamlar guruhiga nisbatan ishlatiladi. Tramp Rossiyaga nisbatan bu iborani aynan shu ma’noda ishlatdi. Kreml tezda Trampning bu gapiga javob berib, Rossiya «qog‘oz yo‘lbars» emas, «haqiqiy ayiq» ekanini bildirdi.
Ammo Putin uchun bu yetarli bo‘lmagan ko‘rinadi, u Trampga shaxsan javob berishga qaror qildi: «Biz yillar davomida Ukraina bilan emas, NATO bilan urushyapmiz. NATO bloki bilan urushaturib oldinga siljiyotgan bo‘lsak, NATO haqida nima deyish mumkin? U suhbatdoshiga bu «qog‘oz yo‘lbars», dedi. Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Unda boring, «qog‘oz yo‘lbars»ni bir yoqlik qiling. Lekin hammasi boshqacha kechmoqda», dedi Putin.
AQShda generallar yig‘ildi
Hafta davomida AQSh urush vaziri Pit Hegset butun dunyodagi 800 dan ortiq amerikalik general va admirallarni yig‘ib misli ko‘rilmagan majlis o‘tkazdi. Virjinyadagi dengiz piyoda qo‘shinlari bazasida o‘tkazilgan majlisda Hegset Pentagonning yagona vazifasi «harbiy harakatlar, urush va unda g‘alaba qozonish ekanini» aytdi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun jismoniy talablar oshirilishi, tartib-intizom talablari kuchaytirilishini aytdi.
Hegset Amerika armiyasida semiz generallar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, endi yilda ikki marta harbiylarning tanasidagi yog‘ miqdori tekshirib turilarkan.
«HAMAS ko‘nmasa, yomon bo‘ladi»
Hafta davomida AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuv o‘tkazib, G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha oxirgi taklifini bildirdi. To‘g‘risini aytish kerak, bu hozirgacha ilgari surilgan eng yaxshi taklif bo‘ldi.
Trampning taklifiga ko‘ra, Isroil G‘azoni bosib olmaydi, u yerdagi falastinliklar majburlab shahardan chiqarib yuborilmaydi. HAMAS G‘azoni boshqarish huquqidan mahrum etiladi. Harakatning o‘z ixtiyori bilan qurol tashlagan a’zolariga amnistiya e’lon qilinadi. Kelishuvning asosiy sharti HAMAS barcha asirlarni, o‘lganlarning jasadlarini qaytarishi kerak. Bu shartga rozi bo‘lsa, Isroil 250 nafar bir umrlik qamoqqa hukm qilingan falastinliklar va 7 oktyabrdan keyin qo‘lga olingan 1700 g‘azolikni ozod qiladi.
Ikki tomon kelishganidan keyin G‘azoda vaqtincha tashqi boshqaruv amalga kiradi, unda xalqaro tashkilotlar ham ishtirok etadi. G‘azoni tiklash uchun pul ajratiladi. Tramp HAMAS bu oxirgi kelishuvga ko‘nmasa, Netanyahu istalgan ishini qilishi uchun yordam berishini qo‘shimcha qildi.
Afg‘onistonda g‘alati ishlar bo‘lmoqda
Azizlar, Afg‘onistonda qiziq ishlar bo‘lmoqda. Avvaliga Kobulga kimsan Donald Trampning maxsus vakili borib «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu uchrashuv Tramp Bagramdagi aviabazaga qaytishni istayotgani fonida ro‘y berdi. Trampning asirlarni ozod qilish bo‘yicha vakili Kobulga ozod qilingan Amerika fuqarosi Amir Amirini olib kelish uchun bordi. Toliblar mamlakatda to‘qqiz oy hibsda bo‘lgan Amirini ozod qilishdi.
Keyin Afg‘onistonda shundog‘am yaxshi ishlamayotgan internet butkul o‘chirib qo‘yildi. Bu go‘yoki «Tolibon»ning «axloqsizlikka qarshi kurashi» doirasida amalga oshirilgani aytildi. Keyinroq internet yana ishlay boshladi. Toliblar buni optik tolali tarmoqlar ta’mirlanayotgani bilan izohladi.
AQShda shatdaun
Amerika «quladi», azizlar. Hazil, albatta. 1 oktyabrdan boshlab AQSh hukumati vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi. Xabarlar lentasida shatdaun degan so‘zga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Ana shu shatdaun sabab Amerika hukumati noma’lum muddatga faoliyatini to‘xtatdi. Shatdaun «olti tomonida ko‘zi bor, qanoti bor, g‘aroyib bir maxluq» emas, bu shunchaki iqtisodiy uzilishni anglatuvchi ibora.
Xullas, Amerika Kongressidagi hukmron respublikachilar moliyaviy taqsimot bo‘yicha qonun loyihasini o‘tkaza olishmadi. Chunki demokratlar tibbiy xarajatlar borasida ularga qarshi pozitsiyada turishdi. Shu bois hukumat ishchilari maosh to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarib yuborildi. Armiya, politsiya, shifokorlar, xullas hayotiy zarur sohalardan tashqari bo‘lgan xodimlar, albatta.
Amerikada bunaqasi bo‘lib turadi, umumiy hisobda 21-marta partiyalar kelishmovchiligi sabab shatdaun yuz berib, hukumat faoliyati to‘xtab qoldi. Odatda bu ishdan partiyalar siyosiy maqsadlar uchun foydalanishadi.
Hukumat qachon faoliyatini boshlashi aniq emas. Oxirgi marta bunaqasi 7 yil avval, Trampning oldingi muddatida yuz bergandi. O‘shanda shatdaun 35 kun davom etgan va bu tarixdagi eng uzun to‘xtalish bo‘lgandi. O‘shanda Tramp bir universitet futbol klubini Oq uyga taklif qilib oshpazlar ishga chiqmagani uchun «Makdonalds»dan 300 ta burger va qovurilgan kartoshka buyurtma qilib, o‘z hisobidan to‘lov qilgandi.
Alpinist Everestdan chang‘ida tushdi
Hafta davomida polshalik chang‘ichi Anjyey Bargel dunyoning eng baland nuqtasi Everest cho‘qqisidan chang‘ida hech qanday kislorod niqobisiz tushib rekord o‘rnatdi. 37 yoshli chang‘ichi bu o‘ta xavfli ish uchun 4 kun sarfladi. Hozirgacha Himolay tog‘lari bag‘ridagi afsonaviy Everestni 7 mingga yaqin odam zabt etgan bo‘lsa, ulardan 200 nafarigina kislorod maskasi taqmagan. Chang‘ida esa bu ishni Bargel birinchi bo‘lib uddaladi. Shu tariqa polshalik ekstremal sayohat ishqibozi inson matonatining chegarasi qanchalik katta ekanini ko‘rsatib berdi.
Rossiya Xitoydan benzin oladi
Hozir bir xabar aytaman, lekin buni hazil deb o‘ylamang: Rossiya Xitoy, Janubiy Koreya va Singapurdan benzin import qilishni rejalashtirmoqda. Rossiya, benzin va import so‘zlari bir gapda ishlatilishining o‘zi g‘alati to‘g‘rimi? Lekin Vladimir Vladimirovich Putin ta’birlari bilan aytganda, «urushga qaramay iqtisodi o‘sib borayotgan» Rossiya Ukraina dronlari hujumi sabab benzinni import qilishga majbur bo‘lmoqda.
Ukraina tinmay Rossiya neftni qayta ishlash obektlariga dron bilan hujum qilayotgani sabab sentabr oyida mamlakatdagi neftni qayta ishlash zavodlarining 38 foizi ishlamay qolgan. Rossiya Belarusdan benzin importini oshirmoqchi. Shuningdek, ichki bozorni ta’minlash uchun neftni qayta ishlovchilarga nisbatan ekologik talablarni kamaytirish haqida o‘ylamoqda.
Urush ana shunaqa narsa, janoblar. Siz bir davlatni «uch kunda egallayman» deb urush boshlayotganingizda, bu urush bir kun kelib sizgacha yetib kelishini albatta o‘ylashingiz kerak. Zamonaviy urush ana shunaqa narsa, aqlga sig‘maydigan oqibatlarga olib keladi. Hatto yer ostida bitmas-tuganmas nefti bor Rossiyani nefti yo‘q Koreyadan benzin sotib olishga majbur qiladi. Shu uchun nafsingizga qarshi urushdan boshqa hech qaysi urushni qo‘llamang. Omon bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
15:55 / 30.11.2025
Putinga «aql o‘rgatgan» Uitkoff, tozalash boshlagan Zelenskiy – hafta dayjesti
21:23 / 23.11.2025
Tramp va Amerika Ukrainani «sotmoqchi» - hafta dayjesti
19:18 / 16.11.2025
Ukraina pora botqog‘ida, Jo‘laniy Oq uyda - hafta dayjesti
20:47 / 09.11.2025