Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eronda urush tugaganini aytdi - hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 3 may, yakshanba. Amerika prezidenti Donald Trampning aytishicha, Erondagi urush tugabdi. Dunyo urushlar tugashini boshqacha tasavvur qiladi: kimdir mag‘lub bo‘lib oq bayroq ko‘taradi, narigi tomonning barcha shartlariga ko‘nib kapitulyatsiya bo‘ladi yoki ikki tomondan ham kuchliroq kimdir kelib urushni tugatadi. Lekin urush degani mana shunday mujmallik bilan, shunchaki bir davlat parlamentiga yozilgan xatdagi iqror bilan ham tugashi mumkin ekan. Quyida haftaning shu va boshqa voqealarini birgalikda eslaymiz.
Tramp: «Urush tugadi»
Amerika prezidenti Trampning aytishicha, Erondagi urush tugabdi. Mister Tramp bu haqda o‘z sahifasida tantanali post qilib yozmadi, jurnalistlarni yig‘ib ularga ham aytmadi. Shunchaki imi-jimida Kongressga hisob berib yozgan xatida aytdi xolos. Buni qarangki, Amerika qonunchiligiga ko‘ra mamlakat prezidenti biror davlatga qarshi Kongress ruxsatisiz 60 kundan ortiq urusholmaskan. Qoyil, Trampni to‘xtatadigan qonunlar haliyam bor ekan, yashasin Amerika qonunchiligi!
Tramp ana shu 60 kunlik muddat tugashi arafasida Kongressdagilarga xat yo‘llab, Eron bilan harbiy harakatlar allaqachon tugagani haqida hisobot beribdi. Bu haqda xat bilan tanishgan Reuters jurnalistlari yozib chiqishdi.
Xat mazmunidan yana bir narsa rasman ayon bo‘ladi: Tramp do‘sti Netanyahu bilan birga Eronga qarshi urush ochish uchun amerikalik saylovchilarning qonuniy vakili — Kongressdan ruxsat olmagan. Eng qizig‘i, mister Tramp nizo hamon bartaraf etilmagani, «Eron haligacha Amerika uchun tahdid bo‘lib turganini» tan olgan.
Bu xatda juda jiddiy gaplar aytilgan, ularning mazmuniga e’tibor bering. Donald Tramp Kongressdan, ya’ni amerikaliklardan so‘ramay Eronga qarshi urush ochgan. Bu haqda hech qayerda e’lon qilinmagan bir vaqtda Amerika va Eron o‘rtasida urush tugagan. Va fevral oxirida boshlanib juda intensiv ko‘rinish olgan bombalashlardan keyin ham nizo bartaraf etilmagan va Eron hamon Amerika uchun xavf bo‘lib turgan ekan! Unda «yakson etilgan Eron», boyitilgan uran Amerikaga berilishi haqida gaplar qayoqda qoldi?
Urushdan maqsad Eronda tuzumni o‘zgartirish edi, to‘g‘ri, Xominaiy o‘ldi, lekin mamlakatni yana diniy rahbar boshqarmoqda va u Amerikaga do‘st bo‘lib qolgani yo‘q. Mana, sizga uning eng oxirgi gapini o‘qib beraman: «Amerikaliklarning Fors ko‘rfazidagi joyi — uning eng tubida».
Eronliklar Amerika har qancha kuchli bo‘lmasin, baribir ming yillik strategik tajribaga ega. Ular dushmanlarini juda yaxshi bilishadi, ularning qonunchiligini ham, eronliklar razvedkasi ham yomon ishlamaydi. Agar ular mana shu 60 kunlik muddat tugagunga qadar atayin muzokaralarni cho‘zib turgan bo‘lishsa, maqsadlariga erishishdi. Hozir Donald Tramp juda noqulay ahvolda qoldi.
Tramp va Putin suhbati
Hafta davomida AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi. Unda aytarli jiddiy gaplar bo‘lmagan. Tomonlar asosan Erondagi urushni muhokama qilgan. Trampga ko‘ra, Putin Eronni uranni topshirishga ko‘ndira olsa, uranni boyitish jarayonida ishtirok etishni so‘rabdi. Amerika prezidenti esa unga «yaxshisi Ukrainadagi urushni tugatish bilan shug‘ullanishni» tavsiya qilibdi. Keyin Tramp suhbatdoshiga urushda qisqa muddatli sulh bo‘yicha kelishishni taklif qilibdi, Putin esa 9 may arafasida sulh taklif qilibdi.
Britaniya qiroli Amerikada
Hafta davomida Britaniya qiroli Charlz III rasmiy tashrif bilan Amerikaga bordi. Ingliz monarxining Vashingtonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgan davrga to‘g‘ri keldi. Donald Tramp ikkinchi muddatida deyarli barcha Yevropa davlatlari bilan sovuq munosabatda bo‘lmoqda. Avvalo ko‘hna qit’a va Tramp o‘rtasida kelishmovchilik Ukrainadagi urush masalasida bo‘ldi, Tramp Kiyevni qo‘llamasligini aytdi, Ukraina go‘yoki «Rossiya ta’sir doirasidagi davlat ekanini» ta’kidladi. Keyin Daniyaga tegishli Grenlandiya orolini bosib olish bilan tahdid qildi. Va Erondagi urushda yordam bermagani uchun NATO davlatlaridan norozi bo‘ldi. Tramp davrida Yevropa va Amerika o‘rtasidagi munosabat shunchalik yomonlashdiki, NATO parchalanish yoqasiga kelib qoldi.
Qirol Charlz III Amerikaga ikki davlat munosabatlarini biroz yumshatish uchun bordi. Uni Vashingtonda juda iliq kutib olishdi. Oq uydagi ziyofatda qirol siyosiy hazillar qilib amerikaliklarga tarixiy eslatmalar berdi.
Isroil Livanni tekislamoqda
Amerikaning CNN nashri Airbus tomonidan taqdim etilgan sun’iy yo‘ldosh kadrlarini tahlil qilib, Isroil Livan janubida xuddi G‘azodagi ssenariyni qo‘llayapti degan xulosaga keldi. Avvaliga aviazarbalar bilan binolar yo‘q qilinadi, odamlar qochib ketishga majbur bo‘ladi, qolganini quruqlik operatsiya doirasida amalga oshirib, tanklar va og‘ir artilleriya yordamida hududni tekislashadi.
Hozir Livan janubida xuddi shunday ishlar ketmoqda. Amerikada tantana bilan Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi deyishgandi, lekin Amerika qo‘llovidagi Isroil Livan janubini tekislashda davom etmoqda. Aftidan, bu yerlar «Hizbulloh» ta’sirida bo‘lgani uchun hudud Isroil tomonidan tekislab tashlanayotgani Livan hukumatini qiziqtirmayotgan ko‘rinadi.
G‘azoda saylov
Isroil kulini ko‘kka sovurgan Falastinning G‘azo bo‘lgasida 20 yil ichida ilk marta saylov bo‘ldi. Saylov G‘azoning faqat Dayr al-Baloh shahrida o‘tkazildi. Mahalliy kengash uchun o‘tkazilgan saylovda 15 o‘rinning 6 tasini Mahmud Abbos yetakchiligidagi FATH partiyasi vakillari qo‘lga kiritdi. Qolgan o‘rinlarni mustaqil nomzodlar yutib ketdi. HAMAS saylovga boykot qilib, unda o‘z nomzodlarini ko‘rsatmadi.
Saylovda nomzodini ko‘rsatmoqchi bo‘lganlar Falastin milliy muxtoriyatini, jumladan Isroil davlatini tan olishi, qurollardan voz kechishi kerak edi. Shu sabab unda HAMAS vakillari ishtirok etmadi, chunki harakat hali qurollarni tashlagani yo‘q. Bundan tashqari, HAMAS Isroil davlatini tan olmaydi, uning barcha hududlari Falastinga tegishli deb hisoblaydi. Saylovda nomzod ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, HAMAS undagi xavfsizlikni ta’minlashda ishtirok etib, saylovni yaxshi qadam deb baholadi.
FATH saylovda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, G‘azo ustidan nazorat o‘rnata olmasligi tabiiy, bo‘lga to‘laligicha HAMAS nazoratida, kelajakda ham shunday bo‘lib qolish ehtimoli yuqori. Chunki Isroil va AQSh hamon guruhni qurollarni tashlashga majbur qilolmayapti. Bu esa harakat hamon bo‘lga darajasida kuchli bo‘lib qolishini ta’minlaydi.
Malida urush
Beshinchi yilki qo‘shnisi Ukrainaning yerlarini egallab ololmayotgan Rossiyaning Afrikadagi ishlari ham yaxshi emas. Rossiya bu qit’adagi davlatlarda, ayniqsa oltin va olmosga boy o‘lkalarda harbiy ta’sir doirasini oshirish uchun jiddiy kompaniya olib boradi. «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin bu tizim markazidagi asosiy figura edi. Afrikadagi oltin va olmosga boy davlatlarda harbiy ta’sirni oshirish uchun Rossiya mudofaa vazirligi qoshida butun boshli «Afrika korpusi» degan ko‘ngilli harbiy tuzilma tashkil etilgan. Bu korpus vakillari Malida ham faol edi. Ular hukumat armiyasi tomonda edi. Hafta davomida Rossiya Malida bo‘lishining eng ashaddiy tarafdori mudofaa vaziri Sadio Kamara isyonchilar tomonidan o‘ldirildi.
Hukumat kuchlariga qarshi urushda «Azavadni ozod qilish fronti» guruhi hamda «Islom va musulmonlarni qo‘llash guruhi» degan isyonchi guruhlar qatnashmoqda. Bu guruh nomini cho‘zib aytib o‘tirish shart emas, qisqasi, ular «Al Qoida»ning Malidagi bo‘linmasi.
Isyonchilar Kidal degan strategik muhim shahardan Rossiya qo‘llovidagi hukumat kuchlarini siqib chiqarishdi. Isyonchilar poytaxt Bamakoni olishgani yo‘q, lekin Kidalning olinishi ham katta voqea, chunki ruslarning Afrika korpusi aynan shu shaharning hukumat kuchlari bilan olinishini eng katta yutug‘i deb hisoblardi. Ular shaharni deyarli jangsiz tashlab chiqishgan. Biz Malidagi voqealarga alohida to‘xtalamiz.
Hafta iqtibosi
Bu galgi hafta iqtibosi Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga tegishli bo‘ldi. Siyosatchi dunyo energetikasi bir odamning kayfiyatiga bog‘liq ekani haqida ajoyib o‘xshatish qildi: «Biz neft narxi Tramp qanday uxlaganiga bog‘liq bo‘lgan davrda yashayapmiz. U yaxshi uxlab tursa, neft narxi tushadi. Mabodo yomon uxlab, qandaydir bayonot bersa, narx ko‘tariladi».
Hafta suratlari
So‘zimizni hafta suratlari bilan yakunlaymiz. Birinchi surat Vashingtonda olingan. Unda Amerika Maxfiy xizmati zobitlari poytaxt Vashingtondagi Hilton mehmonxonasida Donald Trampga suiqasd qilinganidan keyin xavfsizlikni ta’minlash bilan shug‘ullanishmoqda.

Doimgidek maxfiy xizmatda ayol ofitserlar faol. Esingizda bo‘lsa, Trampni Pensilvaniyada otishganda ham uni evakuatsiya qilishda ayol agent faol bo‘lgandi. Yashasin ayol agentlar!
Ikkinchi surat Norvegiyada olingan. Oq ayiq erib borayotgan muzlikdan turib unga qarayotgan odamlarga tikilib turibdi.

Inson hozir urushlar, bosqinlar bilan band, lekin haqiqiy muammo soyada qolmoqda. Dunyo muzliklari rekord tezlikda erib bitmoqda, yaqinda dunyodagi eng katta aysberg ham parchalanib ketdi. Bu ketishda inson tasavvur qilish qiyin bo‘lgan ekologik muammolar bilan to‘qnash kelishi tabiiy...
Mavzuga oid
20:08 / 26.04.2026
Tramp sulhni cho‘zdi, Mishari Rashid mojaro markazida – hafta dayjesti
14:40 / 12.04.2026
Kosmik kemalar koinotni zabt etayotganda podshohlar urush bilan band - hafta dayjesti
21:56 / 06.04.2026
Insoniyat yana Oyga uchdi – hafta dayjesti
15:42 / 29.03.2026