Jahon | 11:55 / 05.10.2025
7131
9 daqiqa o‘qiladi

Siyosatshunos: Rossiyaning NATO bizni qabul qilmagan deyishi – manipulyatsiya

Putin “Valday” klubidagi chiqishida Rossiya bir paytlar NATOga a’zo bo‘lishni istaganini aytdi. Lekin aksar tahlilchilar fikricha, Sovet Ittifoqi ham, keyinchalik Rossiya ham NATOga kirishni hech qachon jiddiy maqsad qilmagan, bu faqat G‘arbni chalg‘itish, iqtisodiy yoki siyosiy imtiyoz olishga qaratilgan strategik yolg‘on bo‘lgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bu haqda o‘tgan hafta yakunlari bo‘yicha Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Putin aytganidek, Rossiya ham NATOga a’zo bo‘lishga intilganmi?

Bektosh Berdiyev: Rossiyaning NATOga a’zo bo‘lish masalasi birinchi marta Sovet Ittifoqi davrida, 1954 yilda ko‘tarilgan edi. O‘sha paytda hokimiyat tepasida Stalindan keyin Nikita Xrushchyov davri edi. Sovet Ittifoqi NATOga qo‘shilish istagini bildirgan, biroq bu taklif NATO tomonidan rad etilgan. Sababi, NATO aslida Yevropani Sovet Ittifoqi va kommunistik mafkura ta’siridan himoya qilish maqsadida tuzilgan edi. Shuning uchun Sovet Ittifoqining harbiy alyansga kirishi NATO siyosatiga mutlaqo zid edi. Agar Sovet Ittifoqi NATOga a’zo bo‘lsa, bu tashkilot ichida bevosita xavf tug‘ilar, kommunizm g‘oyalari Yevropaga tarqalish xavfi kuchayardi. Shu bois bu taklif qat’iyan rad etilgan. Vladimir Putin “Valday” klubidagi chiqishida aynan shu tarixiy voqeani eslatib o‘tgan.

Ikkinchi marta bu masala Sovet Ittifoqi parchalangandan keyin, 1990 yillarda Rossiya tomonidan ko‘tarilgan. O‘sha paytda AQSh prezidenti Bill Klinton “bu masalani ko‘rib chiqamiz” deb ehtiyotkorona javob bergan. Lekin keyinchalik NATO a’zolari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng, bu taklif yana rad etildi. Chunki o‘sha davrga kelib NATO yangi siyosiy konsepsiyani shakllantirgan edi. Rossiya kabi ulkan davlatning ittifoqqa qo‘shilishi – NATO xavfsizlik tizimiga to‘g‘ri kelmas edi.

Shundan so‘ng Rossiyaga boshqa format – “NATO plyus Rossiya” hamkorlik mexanizmi taklif qilindi. Bu mexanizm asosida ikki tomon 2008 yilgacha faol hamkorlik qildi. Rossiyaning NATOdagi elchisi orqali muzokaralar kuchaygan, munosabatlar ancha iliqlashgan edi. Biroq 2008 yilda Gruziya va Rossiya o‘rtasida yuz bergan urush bu jarayonni izdan chiqardi. Shu voqeadan so‘ng NATO davlatlari Rossiyadan uzoqlasha boshladi, hatto “NATO–Rossiya” hamkorlik formati to‘xtatildi. 2014 yilda Qrim anneksiyasi bu hamkorlikka butunlay nuqta qo‘ydi.

Kamoliddin Rabbimov: Yuqorida aytilganidek, Rossiyaning NATO bilan munosabatlari ikki davrda ko‘rib chiqiladi. Birinchisi Sovet Ittifoqi davri, ya’ni NATO va sotsialistik lager o‘rtasidagi to‘laqonli, tizimli qarama-qarshilik bosqichi. Ikkinchisi esa Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyingi, Rossiya Federatsiyasi alohida davlat sifatida harakat qilgan davr.

1999 yil dekabrda Vladimir Putin hokimiyat tepasiga keldi. U dastlab uch oy davomida prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lib turdi va 2000 yil mart oyidagi saylovlarda rasman prezident etib saylandi. Oradan ko‘p o‘tmay, 2001 yil 11 sentabrda AQShda teraktlar sodir bo‘ldi. O‘sha paytda Jorj Bushga birinchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilgan siyosatchi Putin edi, u AQShga hamdardlik bildirib, qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng Rossiya va AQSh o‘rtasida qisqa muddatli ishonch va yaqinlik davri boshlandi. Hatto Jorj Bush bir intervyusida: “Men Putin bilan ko‘rishdim, uning ko‘zlariga boqdim va bu inson ishonchli ekanini his qildim”, degan edi. Keyinchalik Bushning o‘zi bu so‘zlari uchun pushaymon bo‘lganini ham tan olgan.

2000 yillarda Putin norasmiy tarzda “kerak bo‘lsa, Rossiya NATOga a’zo bo‘lishi ham mumkin”, degan fikr bildirgan. Biroq bu hech qanday rasmiy tashabbus emas, balki Putinning o‘rtaga tashlagan shunchaki siyosiy replikasi edi. Chunki Rossiya uchun NATOga kirish bu G‘arb, ayniqsa AQSh siyosatiga to‘liq bo‘ysunish degan ma’noni anglatadi.

Rossiya bu masalani hech qachon jiddiy ko‘rib chiqmagan. 2001 yil 18 iyundagi matbuot anjumanida Putin bu fikrni aytgan, ammo bu “Rossiya NATOga kiradi” yoki “ariza beradi” degani emas edi. Shunchaki, o‘sha paytda u G‘arb bilan munosabatlarni iliqlashtirish uchun bunday so‘zlarni ishlatgan. Putinning keyingi yillardagi chiqishlarida “biz hatto NATOga yaqinlashganmiz”, degan gaplari esa asosan siyosiy manipulyatsiya sifatida baholanadi. Chunki amalda Rossiya hech qachon NATOga to‘laqonli a’zo bo‘lishni rejalashtirmagan.

Shuhrat Rasul: Har ikkala holatda ham Rossiya tomonidan blef, ya’ni siyosiy aldov yoki taktika qo‘llangan. Bu hodisani yaxshiroq tushunish uchun tarixga nazar tashlash zarur. 1919 yilda, Birinchi jahon urushi yakunida Versal konferensiyasi o‘tkazilayotgan paytda Sovet Rossiyasi (o‘sha paytda Lenin, Stalin va Trotskiy hokimiyatda edi) G‘arb davlatlari tomonidan kontributsiya, ya’ni katta miqdorda tovon to‘lashga majbur qilinishi kerak edi. Lenin bunga qat’iyan qarshi chiqib, “bir tiyin ham to‘lamaymiz!” degan. Ammo tashqi ishlar xalq komissari Georgiy Chicherin Siyosiy byuroda boshqacha taklif bildiradi: “Biz o‘zimizni madaniy ko‘rsatishimiz kerak. To‘lovlarni to‘laymiz deb va’da beraylik. Ammo bu amalda ham to‘lash degani emas”. Uning fikricha, bu yo‘l bilan G‘arb davlatlarida “bolsheviklar endi xalqaro qonunlarga hurmat bilan qarayapti” degan taassurot uyg‘onadi, ularning ichki birliklari esa zaiflashadi. Chicherin hazil aralash aytgan: “uylanishga va’da berish bu hali uylanish degani emas” degandek.

Natijada aynan shu siyosiy hiyla orqali SSSR keyinchalik G‘arb bilan yaqinlashdi va 1934 yilda Millatlar Ligasiga qabul qilindi, AQSh va Germaniyadan texnologiyalar ola boshladi. Shu jarayonlarda SSSR bug‘doyni barter asosida sotib, evaziga sanoat texnikasini olib kirgan, bu esa Ukraina va Qozog‘istonda ocharchilikka, millionlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Xuddi shunday blef 1954 yilda ham kuzatildi. Stalin vafotidan keyin hukumatni boshqargan Malenkov “Sovet Ittifoqi NATOga kirishi mumkin” degan g‘oyani ilgari surdi. Buning asl maqsadi “Marshall rejasi” doirasida G‘arbdan moliyaviy yordam olish edi. Chunki o‘sha rejada Germaniya kabi sobiq dushmanlarga yordam berilayotgan bo‘lsa-da, ittifoqchi SSSR chetda qolgan edi. Shuning uchun “NATOga kirish” taklifi aslida G‘arbdan iqtisodiy foyda olish uchun ishlatilgan siyosiy fint edi.

Yana bir shunga o‘xshash holat 2000-yillarning boshida, Vladimir Putin hokimiyatga kelgan davrda takrorlandi. O‘sha paytda Rossiya matbuotida “Lissabondan Vladivostokkacha yagona xavfsizlik tizimi” haqidagi g‘oya faol targ‘ib qilindi. Ya’ni Rossiya NATO bilan birgalikda yagona Yevrosiyo xavfsizlik makonini yaratishi mumkin degan narrativ paydo bo‘ldi. Biroq bu ham siyosiy niqob edi. Sobiq tashqi ishlar vaziri Yevgeniy Primakov AQSh davlat kotibi Madlen Olbrayt bilan uchrashuvda: “Biz NATO bilan raqobatni to‘xtatamiz, faqat sizlar MDH hududini Rossiyaning ta’sir doirasi sifatida tan olinglar”, degan. Ya’ni Rossiya G‘arb bilan muzokara qilarkan, sobiq sovet hududini o‘z nazoratida saqlab qolishni maqsad qilgan.

Umuman, Putin hokimiyatga kelganining ilk davrlaridan boshlab SSSRni tiklash g‘oyasi Rossiya siyosati markazida bo‘lib kelmoqda. Shu bois ham Sovet Ittifoqi davridagi kabi, zamonaviy Rossiya ham NATO bilan munosabatlarda blefni siyosiy qurol sifatida ishlatadi, ya’ni hamkorlik takliflari aslida G‘arbni chalg‘itish va o‘z manfaatlarini ilgari surish vositasi bo‘lib keladi.

Suhbatni to‘liq YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid