Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropaliklar Rossiya ikki yil ichida NATO davlatiga hujum qilishga urinishini taxmin qilmoqda
Yevropa Ittifoqidagilar fikricha, Kremlning Yevropaga hujumi uchun «imkoniyatlar oynasi» hozir ochiq. Ammo baribir bu ssenariyni ehtimoldan yiroq deb hisoblashadi.
Foto: Sergey Bobylev / Sputnik / Profimedia
Yevropa davlatlari hukumatlari Rossiya NATOning mustahkamligini sinab ko‘rishga va yaqin ikki yil ichida alyans a’zolaridan biriga zarba berishga harakat qilishini taxmin qilmoqda, deb yozadi Politico manbaga tayanib. Bryusseldagilar hozirda Vladimir Putin uchun «imkoniyatlar oynasi» ochiq, deb hisoblaydi.
Nashr buning ikki sababini keltiradi. Birinchidan, AQShda hokimiyat yana ikki yil davomida Donald Trampda bo‘ladi, u esa so‘nggi vaqtlarda NATO bo‘yicha ittifoqchilardan arazlagan va ularni himoya qilishiga kafolat bermayapti. Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining o‘z mudofaasini kuchaytirishga qaratilgan shoshilinch choralari reja bo‘yicha faqat 2030 yilga borib haqiqiy natijalarni berishi mumkin.
Manbalardan biri Politico nashriga Yevropadagilar nimadan xavotirda ekani bo‘yicha shunday deydi: agar respublikachilar noyabr oyida kongressga bo‘ladigan saylovlarda yomon natija ko‘rsatadigan bo‘lsa, unda Tramp NATO va Yevropaga bosimni yanada kuchaytirishi, Putin esa bundan foydalanib qolishi mumkin.
Shu bilan birga, Bryusselda bu variantni ehtimoldan yiroq deb hisoblaydiganlar ham yetarlicha – ularning fikricha, Rossiya Ukraina bilan urushda holdan toygan va «ikkinchi front»da urush olib borishga qodir emas.
Yevroparlamentning xalqaro ishlar qo‘mitasi a’zosi Mika Aaltola Politico nashri bilan suhbatda to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum emas, balki qandaydir gibrid ssenariy ehtimoli ko‘proq ekanini aytadi. Masalan, Putin chegaradosh hududda provokatsiya keltirib chiqarishi hamda NATOda bu provokatsiya Beshinchi moddani faollashtirish masalasida bo‘linishga olib kelishiga umid qilishi mumkin. Shu tariqa, Kreml AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochgan holda Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilariga bosim o‘tkazgan bo‘lardi.
Aaltolaning fikricha, bu Boltiqbo‘yi dengizida yoki Artktika mintaqasida dronlar qo‘llagan holda qandaydir amaliyot o‘tkazish bo‘lishi mumkin. Agar chegara orqali to‘laqonli bosqin amalga oshirilmasa, AQSh bunday vaziyatda «bu u qadar muhim emasligi»ni aytishi va Yaqin Sharq bilan bandligi sharoitida Yevropaga «Rossiya bilan muzokara olib borish»ni taklif qilish bilan cheklanishi mumkin, deb hisoblaydi parlamentariy.
Shu bilan birga, rasmiy baholarda to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv ehtimoli pastligicha qolmoqda. «Men buning ehtimoli juda past deb hisoblayman. Putinning bunday qadamlarining o‘z chegarasi bor – ayniqsa, natija kafolatlanmagan bo‘lsa», – deydi Politico nashriga NATOning yuqori martabali diplomati.
Yevropadagi mudofaa idoralaridan biridagi manba ham RF hukumati uzoq muddatli istiqbolda G‘arb bilan qarama-qarshilikka moyil bo‘lsa-da, Rossiya armiyasi yaqin kelajakda Ukraina bilan urushda band bo‘lishi tufayli NATO mamlakatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid yo‘qligini ta’kidlaydi. «Bu xotirjamlikka berilish mumkin degani emas», – deya qayd etadi u.
Estoniya prezidenti Alar Karis ham xuddi shunday fikr bildirgan. U Rossiya hozir «Ukrainada juda band» ekani va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan biriga qarshi yana bir urush olib borish uchun yetarli imkoniyatlarga ega emasligini aytadi. Ammo rasmiylar baribir bu ssenariyni istisno qilmasligi va unga tayyorgarlik ko‘rishi – chunki o‘z vaqtida «Ukrainada urush bo‘lishini ham hech kim kutmagani»ni ta’kidlaydi.
Mavzuga oid
09:23
Rossiya 2024 yildan beri birinchi marta Ukraina bilan urushda hududlarini yo‘qota boshladi
21:13 / 03.05.2026
Yaqin Sharqdagi urush NATO mamlakatlari Rossiya bilan urushga tayyor emasligini ko‘rsatdi
18:04 / 03.05.2026
Ukraina Boltiqbo‘yidagi neft obektlariga zarba berdi
17:02 / 03.05.2026