Jahon | 18:41 / 13.10.2025
14112
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya–Ukraina urushi “teng kurash” bosqichiga o‘tyaptimi?

Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Rossiya–Ukraina urushining borishidagi so‘nggi tendensiyalar yuzasidan munozaraga kirishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Anvar Yo‘ldoshev: Hozir front chizig‘i taxminan 1 200 kilometrga cho‘zilgan va ikkala tomondan ham hujumlar davom etmoqda. Ayrim hududlarda Ukraina Rossiya egallab olgan hududlarini qaytarib olishga urinyapti. Rossiya esa Xarkov tomonida oldinga yurishga intilyapti. Umuman olganda, katta siljishlar yo‘q, front nisbatan barqaror qolmoqda.

Har ikki tomon ham yutuqlarni da’vo qilyapti. Rossiya ba’zi hududlarni egallaganini, Ukraina esa Donbass va boshqa joylarda kichik qishloqlarni qaytarib olganini bildiradi. Hozirgi holatni umumlashtirib aytganda, 2025 yilda Rossiyaning hozirgacha egallagan maydoni taxminan 4 900–5 000 kvadrat kilometr atrofida ekan, biroq ba’zi joylarda ular hududlarni qaytarishga majbur bo‘lgan.

Shuhrat Rasul: Xalqaro urushni o‘rganayotgan tashkilotlar va Ukraina iddaolariga ko‘ra, 2022 yil noyabridan hozirgacha Rossiya Ukrainadan taxminan 5 842 kvadrat kilometr hududni qo‘shimcha ravishda egallagan. Bu Ukraina umumiy maydonining 0,97 foiziga teng. Bu haqda hatto prezident Putin ham bayonot berdi.

Endi urush paritetli va simmetrik shaklga kirdi. Bu degani, teng urush ketyapti. Avval urush asosan Ukraina hududiga zarba berish shaklida bir tomonlama ketayotgan edi, hozir esa ikkala tomondan ham bir-biriga teng javob berish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Ukraina ham Rossiyaga nisbatan teng darajada zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lyapti. Ukrainaning uzoq masofaga uchuvchi dronlari hamda raketalari soni va imkoniyatlari kundan kunga oshmoqda.

Bu faqatgina AQSh berishi kutilayotgan “Tomahawk” raketalari masalasi emas, hamkorlar tomonidan boshqa turdagi harbiy yordam ham yuborilyapti. Bu qurollarning yetkazilishi Ukraina tomoniga sifat jihatidan Rossiyaga nisbatan teng kurashish imkonini beradi, ya’ni urush paritetli va simmetrik xarakter kasb etmoqda.

Urush davomida Rossiya Ukrainadagi kommunikatsiya markazlari, energetika infratuzilmasi va iqtisodiy obektlarga zarba berib, katta zarar yetkazgan edi, endilikda Ukraina ham shunga munosib javob bera olish kuchiga ega bo‘lyapti. Misol tariqasida, hozirda Ukraina o‘zida mavjud dronlardan foydalanib, Rossiyaning ayrim neft korxonalariga jiddiy zarba berganini qayd etish mumkin. Bu imkoniyatlar va zarbalarning kuchi keyingi davrlarda yanada oshishi kutilmoqda. Natijada agar urush davom etsa, faqat Rossiyaning hujumlariga asoslangan faza ortda qolib, raqobat va o‘zaro zarbalar bilan xarakterlangan yangi bosqich, ya’ni qisman paritetli va simmetrik urush bosqichi kuchayishi ehtimoldan yiroq emas.

Oybek Sirojov: So‘nggi vaqtlarda e’tiborga molik muhim jihat shundaki, Rossiya qish fasli kirayotganidan foydalanib, Ukraina infratuzilmasiga, asosan isitish va energetika tizimlariga zarbalar bermoqda. Xuddi shunday Ukraina ham Rossiya shaharlarida blekautni yuzaga keltirish bilan dag‘dag‘a qilyapti.

Xalqaro kuchlar tomonlarni muzokaraga undashga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, har ikki tomonda ham urushni davom ettirishga moyil guruhlar va siyosiy to‘siqlar mavjudligi murosaga erishishni qiyinlashtiradi. Nazarimda, Rossiya aynan mana shunday urushparvar kuchlarni bosib qo‘yish uchun, jamiyatda “mayli endi, hududlar bo‘yicha yon berib bo‘lsa ham, tinchlikka erishaylik” degan kayfiyatni shakllantirish uchun harakat qilyapti.

Donald Tramp Ukrainaga yon bosyapti, deyapsizlar. Lekin u birinchi navbatda AQSh manfaatini o‘ylayapti. U qurol berayotgani yo‘q, qurol sotyapti. Kezi kelganda, qurolini jahon bozorida qimmatroq sotyapti. Rosa taroziga solib-solib sotyapti.

Trampning strategiyasida bu urushga nuqta qo‘yish masalasi bor. U avvalroq: “Agar bog‘da ikkita bola urushayotgan bo‘lsa, qo‘yib berishi kerak urushishiga. Avval urushib olishsin, keyin yarashtirsa bo‘ladi”. Menimcha, u hozir yana shu pozitsiyada: tinch yo‘l bilan hal qilishni xohlamaysanmi, mayli, urush.

Kamoliddin Rabbimov: Donald Trampning urushga nisbatan yondashuvi o‘zgarib bormoqda. U saylov kampaniyasi davomida “Ukraina–Rossiya urushini bir kunda to‘xtataman”, degan va’da bergan edi. Biroq hokimiyatga kelganidan keyin bu jarayonning murakkabligini tan olib, “bu urushni bir kunda hal qilib bo‘lmaydi”, dedi. Tramp o‘z nutqlarida ilgari sakkizta urushni diplomatik yo‘l bilan to‘xtatganini ta’kidlarkan, Rossiya–Ukraina mojaro­si “eng murakkab va yechimi qiyin urush” ekanini aytmoqda.

Uning fikricha, asosiy muammo tomonlarning tinchlik kelishuvini istamasligi. Trampning nazarida, ayniqsa Rossiya sulhga tayyor emas. Aslida, ikkala tomon ham bir-biriga qabul qilib bo‘lmaydigan shartlarni qo‘ymoqda va hech biri to‘liq g‘alaba qozonish holatida emas. Putin Ukraina bilan kelishuvga borib, uning shartlarini qabul qilsa, Rossiya ichkarisida “Z-patrio­tlar” uni xoin deb ko‘rishi mumkin. Bu esa ichki siyosiy inqirozni keltirib chiqaradi. Shu bois Putin urushni davom ettirib, Ukraina ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish orqali sobiq sovet hududini qayta tiklash yo‘lidagi strategik maqsadini saqlab qolmoqchi.

Ukraina esa aksincha, iqtisodiy va harbiy jihatdan G‘arb bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Amerika bilan dron ishlab chiqarish bo‘yicha bitim imzolangan. Fransiyaning “Renault” kompaniyasi kabilar Ukraina g‘arbida qurol-aslaha ishlab chiqaruvchi zavodlar qurmoqda. So‘nggi oylarda Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi munosabatlar nisbatan barqarorlashgan. Tramp avvalgi tanqidlariga qaramay, hozirda Ukrainaga yaqin pozitsiyada turibdi. U yordamni sharsiz berishni istamasa-da, uning siyosiy nuqtayi nazarida urushni to‘xtatishga asosiy to‘siq aynan Putin ekani ochiq aytilmoqda.

Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid