Ukraina hujumlarni amalga oshirish va nisbatan kam sonli askarlarini xavf-xatardan uzoqroq tutish uchun raketa yoki bombalar bilan qurollangan yerusti apparatlaridan foydalanmoqda.

Bugungi kunda inson kuchi jang maydonidagi eng hal qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda. Urushlarda asosan robotlar qatnashadigan kelajak hali uzoqdek tuyuladi. Ammo Ukraina o‘zining texnologik yutuqlarini namoyish etish orqali G‘arbdagi hamkorlariga son jihatdan kam bo‘lgan armiyasi jangni davom ettira olishini ko‘rsatishga intilmoqda.

Xususan, Kiyev armiyada shaxsiy tarkib yetishmovchiligi bilan kurashmoqda va askarlar orasida katta yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymasdan o‘zini himoya qilish yo‘lini topgandek. New York Times nashri Ukraina qanday qilib janglarning ko‘proq qismini uchuvchisiz tizimlar va robotlarga topshirishga harakat qilayotgani haqida hikoya qildi.

O‘tgan haftadagi chiqishida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ular endilikda Rossiya pozitsiyalarini faqat avtomatlashtirilgan qurollar yordamida egallashi mumkinligini ta’kidlagandi.

Dronlardan robotlargacha

Dastlab Ukraina jang maydonida asosiy e’tiborni – front chizig‘i osmonini to‘ldirgan, har qanday harakatni kuzatib turadigan va hujum qiladigan kichik havo dronlariga qaratgandi. Bugunga kelib, ular uchuvchisiz tizimlarni nafaqat havoda, balki suv ostida va quruqlikda ham ishga solmoqda.

Yerusti robotlari ko‘pincha xavfli hududlarda yuk tashish va tibbiy evakuatsiya qilish uchun ishlatilsa-da, Ukraina ulardan hujumlar uyushtirishda ham borgan sari ko‘proq foydalanmoqda.

Ukraina mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda (mart oyida) armiya portlovchi moddalar, pulemyotlar yoki raketalar bilan jihozlangan uchuvchisiz yerusti apparatlari yordamida frontda 9000dan ortiq vazifalarini bajargan.

Konstantinovkada Rossiya droni tomonidan yo‘q qilingan Ukraina yerusti roboti / Foto: NYT

Taqqoslash uchun, 2025 yilning noyabr oyida bunday operatsiyalar soni 2900 tani tashkil etgan. Bir yil avval esa robotlar bilan operatsiyalar kamdan kam uchragan va faqat tajriba tariqasida bo‘lardi.