Jahon | 15:16 / 14.10.2025
4708
2 daqiqa o‘qiladi

BND prezidenti Rossiya bilan ziddiyat kuchayishiga tayyor turishga chaqirdi

Germaniya Federal razvedka xizmati rahbari Yyeger Rossiya bilan ziddiyat 2029 yilda emas, hozirdan avj olishiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirmoqda. Kreml G‘arb chegaralarini sinab ko‘rmoqchi, deydi u.

Martin Yyeger Foto: NurPhoto / Maxym Marusenko

Germaniya Federal razvedka xizmati (BND) rahbari Martin Yyegerga ko‘ra, Rossiya bilan mojaroning kuchayishiga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rish kerak. «Rossiyaning ehtimoliy hujumi 2029 yildan oldin sodir bo‘lmaydi, deb o‘ylab, bo‘shashmasligimiz kerak. Biz bugun allaqachon xavf ostidamiz», — dedi u 13 oktyabr, dushanba kuni Bundestagning razvedka qo‘mitasida.

«Eng yaxshi holatda Yevropada muzdek tinchlik o‘rnatildi, u har qanday daqiqada qizg‘in qarama-qarshilikka aylanib ketishi mumkin. Biz vaziyatning yanada keskinlashishiga tayyor bo‘lishimiz kerak», deb davom etdi Yyeger tinchlik va urush o‘rtasidagi chegaralar tobora xiralashib borayotganini ta’kidlab. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius avvalroq Rossiya 2029 yilgacha NATO hududiga zarba berishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Martin Yyegerning fikricha, Kreml G‘arb chegaralarini sinab ko‘rmoqchi: NATOga putur yetkazish, Yevropa demokratiyasini beqarorlashtirish, jamiyatlarni bo‘lish va qo‘rqitish: «Yevropa qo‘rquv va harakat qila olmaslik tufayli falaj bo‘lib, o‘zini-o‘zi inkor qilishgacha olib borilishi kerak». Moskvaning maqsadi, BND rahbarining fikricha, iqtisodiy jihatdan ustun Yevropani unga qaram qilishdir. Bunga erishish uchun Kreml saylovlar va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish, tashviqot, provokatsiya, dezinformatsiya, qo‘rqitish, josuslik, diversiyalar, havo hududini buzish, buyurtma qotillik va surgundagi muxolifat vakillarini ta’qib qilishga tayanadi, deydi Yyeger.

Martin Yyegerning BND rahbari etib tayinlanishi ehtimoli 2025 yil iyun oyida ma’lum bo‘ldi. Der Spiegel haftaligi o‘sha paytda uning rahbarligida xizmat sezilarli darajada ko‘paygan mablag‘ni olishini va yo‘nalishini o‘zgartirishini ta’kidladi. U shu yilning sentabr oyida rasman lavozimga kirishdi.

Mavzuga oid