Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azo sektorida sudsiz qatllar kuzatilmoqda – OAV
Isroil bilan hamkorlikda ayblangan falastinliklar jazolanayotgani ta’kidlanmoqda.
Foto: AFP/Getty Images
HAMAS G‘azo sektorida Isroil bilan hamkorlikda ayblangan falastinliklarni jazolash uchun sudsiz qatllarni amalga oshirmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan beri guruh jangarilari «xavfsizlikka tahdid solayotgan» va «Isroil uchun ishlayotgan» qurolli guruhlarga qarshi harakat qilayotganini da’vo qilib, kamida 33 kishini o‘ldirgan.
The Insider nashri HAMAS harakatining rus tilidagi Telegram-kanalida yetti kishining qatl etilgani aks etgan videoni topdi. Rolikka qo‘yilgan izohda shunday deyiladi: «HAMAS Isroil bilan hamkorlikda aybdor bo‘lganlarni qatl qilmoqda. Isroil uchun ishlagan, G‘azo ichida Qarshilik kuchlari bilan kurashganlarning barchasi topiladi va jazolanadi».
The Insider tomonidan o‘tkazilgan metama’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, ikkala fayl ham 2025 yil 13 oktyabr kuni kechqurun yaratilgan va tahrirlash belgilarini o‘z ichiga olmaydi.
O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvdan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp HAMAS G‘azoda politsiya vazifasini bajarish uchun vaqtinchalik ruxsat olganini aytdi. Tramp so‘zlariga ko‘ra, bu qaror xalqaro nazorat ostidagi Falastinning yangi hokimiyati shakllangunga qadar anklavda tartibsizlik va talonchilikning oldini olishi kerak. HAMAS o‘z jangchilari «jamoat tartibini saqlashi» va «jinoyatchilikning oldini olishini» da’vo qilmoqda.
Qatllar seriyasi HAMAS harakatining mahalliy qurolli klanlar, birinchi navbatda, vakillari an’anaviy ravishda G‘azo shahrining bir qismini nazorat qilgan Dog‘mush urug‘iga qarshi ichki to‘qnashuvlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Haaretz ma’lumotlariga ko‘ra, aynan shu klan so‘nggi haftalarda hamaschilarning asosiy raqibiga aylangan, uning jangchilari bir qismi Isroil bilan hamkorlik qilishda va «Izzaddin al-Qassam brigadasi» bo‘linmalariga hujum qilishda ayblangan.
Arablarning Asharq Al-Awsat gazetasi xabariga ko‘ra, HAMAS xavfsizlik kuchlari Dog‘mush oilasi a’zolarining uylarini qamal qilib, kamida 20 kishini o‘ldirgan, o‘nlab kishilar hibsga olingan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bunga guruhning urush paytida klan ta’sir doirasiga o‘tgan hududlar ustidan nazoratni tiklashga intilishi sabab bo‘lgan.
Sharqshunos Ruslan Sulaymonov The Insider nashriga bergan sharhida Dog‘mush uzoq vaqtdan beri HAMAS muxolifi bo‘lib kelganini, shu bilan birga ular Isroilni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortganini ta’kidladi:
«Dog‘mush - uzoq vaqtdan beri hamaschilarning G‘azo ustidan nazoratidan norozi bo‘lgan nufuzli oila. Shu bilan birga, klan vakillari Isroilning qo‘llab-quvvatlash takliflarini rad etdi. HAMAS «hamkorlar bilan kurashish» bahonasida tozalashlar o‘tkazmoqda va barcha nomaqbullarni yo‘q qilmoqda. Dog‘mush hozir HAMAS kurash boshlagan yagona urug‘ emas».
Mavzuga oid
12:51
«Haqiqat bo‘lishiga juda kuchli asoslar bor» – BMT bosh kotibi G‘azodagi urush jinoyatlari haqida
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
14:08 / 01.12.2025
Rim papasi: Falastin davlatini tuzish - yagona yechim
08:29 / 01.12.2025