Ta’lim | 11:24 / 21.11.2025
903
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi kampusi tashkil etilmoqda

BMTning Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyati tashkil etiladi. U “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tuzilmasiga kirib, turizm sohasi mutaxassislarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida qayta tayyorlash va malaka oshirishga ixtisoslashadi.

“Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ–350-son, 2025 yil 20 noyabr) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida tashkil etilgan Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi (Akademiya) uchun quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi, jumladan:

  • dunyoning eng nufuzli top-10 reytingiga kirgan ta’lim tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatish va mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
  • 1 oygacha bo‘lgan malaka oshirish hamda 8 oygacha bo‘lgan qayta tayyorlash o‘quv kurslarini tashkil etish.

Akademiya “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tuzilmasiga kiritiladi. O‘qitish O‘zbekistonda amaldagi ta’lim shakllarida o‘zbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi.

2025 yil 1 dekabrdan boshlab:

  • turizm sohasi sub’yektlari mutaxassislari shartnoma asosida qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi;
  • har yili Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo davlatlarning 100 nafar iqtidorli mutaxassisi uchun Akademiyaning qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarida ta’lim olish uchun maxsus grant ajratiladi.

Mazkur qaror Samarqandni xalqaro turizm ta’limi markazlaridan biriga aylantirish, sohada malakali kadrlar tayyorlash va turizm salohiyatini yanada oshirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish