Jahon | 07:15 / 22.11.2025
13603
2 daqiqa o‘qiladi

Yerdan tashqari okeanlar: Quyosh tizimida suvning asosiy zaxirasi qayerda?

Suv haqida gap ketganida, tasavvurda deyarli doim Yer namoyon bo‘ladi - yuzasining katta qismini okeanlar qoplagan sayyora. Biroq so‘nggi o‘n yilliklardagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, suv - uning barcha ko‘rinishlarida - biz o‘ylaganimizdan ancha keng tarqalgan va Yerdan tashqarida ham juda ko‘p.

Foto: AP

Ayniqsa, Titan va Ganimed kabilar hayratlanarli. Yuzasi — muzliklardan iborat sahrolar. Ammo chuqurroqqa nazar tashlansa, Yerdagiga o‘xshamaydigan butunlay boshqa tuzilmalar ochiladi.

Taxminlarga ko‘ra, Ganimeddagi muzosti okeani 150 kilometr chuqurlikkacha yetadi. Bundan tashqari, ehtimol u “qavatlarga” bo‘lingan: avval suv qatlami, so‘ng muz qatlami, yana suv, va shu tarzda davom etadi.

Biroq suv ancha kutilmagan joylarda ham uchraydi. Masalan, Oyda. Uning yuzasi mutlaqo quruqdek tuyuladi — ammo quyosh nuri yetib bormaydigan joylarida muz zaxiralari yashiringan.

So‘nggi yillardagi eng muhim kashfiyotlardan biri — Yevropa (Yupiter yo‘ldoshi) qay darajada “suvli” ekanini anglash bo‘ldi. O‘lchami jihatdan Oydan kichikroq bo‘lgan bu yo‘ldosh muzpanjara bilan qoplangan, uning qalinligi taxminan 20 kilometr deb baholanyapti. Shu muz qatlami ostida esa chuqurligi taxminan 100 kilometrga yetuvchi okean yashiringan. Undagi suv miqdori Yerdagi barcha okeanlardan kamida ikki barobar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Ushbu suvli joylar miqyosini tasavvur qilish va yuqorida keltirilgan infografikani yaratish uchun mutaxassislar okeanlar chuqurligi va muz qalinligi bo‘yicha e’lon qilingan ko‘rsatkichlarni suv hajmiga aylantirgan. Yerga oid ma’lumotlar AQSh Geologik xizmati (United States Geological Survey)ning suv reyestridan olingan. Yevropa, Ganimed, Titan va boshqa uzoq jismlarga oid hajmlar esa NASA’ning turli missiyalari ma’lumotlari asosida hisoblab chiqilgan.

Mavzuga oid