Sport | 17:08 / 23.11.2025
14704
2 daqiqa o‘qiladi

Shaxmatchi Javohir Sindarov Jahon kubogi finaliga chiqdi

U yarimfinalda yana bir o‘zbekistonlik Nodirbek Yoqubboyevni mag‘lub etdi.

Foto: FIDE

Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha 2025 yilgi Jahon kubogi (FIDE World Cup 2025) davom etmoqda. Musobaqa jahon chempionini emas, balki jahon shaxmat tojiga da’vogarlarning 2026 yilgi turniri ishtirokchilarini aniqlaydi.

Musobaqa yarimfinalida o‘zbekistonlik ikki shaxmatchi to‘qnash keldi. Javohir Sindarov juda qiyin bahsda Nodirbek Yoqubboyevni 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. U finalga chiqish bilan birga jahon shaxmat tojiga da’vogarlarning 2026 yilgi turniriga ham yo‘llanma oldi. Bu o‘zbek shaxmati tarixida birinchi marta ro‘y berdi. Endi Javohir Sindarov finalda xitoylik Vey I bilan bahslashadi.

Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev

Nodirbek Yoqubboyev esa uchinchi o‘rin uchun bahsda neytral bayroq ostida dona surayotgan Andrey Yesipenko bilan to‘qnash keladi. Bu o‘yin g‘olibi ham jahon shaxmat tojiga da’vogarlarning 2026 yilgi turniriga yo‘l oladi.

Shaxmat tojiga da’vogarlarning 2026 yilgi turniri 28 martdan 16 aprelga qadar Kiprda o‘tkaziladi. Unda 8 nafar shaxmatchi ishtirok etadi. Hozircha musobaqaga yo‘llanma olganlar: Fabiano Karuana (AQSh), Anish Giri (Niderlandiya), Mattias Blyubaum (Germaniya), Xikaru Nakamura (AQSh), Javohir Sindarov (O‘zbekiston), Van I (Xitoy).

Musobaqa g‘olibi dunyo shaxmat tojining amaldagi egasi – hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib boradi.

Mavzuga oid