Jahon | 21:23 / 23.11.2025
11332
12 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Amerika Ukrainani «sotmoqchi» - hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 23 noyabr, yakshanba. Qish kelishiga bir hafta qoldi, lekin hamon havo sovib ketmadi. Bu borada energetiklarning omadi keldi desak bo‘ladi. Axir odatda noyabr ham qish hisobida sovuq kelardi. Lekin baribir bo‘shashishga haqqimiz yo‘q, o‘tin va ko‘mirni g‘amlab, elektr uchun ko‘proq to‘lov qilib qo‘yish kerak, qish issiq kelmasligi aniq. Biz noyabrning «anomal iliq» kunida odatdagiday haftaning muhim voqealarini eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ukrainani «sotishmoqchi»

Haftaning eng muhim voqeasi Tramp boshchilik Amerika Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha «tinchlik rejasi» ishlab chiqqani bo‘ldi. O‘zi buni tinchlik rejasi deb bo‘lmaydi. Tramp bir hafta ichida imzolanishini talab qilayotgan «reja»da amalda Ukraina kapitulyatsiyasi ko‘zda tutilgan.

Vashington Trampning «reja»sini Moskva hamda Kiyevga taqdim etdi. 28 banddan iborat «reja» (aniqrog‘i ultimatum)ga ko‘ra, Ukraina Donbassni to‘liq tashlab chiqarkan, Zaporijjya va Xersonda front muzlatilarkan, Trampning Amerikasi Donetsk, Luhansk va Qrimni Rossiyaniki deb tan olarkan. Ukraina Donetsk oblastidagi hozir nazorat qilayotgan shaharlarini ham tashlab chiqishi kerak ekan.

Ukraina armiyasi 600 ming kishigacha qisqartirilarkan. Ukraina o‘z konstitutsiyasini o‘zgartirib, «hech qachon NATOga a’zo bo‘lmasligini» qonuniylashtirib qo‘yarkan, NATO ham «Ukrainani hech qachon o‘z tarkibiga qo‘shmaslik» bo‘yicha hujjat qabul qilarkan.

Diqqat qiling: Rossiyaning 100 milliard dollar muzlatilgan pullaridan bir qismi (ha, bir qismi!) Ukrainani tiklashga ishlatilarkan, undan 50 foiz foydani Amerika olarkan va undan ham qolgani Amerika — Rossiya investitsion loyihalariga ishlatilarkan. Yarmi Amerikaga, bir qismi Amerika — Rossiya fondiga. Janoblar, Ukrainaga qanchasi qoldi? Bu mamlakat qanaqa vayronaga aylanganini ko‘rganmisiz o‘zi?

Demak, Trampning «fenomenal reja»sidagi bandlarni sanashda davom etamiz. To‘rt yildan buyon Ukraina yerlarini egallash bilan band bo‘lgan Rossiyadan barcha sanksiyalar olib tashlanarkan, Moskva «Katta sakkizlik»ka qaytarilarkan. Qiziq, Rossiya qanchadan qancha xorijiy brendlar aktivlarini «milliylashtirishga» ulgurdi, sanksiyadan keyin ular qaytsa, nima qilisharkin? Masalan, McDonalds egalari Rossiyaga qaytib qarashsa, kafelarining tepasida «Vkusna i tochka» degan yozuvni ko‘rishadi.

Trampning «tantiligini» qarang: har ikki tomonning urush davomida qilgan barcha ishlari kechirilarkan, ularga amnistiya berilarkan. Beruniy bobomiz «Huv ana u yerlardayam odam yashaydi», deb ko‘rsatgan amerikaliklar Yevropa sharqiga kelib, qilingan harbiy jinoyatlar uchun amnistiya e’lon qilarkan. Qiziq, ularga kim bunday vakolat berdi?

Rejadagi eng g‘alati yeri shuki, Rossiya hech qanday chekinishga bormaskan. Masalan, Rossiya Qrim va 2022 yildan keyin egallagan to‘rt oblastdan tashqari boshqa yerlardan qo‘shinlarini olib chiqib ketarkan. Janoblar, ruslar bu to‘rt oblastdan boshqa yana qayerlarni egallagan o‘zi? Ruslar oxirgi vaqtlarda Kupyanskni egallab olgandek taassurot uyg‘otishga harakat qilmoqda, balki shu yerdan chiqib ketishar. Agar muzokara davomida bu bandni ham oldirib tashlashmasa.

Trampning rejasiga ko‘ra, Rossiya «Ukraina va Yevropaga hujum qilmaslik majburiyatini» olarkan. Qaysi ko‘rinishda? Nega Ukraina kabi konstitutsiyasida yozib emas? Qizig‘i shundaki, Rossiya Ukrainaga hujum qilganini hech qachon tan olmagan. 2022 yil 24 fevralda boshlangan urush Moskvaga ko‘ra bosqin emas, shunchaki «SVO», «maxsus harbiy amaliyot». Masalan, kelishuv imzolanib, hammasi tinchib ketganidan bir necha yil o‘tib, Moskva yana «SVO» boshlasa, bu Tramp rejasiga zid bo‘lmaydi. Chunki Moskva buni hech qanaqasiga Ukrainaga hujum qilish deb tan olmaydi. Ana shunaqa mantiqsizlik. Stiven Uitkoff degan «dom» quruvchi milliarder tuzgan rejadan mantiq izlash ham mantiqsizlik aslida.

Korrupsion mojaro

Ukrainadagi korrupsion mojaro Kiyev uchun muammolar tug‘dira boshladi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Tramp aynan mana shu mojaro fonida Ukraina tinchlik kelishuvi imzolashini talab qilmoqda. AQSh prezidenti bu haqda ochiq gapirgani yo‘q, lekin Vashington Kiyevga generallarini yuborib, «Bir hafta ichida kelishuv imzolamasangiz, yanayam og‘ir shartlarga ko‘nishga majbur qilamiz», deyayotganiga qaraganda, aynan Ukrainada avj olgan korrupsion mojaro Kiyevning Vashington oldidagi obro‘sini yer bilan bitta qilgan.

Tramp hukumatga qaytganidan keyin doim Ukrainaga yordamni tanqid qilar, «Amerika bergan pullar qayerga ketgani noma’lum ekani» haqida ko‘p gapirardi. Bu gumonlar ukrainlarning o‘zi ochgan korrupsion mojaro fonida isbotini topdi. Yevropa Ittifoqidagi Ukrainaning eng katta tanqidchisi Viktor Orban «Mindich ishi»dan keyin yanada agressiv chiqishlar qildi: «Piyonistaga sharob beryapsizlar», dedi xususan Mojariston bosh vaziri ittifoqning Ukrainaga yordami haqida.

Generallar vositachi rolida

AQSh Ukrainaga bosim qilayotgani haftaning eng muhim voqeasi bo‘ldi, shu sabab bugungi dayjestni mana shu jiddiy mavzu atrofida tuzishga majburmiz. Demak, Tramp Ukrainadagi urush bo‘yicha kelishuv imzolashga yangi mas’ul tayinladi — Armiya vaziri Den Driskoll. G‘arb nashrlarining yozishicha, Driskoll AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensning sinfdoshi va do‘sti. Shu yerda ham tanish-bilishchilik.

Mish-mishlarga ko‘ra, Driskoll jo‘rasi Vens bilan gaplashib turganda «Meni mas’ul qilsangiz, Ukrainani kelishuv imzolashga ko‘ndirib beraman», degan ekan. Driskoll boshchilik yuqori martabali generallar hafta davomida Kiyevga borib Zelenskiy bilan uchrashdi. Qog‘ozga o‘ramay aytadigan bo‘lsak, amerikalik generallar Ukrainaga ochiqchasiga bosim o‘tkazgan.

Vositachi sifatida quruvchi Uitkoff emas, harbiy generallar tanlanganini ham tushunish mumkin. Chunki generallar jang maydonidagi holatdan kelib chiqib aniq gapiradi. Va ular Uitkoffdan farqli o‘zi bilan tarjimon olib yursa kerak, ularni tushunish oson.

Kiyevga bosim

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy amerikalik generallar bilan uchrashuvdan keyin ko‘p narsadan darak beradigan chiqish qildi. Ukrainlarga murojaatida Zelenskiy mamlakat jiddiy bosim ostida ekanini aytdi.

«Hozir tariximizdagi eng qiyin damlardan biri, qiyin tanlov oldida turibmiz: yoki sha’nimizni yoki eng asosiy ittifoqchimizni yo‘qotamiz. Yoki 28 bandli [shartni] qabul qilamiz yoki og‘ir qahraton qishni kutib olamiz. Bizga ikki marta hujum qilganlarga ishonishimizni so‘rashmoqda va tez javob berishimizni istashyapti.

Biz xotirjammiz. AQSh va hamkorlar bilan ishlaymiz, dushman «Ukraina tinchlik xohlamayapti» deyishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Men tinchlik rejasida ukrainlarning qadr-qimmati, erkinligi hisobga olinishi uchun kurashaman.

Biz to‘rt yildan beri dunyodagi eng katta armiyalardan birini to‘xtatib turibmiz. Odamlarimiz urush tugashini istaydi. Ha, biz po‘latdek mustahkammiz, ammo eng mustahkam metal ham bardosh berolmay qolishi mumkin ekan. Biz urushning birinchi kuni qochib qolmadik. Rossiya uchun eng qo‘rqinchlisi Ukraina birdamligi. Men yolg‘iz emasligimga ishonaman», dedi Zelenskiy millatga murojaatida.

Zelenskiyning chiqishidan, uning gapirish ohangidan bir xulosaga kelish mumkin: Amerika Ukrainaga bosim qilmoqda. Ular Zelenskiyga «Agar Rossiyaga yerlaringni berib, kelishuv imzolamasang, Ukrainaning boshiga og‘ir kunlarni solamiz, o‘ylab ko‘r, qish kelyapti», deyishyapti. Buning nomini tahdid deyishadi.

Yevropalik yuqori martabali mulozimning aytishicha, general Driskoll Zelenskiy bilan uchrashuv vaqtida o‘zini juda qo‘pol tutgan, hatto ko‘p marta haqoratli so‘zlar ishlatgan. U Trampning buyrug‘i bilan Ukraina 27 noyabrgacha kelishuv imzolashini talab qilgan. Bilasizmi, nega aynan shu kungacha? Chunki AQShda 27 noyabrda Minnatdorlik kuni nishonlanarkan. Xuddi «Navro‘z bayramiga ko‘prik bitsin!» deganday.

Bu hafta dunyoda ko‘p voqealar bo‘ldi, lekin bizga juda yaqin bo‘lgan sarhadda bo‘lgan bu voqea barchasini bosib ketadi. Men boshqa muhim voqealarni sanab o‘tishda mantiq ko‘rmadim, qo‘lim ham bormayapti, to‘g‘risi.

So‘zimiz yakunida bo‘lib o‘tayotgan voqealar haqida o‘z fikrimni bildirmoqchiman. Ko‘z o‘ngimizda bir mustaqil davlatni uning xalqaro tan olingan mustaqil yerlariga bostirib kirgan, shaharlarini vayron qilgan boshqa bir davlatga bo‘ysundirmoqchi bo‘lishyapti. Buning nomini TINChLIK deyishyapti. Bu davlat bizga juda yaqinda joylashgan, yaqingacha biz bilan bir siyosiy tuzum ostida edi. Shu uchun uning taqdiriga befarq bo‘lolmaymiz.

Bugun Zelenskiy bilan Oq uyda talashib qolgan Jyey Di Vensning sinfdoshi bo‘lgan general Kiyevga borib ukrainlarga tahdid qilyapti, «Davlatingiz xavf ostida, kapitulyatsiyaga ko‘ning, bo‘lmasa bundan ham yomon bo‘ladi», deyapti. Bugun Tramp qaysidir bayramda chiroyli gap aytish uchun butun boshli davlat mustaqilligini qurbon qilmoqchi. To‘g‘ri, bugun kuch ular tomonda, ularning puli ko‘p, ta’sir doiralari katta, gapiga kirmaganlar boshiga yomon kunlarni solishadi, buni Yaqin Sharqda ko‘p ko‘rganmiz.

Lekin bugun Kiyevga borib haqoratomuz do‘q-po‘pisa qilayotgan generallar, ularning «Biror marta rahmat aytmading», deydigan sinfdoshlari, ularning oxirgi muddatini o‘tayotgan xo‘jayinlari bir narsani esdan chiqarishyapti. TARIXNI. Tarix juda adolatli, u tanish-bilishni bilmaydi, har voqeaga umuminsoniy qadriyatlar asosida baho beradi. Va bu tarixning yana bir qaysar odati bor: doim adolatni joyiga tiklab qo‘yadi. Qayerdadir erta, qayerdadir kech.

Bu o‘rinda ustozimiz Abdulla Qodiriydan o‘tkazib nimadir deyish qiyin. Mirzo Anvar aytganiday, «Siz nopok vijdon bilan g‘olibsiz, men sof vijdon bilan mag‘lubman»...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid