Jahon | 21:56 / 06.04.2026
2875
11 daqiqa o‘qiladi

Eronda fantastik operatsiya – hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun 6 aprel, dushanba. Ba’zi sabablarga ko‘ra, haftalik dayjest loyihasini bugun e’lon qilyapmiz. Bir tomondan yaxshi bo‘ldi, haftaning asosiy voqeasi – amerikalik uchuvchini Erondan qutqarish operatsiyasining asosiy tafsilotlari yakshanba kuni aniq bo‘ldi. Demak, hafta davomida Amerika fantastik qutqaruv operatsiyasi o‘tkazdi, Rossiyada internetni «bo‘g‘ish» yangi bosqichga chiqdi, Tramp NATOdan chiqish haqida o‘ylay boshladi.

Urush davom etadi

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi boshlagan urush davom etmoqda. «Epik g‘azab» «SVO»sining dastlabki soatlaridayoq Eron oliy rahbari Ali Xominaiy o‘lganiga qaramay, forslar qarshilikni davom ettirmoqda. Amerika urush boshidan buyon kamida yettita samolyot yo‘qotdi. 2 mart kuni kuvaytliklar adashib Amerikaning uchta F-15 qiruvchisini urib qo‘ydi, 12 mart kuni Iroqda yonilg‘i quyuvchi samolyot boshqa uchoqqa urilib portladi va olti amerikalik o‘ldi, 27 mart kuni Eron Amerikaning Saudiyadagi bazasiga hujum qilib, E-3 Sentry samolyotini yo‘q qildi. Kamida bitta F-35 Eron zarbasiga uchrab, qo‘nishga majbur bo‘ldi. Va oxirgi kunlarning eng asosiy voqeasi F-15 qiruvchi samolyoti urib tushirilishi bo‘ldi. Bu yo‘qotishlarning barchasi Amerika «Eron osmoni ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgani» haqida e’lon qilgan bir vaqtda sodir bo‘ldi.

Amerika Erondagi ko‘priklarni ura boshladi. Trampning aytishicha, Eron uning gapiga kirmasa, elektr stansiya va ko‘priklar yoppasiga raketa zarbasiga uchrashi mumkin ekan. Endi bu Rossiyaning Ukrainadagi bosqinini esga solmoqda. Ruslar harbiy maqsadlariga erisha olmagach, Ukrainadagi infratuzilma obektlarini yo‘q qilishga kirishgandi. Ko‘prik, stansiyalarni urish harbiy maqsadiga erisha olmaganlarning ishi. Jang maydonida kuchi tenglar to‘qnash kelsa, bunday zarbalarni ko‘rish mumkin. Lekin Amerika va Eronning kuchi aslo teng emas. Amerikaliklar ko‘priklarni ura boshlaganidan bir xulosaga kelish mumkin: ular urush boshlashda ko‘zlagan maqsadiga erisha olmadi.

Fantastik operatsiya

Shanba kuni Amerika armiyasi maxsus kuchlari Eron hududida juda kuchli qutqaruv operatsiyasi o‘tkazdi. Juma kuni Eron Amerikaning F-15 qiruvchi samolyotini urib tushirdi. Samolyotdagi ikki uchuvchi ham katapulta bo‘lishga ulgurgan. Asosiy uchuvchi bir necha soat ichida qutqariladi. Lekin ikkinchi uchuvchi Eron tog‘larida qo‘lida birgina to‘pponcha bilan bir kundan ortiq qolib ketadi.

Uchuvchini qutqarish chinakam tarixiy operatsiyaga aylanib ketdi. Unga yuzlab maxsus kuchlar zobitlari, MRB agentlari, Isroil armiyasi harbiylari jalb qilindi. Eron ham jim turmay, uchuvchini izladi, Amerika uchuvchisini asir olish ular uchun jiddiy yutuq axir.

Ikki uchuvchi parashyutdan yerga qo‘ngach, maxsus aloqa kanali orqali bir-biri bilan gaplashadi va geolokatsiyani bildiruvchi qurilmani yoqadi. Birinchi uchuvchini topish vaqtida amerikaliklar harbiy vertolyoti hujumga uchraydi, harbiylar yaralanadi, lekin pilot qutqarilib, vertolyot ham xavfsiz hududgacha uchib boradi.

Ikkinchi uchuvchini bir kundan ziyod qidirishadi. Uni topish uchun Pentagon Erondagi qolgan barcha amaliyotlarni to‘xtatib turdi. Samolyot, vertolyotlar katta tavakkal qilib, Eron osmoni uzra juda pastlab uchdi. Jarayonga kosmik razvedka ham jalb qilindi. Qidiruv jarayonida eronliklar yana bir samolyotni urib tushiradi, lekin bu gal uchuvchi fors ko‘rfaziga katapulta qilishga erishadi.

Amerikalik va eronlik harbiylar qidiruvdagi uchuvchiga deyarli bir vaqtda yaqinlashadi, hatto ular o‘rtasida otishma sodir bo‘ladi. Lekin amerikaliklar baribir uchuvchini birinchi bo‘lib topadi. Uchuvchi topilgach, evakuatsiyani amalga oshirishi kerak bo‘lgan ikki samolyot ham hujumga uchraydi. Shunda amerikaliklar qo‘shimcha uchta samolyotni evakuatsiya uchun yuborib, zarar ko‘rgan ikki samolyotni portlatib yuborishadi. Samolyotlar katta qiyinchilik bilan Eronni tark etib, Kuvaytga uchib ketadi.

Uchuvchini qutqarish uchun butun Amerika harbiy tashkilotlari safarbar qilindi. Hatto qutqarishni osonlashtirish uchun Eronda «uchuvchi allaqachon olib ketildi» degan yolg‘on tarqatishdi. Jarayonni Donald Tramp Vashingtondagi boshqaruv shtabida onlayn kuzatib, operatsiya tugashi bilan xabar berdi.

Amerika Eronda urush ochgani juda yomon, lekin to‘g‘risi, dushman hududiga kirib bu tarzda uchuvchini qutqarish chinakam fantastik operatsiya bo‘ldi. Albatta, Tramp urush boshlamaganida, bunaqa operatsiyaning keragi ham bo‘lmasdi, lekin baribir amerikalik harbiylarga qoyil qolish kerak. Hali bu haqda kinolar olishadi. Aytgancha, Isroil Erondan uchuvchini qutqarish haqida kino olib bo‘lgan. «Tehron» serialida maxsus kuchlar Mossad agenti bo‘lgan haker qiz Tamar Rabinyan yordamida Eronda asir tushgan uchuvchini qutqarishadi. Lekin amerikaliklar o‘tkazgan operatsiya chindan unikal.

Amerika samolyotlariga ruxsat yo‘q

Yana Amerika va samolyotlar haqida. Yevropa va AQSh o‘rtasida munosabatlar sovuqlashishda davom etmoqda. Ispaniya Yevropa davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib Eron bilan urushga ketayotgan AQSh samolyotlariga mamlakat osmonidan uchishni taqiqladi. Shuningdek, Madrid Ispaniyadagi Amerika bazalaridan Eronga qarshi urushda foydalanishga ham ruxsat bermadi.

Avvalroq Fransiya Amerikadan Isroilga qurol olib ketayotgan harbiy samolyotlarga o‘z osmonidan uchishga ruxsat bermagandi. Italiyada esa qo‘nishga ruxsat so‘ramay parvozni boshlagan Amerika samolyotlariga Sitsiyaladagi bazaga qo‘nishga ruxsat berilmadi. Bir yil avval bunaqa bo‘lishini tasavvur qilish qiyin edi. AQSh NATO a’zolari orasida xushlanmaydigan davlatga aylanib qoldi. Va oqibatda...

Tramp NATOdan chiqishni o‘ylay boshladi

...oqibatda Donald Tramp Amerikani NATOdan olib chiqish haqida jiddiy o‘ylay boshladi. Uning fikricha, alyans davlatlari Amerikaning Eronga qarshi urushida yordam berishi kerak ekan. Lekin Yevropadagi NATO davlatlari bu urushning alyansga aloqasi yo‘qligi haqida gapira boshladi. Olmoniya va Britaniya liderlari ochiqchasiga bu urushga qo‘shilmasligi haqida gapirdi. Kechagina Amerika va Yevropa ajralmas ittifoqchi edi. Endi Amerikaning faqat bitta ittifoqchisi bor: Isroil. Lekin bu tandem butun dunyoga tanqidga uchramoqda, hatto Rossiya bir chekkada qolib ketdi.

Aytgancha, NATOdagi parchalanish Rossiya uchun ayni muddao bo‘lmoqda. NATO yo‘q bo‘lishi Rossiya orzu qilgan ssenariy. Hozir NATO faqat qog‘ozdagi tashkilotga aylanib qolgan, bu yoqda neft ham qimmatlab yotibdi, Ukraina Amerikaning esidan chiqib ketdi. Lekin Pokrovsk degan raysentr haliyam to‘liq olinmagan. «Butun NATO bilan urushyapmiz», deyotgan edingiz-ku, janoblar?

Telegram «o‘lmoqda»

Rossiya Pokrovskni ololmayotgan bo‘lsa ham, Telegram'ni, internetni «bo‘g‘ish»ni juda yaxshi uddalamoqda. 1 apreldan rossiyalik Durov asos solgan Telegram Rossiya hududida ishlamay qolishi aytilgandi. Bunday bo‘lmadi, lekin baribir bu messenjerni ishlatayotganlar baraka topayotgani yo‘q. Tez orada Telegram ham WhatsApp kabi ishlamay qolsa kerak.

Rossiyada Telegram'dan tashqari VPN servislarni bloklashga ham zo‘r berishdi. Oqibatda elektron to‘lovlarda muammo yuzaga kelgan. Axir internet texnologiyalar shunaqa, hammasi bir-biriga ulangan. Birini bloklasang, boshqasida muammo paydo bo‘ladi. VPN nega bloklanayotgani esa tushunarli, rossiyaliklar ortiq YouTube, Telegram, WhatsApp, Instagram, xullas butun zamonaviy dunyo ishlatayotgan boshqa servislardan foydalana olmasligi uchun.

Yerning yangi suratlari

Haftaning eng muhim voqealaridan biri NASA Oy missiyasini muvaffaqiyatli boshlagani bo‘ldi. Ichida to‘rt nafar fazogir bo‘lgan «Artemida-2» havo kemasi Yer va Oyning yangi suratlarini e’lon qildi. Ma’lumot uchun, 1972 yildan buyon ilk marta inson Yer orbitasidan tashqariga chiqdi, buni Amerika ilm-fanining ulkan yutug‘i desak bo‘ladi. Bugun ekipaj Oy sirtini kuzatishdek juda muhim, tarixiy seans o‘tkazadi. Kema Oyga qo‘nmaydi, sayyoramizning tabiiy yo‘ldoshini aylanib Yerga qaytadi. Asosiy vazifa havo kemasi boshqaruv tizimlarini sinovdan o‘tkazish.

Ekipaj a’zolari allaqachon kosmik kemadan turib Yerning, Oyning unikal suratlarini e’lon qildi. Ularni ko‘rib sayyoramiz qanchalik go‘zal ekaniga yana bir bor amin bo‘lasiz.

Hafta suratlari

Odatdagidek so‘zimizni hafta suratlari bilan yakunlaymiz. Birinchi surat Olmoniyaning Frankfurt shahrida olingan. Hamkasbimiz Kiril Kudryatsev Air China aviakompaniyasi samolyotini to‘lin Oy fonida mahorat bilan kadrga muhrlagan. O‘zi bu hafta Oy haftasi bo‘ldi. Inson yana sayyoramizning ajoyib yoritgichi atrofiga qaytdi axir.

Foto: NASA

Ikkinchi surat Amerikada olingan. Universitetlar va kollejlar o‘rtasidagi basketbol musobaqasi doirasida Konnektikut universitetining «UConn Hukies» jamoasi himoyachisi Breylon Mallinz o‘yin tugashiga 1 soniyadan ko‘proq vaqt qolganida to‘pni uch ochkolik urinish bilan savatga uloqtirdi. Va nima bo‘ldi deng? To‘p savatga tushdi!

Zarbagacha o‘yinda Mallenzning jamoasi ikki ochko farqi bilan hisobda ortda qolayotgandi, oxirgi soniyadagi urinishdan keyin esa g‘alabani ilib ketib, final bosqichiga yo‘l oldi. «UConn Hukies» o‘yin davomida 19 ochkolik farqni yo‘qqa chiqargani ochkoning, g‘alabaning darajasini yanada oshirdi.

Surat sportdagi eng asosiy prinsipni yana bir bor eslatadi: hech qachon taslim bo‘lmaslik, oxirigacha kurashish kerak. Omon bo‘ling, azizlar. Siz ham hech qachon taslim bo‘lmang, eng qiyin damda ham uch ochkolik zarbaga imkon paydo bo‘lib qolishi mumkin...

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid