Sport | 16:27 / 26.11.2025
28662
3 daqiqa o‘qiladi

Javohir Sindorov Jahon kubogi g‘olibi bo‘ldi

U finalda Xitoy vakili Vey Yini mag‘lub etdi va Jahon kubogida g‘olib chiqqan eng yosh chempionga aylandi.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon kubogi finalida xitoylik Vey I ustidan g‘alabaga erishdi.

Ushbu shaxmatchilarning 25 noyabr kungi bahslarida durang qayd etilgandi: 0,5 - 0,5, 0,5 - 0,5.

Natijada g‘olib 26 noyabr kuni tay-breykda aniqlandi. Tay-breykning ham birinchi partiyasida kuchlar teng keldi (bu partiyada Sindorov oq donalarda o‘ynagandi), ikkinchi partiyada esa o‘zbekistonlik shaxmatchi qora donalarda o‘ynaganiga qaramay, g‘alabaga erishdi. 

Shu tariqa, 19 yoshli Sindorov Jahon kubogida g‘olib bo‘lgan eng yosh shaxmatchiga aylandi. Bungacha bu maqom Levon Aroyanga tegishli bo‘lib turgandi (2005 yilda chempionlikka erishgan armanistonlik shaxmatchi 23 yoshda bo‘lgan).

Bundan tashqari, u ushbu turnirda g‘olib chiqqan ikkinchi o‘zbekistonlik shaxmatchi bo‘ldi. 2004 yilda Rustam Qosimjonov Latviyada o‘tkazilgan Jahon kubogida ilk o‘zbekistonlik chempion bo‘lgan (o‘sha vaqtda FIDE jahon kubogi va jahon chempionatini bitta nomda o‘tkazgan).

Shu kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida Javohirni chempionlik bilan tabrikladi.

Bu qanday turnir?

2025 yilgi Jahon kubogi  Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE ) himoyasi ostida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik shaxmat nokaut turniridir. Unda 2 million dollarlik mukofot fondi va 2026 yilgi Da’vogarlar turniriga uchta yo‘llanma o‘ynaladi.

G‘olib 120 ming dollar, ikkinchi o‘rin egasi 85 ming dollar, uchinchi o‘rin 60 ming dollar va to‘rtinchi o‘rin 50 ming dollar oladi. Sovrinlar birinchi bosqichga qadar taqsimlanadi, minimal to‘lov 3500 dollarni tashkil qiladi.

So‘nggi yillarda ushbu turnirda Levon Aronyan (2005, 2017), Teymur Radjabov (2019), Yan-Kshishtof Duda (2021) va Magnus Karlsen (2023) kabi nomdor shaxmatchilar g‘olib bo‘lgan. 

Bu yilgi turnir yarimfinalida o‘zbekistonlik ikki shaxmatchi  Javohir Sindorov va Nodir Yoqubboyev bir-biriga qarshi dona surgandi. Sindorov ushbu bahsda g‘alaba qozonish orqali finalga chiqish bilan birga Da’vogarlar turniriga yo‘llanmani naqd qildi. Yoqubboyev esa yo‘llanma uchun ikkinchi imkoniyatga ega bo‘ldi. Ammo 3-o‘rin uchun bahsda u rossiyalik Andrey Yesipenkoga yutqazib qo‘ydi (0:2).

Mavzuga oid