Jamiyat | 09:20 / 29.11.2025
14701
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda elektr energiyasini hisobga olishning yagona tartibi joriy etildi

Hukumat elektr energiyasini hisobga olish bo‘yicha yagona tartibni belgiladi. Endi elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va iste’mol qilish bosqichlarida aniq hisob, xavfsizlik va ma’lumotlarni uzoq muddat saqlash qat’iy talab etiladi.

O‘zbekiston hukumati 2025 yil 27 noyabrda qabul qilingan 749-son qaror bilan “Elektr energiyasini hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqladi. Hujjat elektr energiyasini ishlab chiqarishdan tortib, iste’molchigacha yetkazish jarayonlarida hisobga olish tizimi qanday talablarga javob berishi kerakligini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, elektr energiyasini hisobga olish tizimi quyidagi tarkibiy qismlardan iborat bo‘ladi:

aktiv va reaktiv energiya miqdorini hisobga oluvchi hisoblagich, unga qo‘shimcha o‘rnatilgan impulsni qayd etish moslamasi, vaqt manbai va batareya;
aniqlik sinfi va yuklamasi hisoblash aniqligiga mos bo‘lgan o‘lchov transformatorlari;
ikkilamchi zanjirlar, ulash simlari, sinov bloki yoki o‘chirib-yoqish qurilmasi, yuklama rezistorlari, hisoblagich shkafi, xavfsizlik muhrlari va qulflar.

Elektr energetikasi obektlarini loyihalashtirish bosqichida hisobga olish tizimining umumiy nisbiy xatoligi baholanishi va uni minimal darajaga tushirish bo‘yicha choralar ko‘rilishi shart etib belgilandi.

Shuningdek, har bir hisobga olish nuqtasi bo‘yicha avtomatik tarzda ma’lumotlar jurnalini yuritish majburiy hisoblanadi. Ushbu jurnallar kamida 5 yil muddatda saqlanishi va axborot xavfsizligi talablariga mos tarzda arxivlanishi lozim.

Mavzuga oid