Texnologiya | 07:16 / 29.11.2025
25422
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Vetnam chegarasida Walker S2 odamsimon robotlarini joylashtirmoqda

Xitoyning UBTech Robotics kompaniyasi Guansi avtonom rayonidagi chegara posti punktlarida antropomorfik (insonga o‘xshash, odamsimon) robotlarni joriy etish bo‘yicha 264 million yuan (taxminan 37 mln dollar yoki 443 mlrd so‘m)lik shartnoma imzoladi. Robotlarni yetkazib berish joriy yil dekabridan boshlanadi.

Foto: UBTech

Shartnoma Vetnam bilan chegaradosh, dengiz bo‘yida joylashgan Fanchengan shahridagi robototexnika markazi bilan tuzilgan. Loyiha doirasida iyul oyida namoyish etilgan va dunyoda ilk bor akkumulyatorini to‘liq avtonom ravishda almashtira oladigan mashina sifatida taqdim etilgan Walker S2 robotlari joylashtiriladi. Bu Xitoyda davlat tuzilmalarida antropomorfik robotlardan foydalanishning eng yirik misollaridan biri hisoblanadi.

Pilot dasturga ko‘ra, Walker S2 robotlari chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlariga joylashtiriladi. Ular sayyohlarga yo‘l ko‘rsatadi, odamlar oqimini tartibga soladi, patrul ishlarida yordam beradi va logistika bilan bog‘liq vazifalarni bajaradi.

UBTECH tomonidan yaratilgan Walker S2 roboti 162 santimetr uzunlik va 43 kilogramm og‘irlikka ega. U 48 voltli litiy akkumulyatorlaridan iborat ikki batareyali tizimda ishlaydi va faoliyat turiga qarab ikki soatdan to‘rt soatgacha ishlay oladi, shundan keyin zaxirasi tugaydi. Akkumulyatorni to‘liq quvvatlash 90 daqiqa vaqt oladi.

Modelning eng muhim afzalliklaridan biri — batareyalarni avtonom almashtirish tizimi. UBTech ma’lumotlariga ko‘ra, robot akkumulyatorni to‘liq quvvatlanganiga taxminan uch daqiqada almashtira oladi. Bu esa inson ishtirokisiz deyarli 24 soat ishlash imkonini beradi.

Kompaniya yil oxirigacha 500 ta robot yetkazib berishni, kelgusi yili ishlab chiqarish hajmini o‘n barobar oshirishni va 2027 yilga borib yiliga 10 000 ta robot ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Xitoyda robototexnika boshqa sohalarda ham jadal rivojlanmoqda: sog‘liqni saqlash va qariyalarga g‘amxo‘rlik, shahar tozaligi, yo‘l harakatini boshqarish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, metro orqali va dronlar yordamida avtomatlashtirilgan yetkazib berish tizimlari shular jumlasidan. Chegara nazorati ham Xitoyning sun’iy intellektni rivojlantirishga intiluvi tobora kuchayib borayotgan yana bir yo‘nalishga aylanmoqda.

Mavzuga oid