Sport | 12:25
4948
3 daqiqa o‘qiladi

Nodirbek Abdusattorov London Chess Classic turniri g‘olibi bo‘ldi

U qatorasiga olti turda g‘alaba qozondi va so‘nggi tur yakunlaridan qat’i nazar raqobatchilar unga yetib ololmaydigan bo‘ldi.

Foto: John Saunders / London Chess Classic

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov London Chess Classic 2025 turnirida muddatdan oldin g‘oliblikni ta’minladi. U 8 turda 7 ochko to‘pladi va 9-tur natijalaridan qat’i nazar birinchi o‘rinda qoladigan bo‘ldi.

21 yoshli shaxmatchi dastlabki turda britaniyalik Gaveyn Jons bilan durang qayd etgach, keyingi olti turda qatorasiga olti g‘alabaga erishdi. 8-turda esa g‘oliblik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibi Alirizo Firuzjoh bilan durang qayd etgach, turnir g‘olibligi masalasi hal bo‘ldi – Abdusattorovni 2 ochkolik farq bilan ta’qib qilib kelayotgan fransiyalik shaxmatchi so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar unga yetib ololmaydigan bo‘ldi.

Abdusattorov endi quruq rasmiyatchilikka aylangan 9-turda ukrainalik Pavel Elyanovga qarshi dona suradi.

Abdusattorov turnir g‘olibi sifatida 25 ming funt sterlingni (33,4 ming dollar) qo‘lga kiritadi. Shu bilan birga, u o‘zining FIDE reytingidagi o‘rnini ham mustahkamladi.

Nodirbek FIDE Jahon kubogidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan so‘ng 18,4 reyting ochkolarini yo‘qotgandi, London Chess Classic turniridagi g‘alabadan so‘ng reytinggini 20 ochkoga yaxshiladi va onlayn jadvalida 22-o‘rindan 12-o‘ringa (2752) ko‘tarilib oldi.

Turnir haqida

26 noyabrdan 5 dekabrga qadar Londondagi Emirates Stadium stadionida London Chess Classic turniri bo‘lib o‘tmoqda — unda 10 nafar grossmeyster qatnashmoqda: Alirizo Firuzjoh, Nodirbek Abdusattorov, Pavel Eljanov, Sem Shenklend, Nikita Vityugov, Nikolas Teodoru, Abximanyu Mishra, Maykl Adams, Gaveyn Jons va Lyuk Maksheyn.

Nazorat vaqti: 40 yurish uchun 90 + partiya yakunigacha 30 daqiqa + birinchi yurishga 30 soniya.

Sovrin jamg‘armasi – 50 000 funt sterling (1-o‘rin uchun – 25 000 funt). Turnir 2009 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda, uning g‘oliblari orasida – Magnus Karlsen, Vladimir Kramnik, Vishvanatan Anand, Xikaru Nakamura, Uesli So, Fabiano Karuana, Din Lijen va boshqa mashhur nomlarni keltirish mumkin.

Mavzuga oid