Jahon | 18:18
3659
2 daqiqa o‘qiladi

Google va Apple o‘zbekistonliklarni hakerlar hujumi haqida ogohlantirdi

Foydalanuvchilar Intellexa kompaniyasining josuslik dasturiy ta’minotini qo‘llash holatlari haqida ogohlantirilmoqda.

Foto: Shutterstock

Google va Apple kompaniyalari Markaziy Osiyo davlatlarini hakerlar hujumi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Qayd qilinishicha, o‘tgan haftada ushbu ikki korporatsiya o‘z mahsulotlari foydalanuvchilariga hakerlik tahdidi haqida ommaviy ravishda ogohlantirishlar yubora boshlagan.

Shu bilan birga, Google Qozog‘istonni kiberhujumlar xavfi ayniqsa yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritdi. «Qozog‘iston - Intellexa kompaniyasining josuslik dasturiy ta’minotini qo‘llash holatlari qayd etilgan mamlakatlardan biri», deyiladi xabarda.

Apple, o‘z navbatida, ogohlantirishlar 2 dekabr kunidan yuborilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, korporatsiya ehtimoliy hakerlik hujumi haqida kam tafsilotlarni taqdim etdi va hujumga uchragan foydalanuvchilar soni haqidagi savollarga javob bermadi, shuningdek, hujumni kim amalga oshirgani haqida xabar bermadi. Xabarda faqat «bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatdagi foydalanuvchilarni xabardor qilganmiz», deb qayd etilgan.

Apple bayonotida aytilishicha, foydalanuvchilar Intellexa josuslik dasturiy ta’minotidan foydalangan holda hujumga uchramoqda. Hujum «Pokiston, Qozog‘iston, Angola, Misr, O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va Tojikiston kabi turli mamlakatlardagi yuzlab akkauntlarni qamrab olgan».

Mavzuga oid