Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Qahramoni Abduraim Homidov vafot etdi
O‘z umrini qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga, dehqonchilik va fermerlikni taraqqiy ettirishga bag‘ishlagan, fermerlik harakatining fidoyi vakillaridan biri, O‘zbekiston Qahramoni Abduraim Homidov 82 yoshida vafot etdi.
Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Abduraim Homidov 1943 yilda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. O‘z mehnat faoliyatini 1960 yilda «O‘zbekiston» jamoa xo‘jaligida mexanizator sifatida boshlagan. Keyinchalik shirkat xo‘jaligi pudratchisi sifatida faoliyat yuritgan, 2007 yildan esa «Shahand humo qushi» fermer xo‘jaligi rahbari sifatida samarali mehnat qilgan.
2017 yildan buyon mehnat faxriysi sifatida yurt ravnaqiga, qishloq xo‘jaligi taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishda davom etgan.
Fermerlik harakatining faol va tashabbuskor vakillaridan biri sifatida Abduraim Homidov paxtadan yuqori hosil olish borasida o‘ziga xos amaliy maktab yaratgan, tajribasi orqali ko‘plab fermer va dehqonlar uchun namuna bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligiga qo‘shgan xizmatlari uchun u 1993 yilda «O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i», 2001 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2004 yilda esa yurtimizning oliy mukofoti — «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi jamoasi Abduraim Homidovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildirgan.