Sport | 18:50
6561
4 daqiqa o‘qiladi

FIFA JCh-2026 chiptalarining qimmat narxi tufayli «ulkan xiyonat»da ayblandi

Futbol muxlislari 11 dekabr kuni jahon chempionati chiptalari narxi ma’lum bo‘lgach, FIFA tashkilotini «ulkan xiyonat»da aybladi. Avvalroq, FIFA 60 dollarlik chipta haqida bayonot bergan edi. Yangi narxlar bundan balandligi bilan muxlislarni hayratda qoldirdi.

Foto: Getty images

Dunyodagi futbol muxlislari JCh-2026 chiptalari narxidan norozi. Muxlislar Xalqaro futbol federatsiyasini (FIFA) chipta sotish siyosatini qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda. Bu haqda Euronews yozdi.

Futbol muxlislari 11 dekabr kuni jahon chempionati chiptalari narxi ma’lum bo‘lgach, FIFA tashkilotini «ulkan xiyonat»da aybladi. FIFA milliy assotsiatsiyalarga o‘z jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar uchun chiptalarning 8 foizini «eng sodiq muxlislarga» sotish uchun ajratadi.

Germaniya futbol federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatda guruh bosqichining turli o‘yinlariga chiptalar narxi 180 dollardan 700 dollargacha belgilangan. Final chiptasining eng arzon narxi 4185 dollarni, eng qimmat narxi esa 8680 dollarni tashkil etadi.

Guruh bosqichidagi bu narxlar FIFA tomonidan 60 dollarlik chipta haqidagi bayonotlardan keskin farq qiladi. 7 yil oldin turnirga mezbonlik qilish uchun ariza bergan AQSh futbol rasmiylari guruh bosqichida 21 dollarlik yuz minglab chiptalarni e’lon qilgan edi.

Football Supporters Europe (FSE) muxlislar tashkiloti hozirgi narxlarni «tovlamachilik» deb atadi.

«Bu jahon chempionati an’analariga xiyonat qilish, muxlislarning ushbu tomoshaga qo‘shgan hissasini e’tiborsiz qoldirishdir», deyiladi tashkilot bayonotida.

Sentyabr oyida FIFA saytida sotiladigan chiptalar narxi guruh bosqichi o‘yinlari uchun 60 dollardan final uchun 6730 dollargacha bo‘lishi ma’lum qilingan edi. Ammo bu narxlar o‘zgarishi mumkin, chunki futbol bo‘yicha jahon chempionatida birinchi marta dinamik narxlar (talabga qarab) qo‘llanadi.

FIFA chiptalari to‘rtta toifada sotiladi, eng yaxshi o‘rinlar 1-toifaga kiradi. Germaniya futbol federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan narxlar ro‘yxatida atigi uchta toifa bor. Germaniya terma jamoasining Hyustondagi Kyurasaoga qarshi guruh bosqichi birinchi o‘yiniga eng arzon chipta narxi 180 dollar. Yarimfinalning eng arzon narxi 920 dollar, maksimal narxi esa 1125 dollar edi.

FSE FIFA tashkilotini «Jahon chempionatining an’analari, universalligi va madaniy ahamiyatini hurmat qiladigan yechim topilmaguncha» milliy assotsiatsiyalar orqali chipta sotishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

11 dekabr kuni FIFA chiptalar sotuvishning uchinchi bosqichini boshladi va endi muxlislar ilk bor «Tasodifiy tanlov qur’asi» yordamida muayyan o‘yinlarga ariza topshirishi mumkin.

O‘tgan hafta AQSh, Kanada va Meksika birgalikda mezbonlik qiladigan 2026 yilgi musobaqaga o‘tkazilgan qur’adan so‘ng, yangilangan taqvim e’lon qilindi. Ilgari chiptalar ko‘r-ko‘rona o‘ynalar edi, chunki saralash davri hali tugamagan va qur’a tashlanmagan edi. Endi ishtirokchi davlatlar guruhlarga bo‘lingan va ularning turnirdagi yo‘llari aniqlangan.

Ammo muxlislarga o‘zi ariza bergan o‘yinlarga chipta olishi kafolatlanmagan. Qur’a tashlash marosimi fevralda o‘tkaziladi.

Muxlislar FIFA sayti orqali bitta o‘yinga bitta oilaga ko‘pi bilan to‘rtta, butun turnirga ko‘pi bilan 40 ta chipta olish uchun ariza topshirishi mumkin.

Chiptalarga ariza topshirish uchun muxlislarga FIFA ID kerak bo‘ladi va ular qaysi o‘yinlarga va qaysi narx toifasida ariza topshirishni tanlashi mumkin.

Hammasi bo‘lib to‘rtta toifa mavjud: eng yaxshi o‘rinlar 1-toifada, eng arzoni 4-toifada va bu o‘rinlar stadionlarning yuqori qismida. Arizalari ma’qullangan nomzodlar fevral oyida elektron pochta orqali xabardor qilinadi, shundan so‘ng to‘lov ilova qilingan kartadan avtomatik ravishda yechib olinadi.

Mavzuga oid