Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindistonlik vazir Messini yugurtirdi (video)
Argentinalik yulduzning Hindistonga turnesi sarguzashtlarga boy kechmoqda.
Lionel Messining Hindistondagi sarguzashtlari davom etmoqda. Kalkuttadagi tartibsizliklardan keyin argentinalik futbol yulduzi mamlakat janubiga – Haydarobodga yo‘l oldi. Bu yerda Leoni nisbatan tinch muhitda kutib olishdi: tashkilotchilikka savollar tug‘ilmadi, bu safardan eng ko‘p tarqalgan video esa futbolchining mahalliy rasmiy – Telingani shtati bosh vaziri Revant Reddi bilan master-klass o‘tishi bo‘ldi.
Mashg‘ulot chog‘ida ushbu amaldorning birorta pasi aniq chiqmadi. Anchadan buyon hech kim Messini to‘p ortidan bunchalik ko‘p yugurtirmagandi.
Buni Leoning do‘stlari, mahalliy kishilar unchalik yaxshi tanimaydigan Luis Suares va Rodrigo De Paul tabassum bilan kuzatib turishgan.
Aytish mumkinki, marosim tashkilotchiligi vazirning futbol o‘ynashidan ancha yaxshiroq edi. Ammo u 56 yoshda ekanini ham inobatga olish kerak.

Bu tadbirdagi yana bir baxtli kishi – Messi bilan qo‘l berib salomlashgan qo‘riqchi bo‘ldi. Bu esa vazirga uncha yoqmadi
Qiziqarli mashg‘ulotdan keyin Messi va vazir ikki jamoada bir-biriga qarshi futbol o‘ynashgan. Siyosatchi hatto gol ham urgan, Leoda – dubl.
O‘yin tugab, stadionni tark etishda Reddi qo‘riqchini koyib bergan, u ish vaqtida o‘zini tiyib tura olmasdan, Messining qo‘lini siqib qo‘yishga jazm etgandi. Vazir esa unga o‘qrayib qaragan va e’tiroz bildirgan.

Ammo xodim bundan unchalik xafa bo‘lmagan.

O‘yin kriket uchun mo‘ljallangan va mamlakatning sobiq bosh vaziri Radjiv Gandi nomidagi stadionda bo‘lib o‘tgan. Messini ko‘rish uchun shaharga parlamentdagi muxolif kuchlar yetakchisi va Neru va Gandilar siyosiy sulolasining beshinchi avlodiga mansub bo‘lgan Rahul Gandi ham shaharga tashrif buyurgan. U Radjiv Gandining o‘g‘li, Indira Gandining nabirasi, mamlakatning ilk bosh vaziri Javoharlal Neruning chevarasi hisoblanadi. Rahul stadionga siyosatchi opasi Priyanka Gandining farzandlari bilan birga kelgan.
Hozir Hindistonda barcha Messi bilan ko‘rishishga oshiqmoqda: Kalkuttada Bollivud yulduzi Shohrux Xon ham o‘g‘lini futbolchi bilan uchrashtirish uchun olib kelgandi.

Messi hozirgacha Hindiston janubi va sharqida bo‘ldi. Endi g‘arbga, Mumbayga safar qilmoqda, keyin esa shimolga – poytaxt Nyu Deliga boradi. U yerda Leo mamlakatning amaldagi bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
Kalkuttadagi tartibsizlik
Messining ushbu mamlakatga tashrifi mamlakat sharqidagi Kalkuttadan boshlangandi. Futbolchi uchib kelgan samolyot qo‘nishi bilanoq aeroportda tartibsizlik boshlangandi.
Fanatlarning ko‘pchiligi tuni bilan kutishgan, ammo Messini aeroportdan hech kimga sezdirmasdan olib chiqib ketishgandi.
Kalkuttadagi dasturning asosiy bandi 70 ming kishilik «Solt-Leyk» stadionida ko‘rgazmali o‘yin va Messi bilan uchrashuv edi. Hindlar kumirini ko‘rish uchun stadionni to‘ldirishgandi.

Ammo qo‘riqchilar, siyosatchilar va boshqalar futbolchini qurshab olishgan, natijada uni umuman ko‘rib bo‘lmagandi.

Natijada tashkilotchilikdan hafsalasi pir bo‘lgan fanatlar avvaliga hushtakbozlik qilishgan, keyin esa maydonga turli buyumlar uloqtirishgan. Shundan keyin qo‘riqchilar xavfsizlik nuqtayi nazaridan Messini muddatidan oldin stadiondan olib ketishgan.
Bu esa muxlislarni yanada qattiq g‘azablantirgan va ular maydonga yugurib tushib, hammayoqni vayron qilishgan.

Tomoshabinlardan birining taassurotlari: «Messini faqat siyosatchilar va aktyorlar o‘rab olgandi... Nega unda bizni chaqirishdi? Men 12 ming rupiyga chipta olgandim, lekin biz uning yuzini ham ko‘ra olmadik...»

Yana bir mashhur tvit: «Biz siyosatchilar selfi olishini tomosha qilish uchun minglab rupiy to‘ladik, Messi esa bir necha daqiqada g‘oyib bo‘ldi».
Yana bir munosabat: «Dahshatli voqea. U bor-yo‘g‘i 10 daqiqaga keldi. Ministrlar va vitse-prezidentlar uni o‘rab olishdi. Biz hech narsa ko‘rmadik. U birorta marta to‘p tepmadi. Bizga Shohrux Xon ham kelishini aytishgandi, lekin hech kimni olib kelishmadi. Shuncha pul, hissiyot va vaqt behuda ketdi».
Mavzuga oid
21:19 / 15.12.2025
Hindistonda uy bekalariga «maosh» to‘lash bo‘yicha keng ko‘lamli loyiha boshlandi
03:07 / 14.12.2025
Hindistonda futbol muxlislari Messi sababli stadionni vayron qilishdi
07:59 / 13.12.2025
Demografiya-2025: Hindistonda tug‘ilishlar Xitoydan ikki barobar ko‘p bo‘ladi
11:00 / 07.12.2025