Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini o‘tkazish choralari belgilandi
2027 yilda O‘zbekiston va Ozarboyjonda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida FIFA Jahon chempionati o‘tkaziladi. Unga munosib tayyorgarlik ko‘rish, yuqori darajada o‘tkazish maqsadida prezident qarori qabul qilindi.
Foto: Getty images
2027 yilda O‘zbekiston va Ozarboyjonda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish choralari bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Unda U-20 Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori darajada o‘tkazish, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) talablariga muvofiq zarur bo‘lgan infratuzilmani yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, tashkiliy qo‘mita va tayyorgarlik dasturi tasdiqlandi.
Tashkiliy qo‘mitaga FIFA talablariga muvofiq Jahon chempionati o‘tkaziladigan obektlarning infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlash, Jahon chempionati ishtirokchilarining O‘zbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport, tibbiy xizmat ko‘rsatish va volontyorlik masalalarini muvofiqlashtirish, Jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan hududlarni uzluksiz va muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlash, obodonlashtirish ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, Jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan hududlarda futbol stadionlari, mashg‘ulot maydonlari va mehmonxonalarni tayyor holatga keltirish vazifasi yuklatildi.
Transport vazirligiga Jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar hamda o‘yin kunlari chiptasi bor shaxslarning jamoat transportida harakatlanishi uchun Toshkent – Yangi Toshkent – Toshkent yo‘nalishida alohida avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish, jamoat transporti vositalaridan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyatlarini yaratish choralari yuklatildi.
FIFA va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining (O‘FA) Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun FIFA mintaqaviy ofisini ochish taklifi ma’qullandi.
Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga Yangi Toshkent shahri hududida barpo etilayotgan “Yangi Toshkent markaziy futbol o‘yingohi” FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasining nufuzli musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha talablariga moslashtirilishini nazorat qilish yuklatildi.
Qarorga ko‘ra, Jahon chempionati bosh sovrini — Jahon kubogini ommaga tanishtirish uchun respublika bo‘ylab marshruti O‘FA tomonidan ishlab chiqiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazish uchun talab etiladigan mablag‘lar 2026–2027 yillarda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, U-20 Jahon chempionati har ikki yilda o‘tkaziladigan turnir hisoblanadi. So‘nggi musobaqa 2025 yil sentabr-oktyabr oylarida Chili maydonlarida o‘tkazildi. Unda Marokash yoshlari g‘alaba qozondi. O‘zbekiston yoshlari musobaqaga yo‘llanmani qo‘lga kiritolmadi.
Mavzuga oid
18:50 / 12.12.2025
FIFA JCh-2026 chiptalarining qimmat narxi tufayli «ulkan xiyonat»da ayblandi
23:23 / 11.12.2025
JCh-2026 chiptalari uchun arizalar qabuli boshlandi
08:46 / 06.12.2025
Trampga FIFAning yangi tinchlik mukofoti topshirildi
23:03 / 27.11.2025