O‘zbekiston | 13:25 / 16.12.2025
1375
3 daqiqa o‘qiladi

Notariuslar uchun nikoh shartnomalarini tasdiqlashning yangi qoidalari belgilanadi

Notariuslar tomonidan nikoh shartnomalarini tasdiqlash tartibini belgilaydigan nizom tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda. Hujjatga ko‘ra, nikoh shartnomasi notarial idorada, video-konferens-aloqa orqali yoki sayyor tartibda rasmiylashtirilishi, jarayon esa audio va videoda qayd etilishi belgilangan.

Foto: 123RF

“Notariuslar tomonidan nikoh shartnomalarini tasdiqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom ishlab chiqildi

Nizom loyihasida nikoh shartnomasini rasmiylashtirishning bir nechta shakli belgilangan. Xususan, shartnoma notarial idora binosida, video-konferens-aloqa orqali yoki murojaat qiluvchilar xohishiga ko‘ra sayyor tartibda rasmiylashtirilishi mumkin. Video-konferens-aloqa orqali rasmiylashtirilganda bu holat tasdiqlovchi yozuvda qayd etiladi hamda jarayon “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida avtomatik ravishda audio va videoda yozib borilishi nazarda tutilgan.

Shartnoma notarial idoradan tashqarida sayyor tartibda rasmiylashtirilsa, tasdiqlovchi yozuvda shartnoma rasmiylashtirilgan joy manzili ko‘rsatiladi. Bunda rasmiylashtirish va imzolash jarayoni notarius tomonidan majburiy audio-video qayd etiladi. Shuningdek, videoyozuvda notarius va ishtirokchilar to‘liq tushishi, notarial harakat mazmuni va ahamiyati tushuntirilgani, hujjat matni bilan to‘liq tanishilgani, imzolash hamda barmoq izlarini Tizimda skaner qilish jarayoni to‘liq aks ettirilishi lozimligi belgilangan.

Hujjat loyihasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshirilishi, fuqarolar talabiga ko‘ra matn rus tilida yoki imkoniyat bo‘lsa boshqa maqbul tilda berilishi ham qayd etilgan. Agar shartnoma taraf(lar) tushunmagan tilda tuzilsa, matn notarius yoki taraflar taklif etgan tarjimon tomonidan og‘zaki tarjima qilinishi mumkin. Bu holatda tarjimon haqidagi ma’lumotlar hujjat matni va tasdiqlovchi yozuvda aks ettirilishi, tarjimon noto‘g‘ri yoki yolg‘on tarjima uchun javobgarlik haqida ogohlantirilishi ko‘rsatilgan.

Nizom loyihasiga ko‘ra, nikoh shartnomasi nikoh yoshiga yetgan shaxslar o‘rtasida tuziladi va uni vakil orqali tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, taraflar o‘rtasida nikoh qayd etilmagan bo‘lsa, shartnoma yuridik oqibatlar keltirib chiqarmasligi qayd etilgan.

Murojaat qilish tartibida fuqarolar notarial idoraga bevosita kelishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda E-notarius.uz orqali elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tishi mumkinligi belgilangan. Tizim orqali kelib tushgan murojaatlarni notarius bir ish kuni ichida ko‘rib chiqishi va qabul qilishi shartligi ham nazarda tutilgan.

Shartnomani tasdiqlashda notarius taraflarning shaxsini zamonaviy axborot texnologiyalari orqali identifikatsiya qilishi, biometrik ma’lumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali verifikatsiya qilishi yoki elektron shakldagi ma’lumotlar asosida tasdiqlashi mumkinligi ko‘rsatilgan. Shartnomani imzolash bosqichida esa taraflarning kamida ikkita barmoq izi maxsus moslamalarda skaner qilinishi belgilangan.

Nizomda shuningdek shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish, notarial harakatni rad etish asoslari, to‘lovlarni avtomatik hisoblash hamda SMS orqali tasdiqlash kodi yuborish kabi tartiblar ham bayon etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid