O‘zbekiston | 22:59 / 20.12.2025
2902
6 daqiqa o‘qiladi

Qish energotizimni sinamoqda. Bugun qayerlarda svet o‘chdi?

Sergelidagi elektr uzilishi ayrim joylarda kamida 19 soat davom etdi. Umuman olganda, ham avariyaviy, ham rejali ta’mirlash bilan bog‘liq turlicha davomiylikdagi uzilishlar Andijondan to Xorazmgacha bir qator hududlarni qamrab oldi.

Foto: "Hududiy elektr tarmoqlari" Jizzax viloyati filiali

Qishning ilk qorli kunlari energetika tizimiga yuklamani oshirdi, natijada respublika bo‘ylab uzilishlar bo‘lib turibdi. “Hududiy elektr tarmoqlari” mutaxassislari sovuq ob-havo sharoitida avariyalarni bartaraf etish bilan shug‘ullanishmoqda.

Energetika vazirining matbuot kotibi Dildora Hoshimova o‘z Telegram-kanalida uzilishlar va ta’minotning tiklanishi haqida axborotlar berib boryapti. Kun.uz uning kanalidagi ma’lumotlar asosida 20 dekabrdagi uzilishlarni sanab o‘tadi.

AVARIYaVIY O‘ChIShLAR

Toshkent shahri

Sergeli tumanida Mirob va Xontepa fiderlaridagi avariya sababli tumanning Xonobod va Namdanak mahallalaridagi jami 410 ta xonadon elektrdan uzilib qoldi. Uzilish kamida 16 soatga cho‘zildi.

Bundan tashqari, xuddi shu Sergeli tumanining Sadoqat, Eshonbuloq, Sultonobod, Xonobod, Xonobod-tepa, Namdanak, Ko‘hna Qumariq, Xontepa, Izzatli, Ziyolilar, Keng makon va Eski Jaloyir mahallalarining elektr ta’minotida ham avariyaviy o‘chish kuzatildi. Uzilish kamida 19 soat davom etdi.

Yashnobod tumanidagi Obisher mahallasida 210 ta, Olmazor tumanidagi Shifonur mahallasida 100 ta xonadonning elektr ta’minotida uzilish ro‘y berdi. Bunga sabab – G‘alalkent va Kamolot-1 fiderlaridagi kichik nosozlik.

Soat 18:14 da 110/35/10 kVli “Qatortol” podstansiyasida nosozlik yuzaga keldi. Oqibatda Uchtepa tumanidagi 600 ta xonadonning elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilish kuzatildi. Nosozlik bartaraf etilgani haqida 22:44 da ma’lum qilindi.

Mirobod tumanida esa Mirsalixov fiderida nosozlik ro‘y berdi. Oqibatda tumanning Chavondoz va Chinkeldi ko‘chalaridagi jami 380 ta xonadonning elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatildi. Bu haqda 20:41 da xabar berildi, nosozlik bartaraf etilgani haqida soat 22:48 da ma’lum qilindi.

Jizzax viloyati

Baxmal tumanidagi 3 ta elektr tarmog‘ida nosozlik yuzaga keldi, oqibatda tumandagi 2650 ta xonadonning elektr ta’minotida uzilish kuzatildi.

Bundan tashqari, soat 19:37 da Jizzax viloyatidagi 110/35/10 kVli “O‘rda” podstansiyasida 10 kVli taqsimlash qurilmasida yong‘in kelib chiqib, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanidagi 6250 ta iste’molchi ta’minotdan uzilib qoldi. Soat 20:58 da 3750 ta iste’molchi, 21:26 da qolgan barcha iste’molchilar tarmoqqa ulangani ma’lum qilindi.

Samarqand viloyati

Samarqand shahridagi 35 kVli “L-Sherdor” kabel tarmog‘ida nosozlik yuzaga keldi. Oqibatda shahardagi ayrim iste’molchilarning elektr ta’minoti vaqtincha tarmoqda uzildi.

Sirdaryo viloyati

Guliston shahri “Yangi avlod” MFY hududidagi 307-sonli transformator punktida nosozlik yuz berdi.

ReJALI TA’MIRLASh IShLARI

Toshkent shahri

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 956-sonli transformatorda ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati, soat 14:00 dan 16:00 ga qadar Ne’mat, Olimlar, Gulbadambegim, Navnihol, Oliy Himmat, Tepa Masjid, Dormon yo‘li va Muzrobod mavze’larining ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chirildi.

Bundan tashqari, soat 15:35 da 35/10 kVli “Charog‘on” podstansiyasida 10 kV 2-shinalar tizimida nosozlik bo‘lgan. Oqibatda Mirzo Ulug‘bek tumani iste’molchilari qisman (1000 ta) elektr ta’minotidan vaqtincha uzildi.

Soat 00:00 dan 04:00 gacha Chilonzor tumanining S, 9, 10, 16, 17, 18, 19 va 20-massivlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkinligi ma’lum qilingan. Sabab – 110 kV kuchlanishli “L-O-Yu-2” elektr uzatish tarmog‘idagi rejali ta’mirlash ishlari.

Andijon viloyati

110/10 kVli “Oltin vodiy” podstansiyasi T-1 transformatorida joriy ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan:

  • Shahrixon tumanining Shokirvoy, Vaxim, Beshmahalla, Tumor, Gulqishloq, Do‘lan, Paxtako‘l, Abdibi, Suzoq, Sher qo‘rg‘on, Oq oltin, Birlashgan, Qum qayroq, Mustaqillik, Beshariq, Turkiston, Soxobod, Yangi mahalla, Yangi vaxim, Yangi turmush mahallalari hududlarida soat 9:00 dan 12:00 gacha elektr ta’minotida vaqtincha uzilishlar kuzatilishi xabar qilindi.

Shuningdek, yangi yuqori kuchlanishli tarmoq qurilayotgani sababli xavfsizlikni ta’minlash uchun:

  • Bo‘ston tumanining Tafakkur, Sarbon, Sariq jo‘ga, Navroʼz, Mexnatobod, Nurafshon, Guliston, Xalqobod, Xovos mahallalari hududlarida;
  • Ulug‘nor tumanining To‘rtol va Fazogir mahallalari hududlarida soat 9:00 dan 12:00 gacha elektr ta’minotida vaqtincha uzilishlar kuzatilishi xabar qilindi.

Farg‘ona viloyati

20 dekabr kuni soat 05:00 dan 07:00 gacha va 17:00 dan 17:30 gacha Farg‘ona viloyatining Oltiariq, Rishton va Qo‘shtepa tumanlarining ayrim hududlarida uzilishlar ro‘y berishi ko‘zda tutilgan. Bu – “Oltiariq” podstansiyasidan chiquvchi yuqori kuchlanishli “L-PA” elektr uzatish tarmog‘ining boshlanish qismida ta’mirlash ishlari bajarilishi bilan bog‘liq.

Xorazm viloyati

20 dekabr kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha elektr energiyasidagi joriy profilaktika ishlari sababli:

  • Urganch tumanidagi Xojiboylar, Oq bog‘, Adolat, Oq maktab, Chandir, Qiyot, Boqaylar, Killavit mahallalarida;
  • Qo‘shko‘pir tumanidagi Qoravul, Vaxmchi, Do‘stlik, Ilgaldi, Mehnatobod, Sherobod, Paxtakor, Amirqum, Yangilik mahallalarining elektr ta’minotida vaqtincha uzilish bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan.

TABIIY GAZ TA’MINOTI

Chirchiq shahar Amir Temur mahallasi Saodat ko‘chasi hududidagi gaz taqsimlash punktida nosozlik aniqlangani sababli, ushbu hudud iste’molchilarida soat 02:40 dan 11:00 ga qadar tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi.

Mavzuga oid