Jahon | 20:29 / 25.12.2025
10001
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik aktrisa Vera Alentova vafot etdi

U «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi» filmidagi ijrosi orqali tanilgandi.

«Mosfilm» kinostudiyasi

Rossiyalik aktrisa Vera Alentova 84 yoshda vafot etdi.

«Katta musibat yuz berdi... Vera Valentinovna Alentova olamdan o‘tdi. U Pushkin teatrida 60 yil xizmat qilgandi», – deyiladi teatr tarqatgan xabarda.

Alentova payshanba kuni Mayakovskiy nomidagi teatrda aktyor Anatoliy Lobotskiy bilan xayrlashuv marosimi chog‘ida o‘zini yomon his qila boshlagan.

MSK1.RU portali xabarida tez yordam brigadasi aktrisani teatrdan zambilda olib chiqqanini qayd etgan.

Shifokorlar uni jonlantirishga harakat qilishgan, ammo bu harakatlar besamar yakunlangan.

SHOT xabariga ko‘ra, o‘tkir yurak yetishmovchiligi o‘lim sababi sifatida qayd etilgan.

Alentova Lobotskiy bilan oddiy sovet ayoli Soni hamda fransuz tarjimon Andre o‘rtasidagi muhabbat tarixi haqida hikoya qilingan «Zavist bogov» («Xudolar hasadi», 2000 yil) filmida birga ishlagandi.

66 yoshli Lobotskiy vafot etgani haqida 20 dekabr kuni xabar berilgandi.

Alentova o‘nlab filmlar va seriallarda rollar ijro etgan, ular orasida «Zvezdy i soldaty» (1967), «Vremya jyelaniy» (1984),

«Zavtra byla voyna» (1987), «Jyenix iz Mayami» (1994), «Shirli-myrli» (1995), «Balzakovskiy vozrast, ili Vse mujiki svo…» (2007) kabilar bor.

Vera Alentovaga eng katta mashhurlikni «Moskva slezam ne verit» («Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi», 1979 yil) filmi keltirgan, u o‘z turmush o‘rtog‘i, aktyor va rejissyor Vladimir Menshov tomonidan ishlangan bu filmda bosh roldagi Yekaterina Tixomirovani ijro etgan.

Irina Muraveva (Lyudmila roli ijrochisi) va Vera Alentova (Katerina) «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi» filmida, 1978 yil
RIA Novosti/RIA Novosti

Moskvani zabt etish uchun kelgan uch dugona taqdiri hikoya qilingan kinokartina sovet kinoprokati yetakchisiga aylanadi va 1981 yilda «Xorijiy tildagi eng yaxshi film» nominatsiyasida AQSh kinoakademiyasining «Oskar» mukofotiga loyiq ko‘rilgan.

Alentova Menshov bilan o‘tgan asrning 60-yillarida turmush qurgan, ularning ikkisi ham o‘shanda Moskva badiiy akademik teatri maktab-studiyasida tahsil olardi. Ularning nikohi qariyb 60 yil — Menshov 2021 yilda vafot etguniga qadar davom etdi.

Ularning bir qizi bor  aktrisa va teleboshlovchi Yuliya Menshova (1969 yilda tug‘ilgan).

Kinorejissyor Vladimir Menshov rafiqasi va qizi bilan, 2004 yil
Vladimir Vyatkin/RIA Novosti

Alentova 60 yildan ortiq vaqt mobaynida Pushkin nomidagi Moskva teatrida xizmat qiladi. 2022 yilda bu yerda aktrisaning 80 yilligiga bag‘ishlangan «Madam Rubinshteyn» spektakli premerasi qo‘yilgandi.

Alentova o‘zining 80 yilligiga bag‘ishlangan (2022 yil) «Madam Rubinshteyn» spektaklida
Vladimir Fedorenko/RIA Novosti