Jahon | 10:25
1012
4 daqiqa o‘qiladi

Moskva: Kiyev AQSh rejasi bo‘yicha muzokaralarni to‘syapti

Rossiya TIVda AQSh rejasining qayta ishlangan varianti Moskva bilan muhokama qilingan matndan ancha farq qilishi aytildi. Rossiya tomonining da’vosiga ko‘ra, Ukraina va uning ittifoqchilari kelishuvga erishishga xalaqit beryapti.

Rossiya hukumati Kiyevni Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha AQSh rejasi atrofidagi muzokaralarni to‘sish niyatida aybladi. Bir necha kun oldin Ukraina hokimiyati taqdim etgan AQSh rejasining qayta ishlangan varianti Moskva Vashington bilan muhokama qilgan matnga nisbatan “keskin boshqacha”, dedi RF tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov juma kuni, 26 dekabrda Rossiya televideniyesida.

“Ukraina pabliklarida 20 banddan iborat rejaga havolalar paydo bo‘ldi. Biz bilamizki, bu reja — agar umuman uni reja deb atash mumkin bo‘lsa — dekabrning ilk kunlaridan boshlab oxirgi haftalarda amerikaliklar bilan ishlab chiqqan 27 banddan keskin farq qiladi”, — dedi Ryabkov “60 daqiqa” dasturiga bergan intervyusida.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va uning “homiylari, xususan kelishuvga qaratilmagan Yevroittifoqdagi” tarafdorlari “kelishuvni to‘sish uchun sa’y-harakatlarini ikki baravar oshirgan”. “Ushbu inqirozning ildizida turgan muammolarni to‘g‘ri hal qilmasdan — bu muammolarni bartaraf etmasdan yakuniy kelishuvga chiqib bo‘lmaydi”, — dedi Sergey Ryabkov.

U qo‘shimcha qilishicha, har qanday takliflar avgust oyida Alyaskada AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan sammitda qayd etilgan chegaralar doirasida qolishi kerak.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh vakillari bilan muzokaralardan so‘ng chorshanba kuni urushni yakunlash bo‘yicha AQSh rejasining yangi versiyasini taqdim etdi. 20 banddan iborat qayta ishlangan reja frontning hozirgi chizig‘ini muzlatib qo‘yishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, hujjatda Moskva qo‘ygan ikki asosiy talab yo‘q: Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqish va Ukraina uchun NATOga kirishdan yuridik jihatdan majburiy tarzda voz kechish.

Shu orada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 26 dekabr kuni jurnalistlarga Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha 20 banddan iborat tinchlik rejasi 90 foizga tayyor ekanini aytdi. “Bizning vazifamiz — hammasini 100 foizga yetkazish”, — dedi u va “bu oson emas”ligini ta’kidladi.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u 28 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan rejalashtirilgan uchrashuvda Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlariga oid hujjatlar blokini, shuningdek hududiy masalalar va iqtisodiy rivojlanishni muhokama qilish niyatida. Bu haqda RBK-Ukraina yozgan.

Bundan tashqari, Zelenskiy Moskva tinchlik rejasini imzolash istagini namoyon etmayotgani haqidagi masalani ham ko‘tarmoqchi. “Rossiya doim rozi bo‘lmaslik uchun sabab qidiradi. Agar Ukraina o‘z pozitsiyasini ko‘rsatsa — u konstruktiv, Rossiya esa, masalan, rozi bo‘lmasa — demak, bosim kam”, — deb tushuntirdi Ukraina prezidenti.

Mavzuga oid