O‘zbekiston | 12:06
617
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tog‘-chang‘i mavsumi 120 kungacha uzaytirildi

Misrning Ruz al-Yusuf gazetasi O‘zbekistonda qishki turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan maqola e’lon qilib, tog‘-chang‘i mavsumining 120 kungacha uzaytirilganiga e’tibor qaratdi.

“Dunyo” AA xabar berishicha, nashr mazkur qadamni O‘zbekistonning turizm siyosatidagi tizimli o‘zgarishlar va tog‘ kurortlarini boshqarishda texnologik hamda barqaror yondashuv kuchaygani bilan izohlagan.

Maqolada mavsumning uzayishida sun’iy qor hosil qilish tizimlari joriy etilgani asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan. Bu texnologiyalar qishki turizmning iqlim sharoitlariga bog‘liqligini kamaytirib, trassalarning uzoqroq vaqt barqaror ishlashini ta’minlashi ta’kidlangan. Eng sezilarli o‘zgarishlar Toshkent yaqinidagi Amirsoy kurorti misolida qayd etilgan.

Shuningdek, gazeta rasmiy manbalarga tayanib, qishki mavsumni uzaytirish ishlari dor yo‘llari va boshqa tog‘ infratuzilmasini modernizatsiya qilish bilan birga amalga oshirilganini bildirgan. Texnik yangilanishlar kurortlar faoliyatini sovuq ob-havoda ham uzluksiz ta’minlashga xizmat qilishi urg‘ulangan.

Materialda tog‘li hududlarda yo‘l aloqasi va servis yaxshilangani, shuningdek, xavfsizlik yo‘nalishida tibbiy xizmatlar hamda turizm politsiyasi faoliyati kuchaytirilgani ham tilga olinadi.