O‘zbekiston | 13:52
15523
2 daqiqa o‘qiladi

Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi

«Ketgim kelmayapti onajon», «Kelinchak» kabi qo‘shiqlari bilan tanilgan hofiz bir necha yildan buyon to‘shakka mixlanib qolgandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

27 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshida vafot etdi.

Shoir Shahriyor Shavkat feysbukdagi sahifasida yozishicha, u so‘nggi yillarda og‘ir kasallikka chalingandi.

Xonanda bir necha yil oldin koronavirus asoratlari bilan og‘rigan va shifokor qabuliga borgan, unga «grija» tashxisi qo‘yilgan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Ammo muolajadan keyin ham unda muammo davom etgan.

Shundan keyin boshqa shifokorga uchraganida, tashxis churra emas, shunchaki shamollash bo‘lgani, avvalgi shifokorlar operatsiyada Rahmatillo Yusupovning nerv tomirlarni «bilib-bilmay, tushunib-tushunmay kesib qo‘ygani» oydinlashgan.

Foto: Shahriyor Shavkat / Facebook

O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo uni Toshkentga kuchli mutaxassis ko‘rigiga olib kelgan. Ammo bir necha kunlik tekshiruvdan keyin endi kech bo‘lgani, tuzatishning iloji yo‘qligi aytilgan.

Rahmatillo Yusupov 1981 yil 15 sentabr kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida dunyoga kelgandi.

Bolaligidan marhum san’atkor Oxunjon Madaliyevga shogird tushgan, keyinroq uslubi va imiji tufayli uni «ikkinchi Oxunjon Madaliyev» deb ham atashgan.

100 dan ortiq qo‘shiqlar muallifi bo‘lgan xonanda «Ketgim kelmayapti onajon» (Karim Bahriyev she’ri), «Kelinchak» (Iqbol Mirzo she’ri) kabi qo‘shiqlari bilan xalq orasida mashhur bo‘lgan.

Uning ikki qiz farzandi yetim qoldi.