Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gabon hukumati futbol bo‘yicha milliy jamoa faoliyatini to‘xtatdi
Milliy jamoaning Afrika Millatlar Kubogidagi o‘ta muvaffaqiyatsiz natijalari «sharmandali» deb topildi va murabbiylar bilan futbolchilar tarqatib yuborildi.
Foto: Getty images
Gabon hukumati Marokashda bo‘lib o‘tgan Afrika Millatlar Kubogidagi o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘yinidan so‘ng milliy terma jamoa faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi. Qarorni Gabon sport vaziri vazifasini bajaruvchi Simplis-Dezire Mambula davlat televideniyesida o‘qib eshittirdi va bu keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Turnirning guruh bosqichida Gabon terma jamoasi uchta o‘yinda uchta mag‘lubiyatga uchradi va birorta ham ochko to‘play olmadi. Jamoa Kamerunga 0:1, Mozambikka 2:3 va Kot-d'Ivuarga 2:0 hisobida oldinda borishiga qaramay, yakunda 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, Gabon so‘nggi o‘rinni egalladi va pley-offga chiqa olmadi.
Turnir yakunlangach, mamlakat rasmiylari terma jamoaga nisbatan «qat’iy va zudlik bilan choralar ko‘rish» zarurligini e’lon qildi. Natijada: terma jamoa faoliyati noma’lum muddatga to‘xtatildi, murabbiylar shtabi tarqatib yuborildi, tarkibni shakllantirish tamoyillari qayta ko‘rib chiqilishi, jumladan, bir qator tajribali o‘yinchilar (jumladan, Per-Emerik Obameyang va Bruno Ekuele Manga) xizmatidan voz kechilishi mumkinligi e’lon qilindi.
Hukumat qarori kamdan-kam uchraydigan hodisaga aylandi, chunki davlatning futbol ishlariga bevosita aralashuvi milliy futbol assotsiatsiyalarining to‘liq mustaqilligini talab qiladigan FIFA qoidalariga zid keladi. An’anaviy ravishda CAF ham shunga o‘xshash pozitsiyani egallaydi. Konfederatsiya Gabon futbol federatsiyasidan rasmiy tushuntirish so‘rashi, aralashuv faktini tan olgan taqdirda esa mamlakat terma jamoasi va klublarini xalqaro musobaqalardan vaqtincha chetlatishgacha bo‘lgan intizomiy choralarni qo‘llashi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Gabon hukumati boshqaruv modelini o‘zgartirish va tarkibni yangilash orqali futbol loyihasini qayta ishga tushirmoqchi bo‘lishi mumkin. Ammo bu kabi qadamlar terma jamoaning qit’a va jahon turnirlarining yaqin saralash bosqichlaridagi ishtirokini murakkablashtirishi mumkin.
Gabon futbol federatsiyasi tez orada bayonot berib, terma jamoaning huquqiy maqomi va xalqaro maydondagi keyingi taqdiriga oydinlik kiritishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
21:02 / 27.03.2026
O‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
18:46 / 25.03.2026
Superliga klublariga markazlashgan tarzda 35 milliard so‘mdan ajratilishi kutilmoqda
19:21 / 19.03.2026
O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritolmadi
22:38 / 17.03.2026