Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Daniya va Grenlandiya yana Trampni tahdidlari uchun tanqid qildi
Grenlandiya bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen AQSh prezidenti Donald Trampning orol haqidagi yangi bayonotlarini “hurmatsizlik” deb atadi, Daniya hukumati rahbari Mette Frederiksen esa AQShni tahdidlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Foto: DR
Daniya va Grenlandiya hukumatlari rahbarlari AQSh prezidenti Donald Trampning orolga doir so‘zlarini tanqid qildi — bu bayonotlar u AQShning Venesueladagi harbiy operatsiyasi muhokama qilingan paytda aytilgan. Bosh vazirlar yakshanba, 4 yanvar kuni AQSh kabi ittifoqchi tomondan bunday gaplar aytilmasligi kerakligi haqida bayonot berdi.
“Grenlandiyani AQSh tomonidan egallab olish zarurati haqida gapirish mutlaqo ma’nosiz. AQSh Daniya qirolligi tarkibiga kiruvchi uch mamlakatning (Daniya, Grenlandiya, Farer orollari — tahr.) hech birini anneksiya qilish huquqiga ega emas”, — deya Reuters agentligi Daniya bosh vaziri Mette Frederiksenning bayonotini keltiradi. Shu munosabat bilan siyosatchi AQShni “tarixan yaqin ittifoqchiga, shuningdek boshqa bir davlat va boshqa bir xalqqa nisbatan tahdidlarni to‘xtatish”ga chaqirdi. U Vashington Grenlandiyadan allaqachon javob olganini eslatdi: orol sotilmaydi.
Shunga o‘xshash ruhda Grenlandiya bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen ham chiqish qildi. “AQSh prezidenti ‘bizga Grenlandiya kerak’ deya aytganda va bizni Venesuela hamda harbiy intervensiya bilan bog‘laganda, bu faqat noto‘g‘ri emas. Bu — hurmatsizlik”, — deya Reuters Nilsenning so‘zlaridan iqtibos keltiradi.
Frederiksen va Nilsenning bayonotlari Trampning shu kunning o‘zida, avvalroq, The Atlantic jurnalisti Maykl Sherer bilan suhbatda aytgan gaplariga javob bo‘ldi. Jurnalist prezident bilan Venesuelada avval amalga oshirilgan harbiy operatsiya va mahalliy rahbar Nikolas Maduroni qo‘lga olishni muhokama qilgan. Shu fonda Tramp Venesuela AQSh aralashuvi uchun oxirgi mamlakat bo‘lmasligi mumkinligini aytgan.
“Bizga Grenlandiya mutlaqo aniq kerak”, — deya davom etgan Oq uy rahbari va orol “Rossiya va Xitoy kemalari bilan o‘rab olingani”ni qo‘shimcha qilgan. Shu bilan birga prezident “boshqalar AQShning Venesueladagi harbiy harakatlari Grenlandiya uchun nimani anglatishini hal qilishi kerak”ligini aytgan. Maykl Shererning ta’kidlashicha, bu gapda Tramp AQSh davlat kotibi Marko Rubioni nazarda tutgan — u bir kun oldin Venesueladagi harbiy operatsiya fonida Grenlandiya atrofidagi vaziyatga “e’tibor qaratish”ga chaqirgan va Tramp “gapirayotgan muammolarni hal qiladi” degan edi.
“Kecha Marko men haqimda iliq fikr bildirdi, — dedi Tramp. — Bilasizmi, o‘shanda men Grenlandiyani nazarda tutmagan edim. Lekin Grenlandiya bizga rostdan ham kerak, albatta. U bizga mudofaa uchun kerak”.
Grenlandiya bo‘yicha Trampning da’volarini faqat Marko Rubio esga solgani yo‘q. 4 yanvar kuni Tramp apparati rahbarining o‘rinbosari Stiven Millerning rafiqasi Keti Miller X ijtimoiy tarmog‘ida post joyladi, unda orol xaritasi AQSh bayrog‘i ranglarida ko‘rsatilgan edi. Rasm ostida “Tez orada” deb yozilgan.
Bu ish Kopenhagenda e’tiborsiz qolmadi. “Mening mamlakatim Daniyaning hududiy yaxlitligiga nisbatan so‘zsiz hurmat talab qiladi”, — deb izohladi Millerning postini Daniyaning AQShdagi elchisi Yyesper Myoller Syorensen. Uning aytishicha, Daniya va AQSh “yaqin ittifoqchilar va shunday bo‘lib qolgan holda birga ishlashda davom etishi kerak”.
Grenlandiya — Arktikada joylashgan, Daniya tarkibidagi avtonom hudud. Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddati boshidan beri “milliy xavfsizlik” mulohazalaridan kelib chiqib, Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish rejasi borligini bir necha bor ta’kidlagan. 2025 yil oxirida Oq uy Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakil tayinlagan, u orolni AQShning bir qismiga aylantirish ustida ishlashga va’da bergan. Daniyada ham, Grenlandiyaning o‘zida ham bu qarorga salbiy munosabat bildirilgan.
Mavzuga oid
18:55
AQSh Grenlandiyani qo‘shib olishi bo‘yicha to‘rtta ehtimoliy ssenariy sanaldi
18:54
«AQSh uchun ustuvor vazifa» – Tramp nega Grenlandiya ustidan nazoratni xohlayapti?
18:26
AQSh Venesueladan Rossiya, Xitoy, Eron va Kuba bilan aloqalarni uzishni talab qildi – OAV
18:09