Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Eron mojarosida sulh muddati yana cho‘zildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushdagi sulh muddati uzaytirilganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sulh Tehron “yagona taklif ishlab chiqqunga qadar” va muzokaralar yakunlanguncha amal qiladi.
Foto: picture alliance
AQSh prezidenti Donald Tramp 22 aprel, chorshanbaga o‘tar kechasi, 8 aprel kuni erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining amal qilish muddati tugashi kerak bo‘lgan paytda, Eron bilan urushdagi sulh “Pokiston hukumati iltimosiga ko‘ra” uzaytirilganini ma’lum qildi.
“Eron hukumatida jiddiy bo‘linish yuzaga kelgani, bu esa kutilgan holat ekanini hisobga olib, shuningdek, feldmarshal Osim Munir (Pokiston Qurolli kuchlari qo‘mondoni — tahr.) va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning so‘roviga binoan, bizdan ularning yetakchilari va vakillari yagona taklif ishlab chiqqunga qadar Eronga hujumni to‘xtatib turish so‘raldi”, — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
AQSh prezidentining aytishicha, o‘t ochishni to‘xtatish tartibi “ularning taklifi taqdim etilguniga va muzokaralar har qanday holatda yakunlanguniga qadar” amal qiladi. Shu bilan birga, Tramp AQSh armiyasiga Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadani davom ettirish va “barcha boshqa jihatlarda jangovar shaylikni saqlab turish” bo‘yicha topshiriq berganini ta’kidladi.
Trampning bu bayonoti e’lon qilinishiga bir soatcha qolganida, Eronning Tasnim davlat axborot agentligi mamlakat, oliy rahbar Mo‘jtabo Xominaiyning AQSh bilan muzokaralarni davom ettirishga ruxsat berganiga qaramay, OAV xabarlariga ko‘ra 22 aprel kuni Islomobodda o‘tishi kerak bo‘lgan muhokamalarning ikkinchi bosqichida ishtirok etishdan batamom voz kechganini yozdi.
Xabarda aytilishicha, Tehron vakillari bu qarorni Pokistondagi vositachi orqali AQSh tomoniga yetkazgan. Eron tomonining ta’kidlashicha, muzokaralarda ishtirok etish “vaqtni behuda sarflash” bo‘lar edi, chunki AQSh “haddan tashqari talablar” qo‘ymoqda va “har qanday oqilona kelishuvga erishishga to‘sqinlik qilmoqda”.
Bundan tashqari, bundan bir necha soat oldin Axios portali muxbiri Barak Ravid manbaga tayanib, AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Devid Vensning Islomobodga safari noma’lum muddatga qoldirilganini ma’lum qildi. Vens AQShning Eron bilan muzokaralarining birinchi bosqichida Amerika delegatsiyasiga boshchilik qilgan edi. Oq uy ham bu tashrif bekor qilinganini tasdiqladi.
AQSh va Eron o‘rtasidagi dastlabki to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar Pokiston poytaxtida sulhga erishilganidan bir necha kun o‘tib bo‘lib o‘tgan. Amerika delegatsiyasi tarkibida Vensdan tashqari, jumladan, Oq uy rahbarining maxsus vakili Stiven Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner ham bo‘lgan.
Eron delegatsiyasiga esa parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof va tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi boshchilik qilgan.
Muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Oradan bir kun o‘tib, Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilish boshlanganini e’lon qildi, Eron esa keyinroq AQShni sulhni buzishda aybladi.