O‘zbekiston | 08:30 / 09.01.2026
2469
2 daqiqa o‘qiladi

Notarial harakatlarni onlayn tasdiqlash tartibi rasman yo‘lga qo‘yildi

Adliya vazirligida “Notarial harakatlarni video-konferens-aloqa rejimi orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Foto: notariat.ru

Nizomga ko‘ra, notariuslar jismoniy yoki yuridik shaxs vakili notarial idoraga kelmagan holatlarda notarial harakatlarni masofadan — videokonferensaloqa rejimi orqali amalga oshiradi. Bunda notarial harakatlar E-notarius.uz axborot portali hamda Notarius avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tasdiqlanadi.

Murojaat qiluvchi video-konferens-aloqa orqali notarial harakatni amalga oshirish uchun elektron tarmoqdan foydalanish shartlari bilan tanishib, o‘z roziligini tasdiqlaydi. Shuningdek, elektron tarmoqda tasdiqlash so‘ralayotgan notarial harakat nomini aniq ko‘rsatadi va zarur ma’lumotlarni to‘ldiradi.

Notarius murojaat kelib tushgan vaqtdan boshlab 1 ish kunida uni o‘rganib chiqadi hamda kamchiliklar mavjud yoki yo‘qligi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.

Notarius bilan shaxsiy muloqot davomida notarial harakat taraflari joylashgan joyda ulardan boshqa shaxslar bo‘lmasligi, muhit shovqindan xoli va yetarlicha yorug‘ bo‘lishi, videotasvir esa tiniq ko‘rinishi shart.

Notarial harakat loyihasi imzolash uchun tayyor bo‘lgandan so‘ng notarius taraflarga ularning huquq va majburiyatlari, amalga oshirilayotgan notarial harakatning mazmuni hamda oqibatlarini tushuntiradi.

Mavzuga oid