Jahon | 21:10 / 21.01.2026
1327
4 daqiqa o‘qiladi

BMT «global suv bankrotligi» davri boshlanganini e’lon qildi

Dunyo suv inqirozining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda, uni endi oddiy tanqislik deb atab bo‘lmaydi. Daryolar, ko‘llar va yerosti suv qatlamlari tabiat ularni qayta tiklashga qodir bo‘lganidan ko‘ra tezroq tugamoqda.

Foto: Getty images

Dunyo suv inqirozining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda, uni endi oddiy tanqislik deb atab bo‘lmaydi. BMT universiteti huzuridagi Suv, atrof-muhit va salomatlik instituti mutaxassislari shunday xulosaga keldi. Nashr etilgan hisobotda aytilishicha, daryolar, ko‘llar va yerosti suv qatlamlari tabiat ularni qayta tiklashga qodir bo‘lganidan ko‘ra tezroq tugamoqda.

«Suv stressi» va «suv inqirozi» tushunchalari endi dunyoning yangi suv voqeliklarini aks ettirmaydi, deyiladi hisobotda.

Mualliflarning ta’kidlashicha, o‘nlab yillar davomida suvdan haddan tashqari foydalanish va uning ifloslanishi, ekotizimlarning buzilishi va iqlim omillarining kuchayishi oqibatida ko‘plab suv tizimlari tiklanish nuqtasidan tashqarida qolgan. Shuning uchun tadqiqotchilar yangi atama - «suv bankrotligi»ni qo‘llashni taklif qilmoqda. Uning ma’nosi shuki, uzoq muddatli iste’mol suvning tabiiy tiklanishidan barqaror ravishda oshib ketmoqda, tabiatga yetkazilgan zarar esa oldingi darajaga qaytishni deyarli imkonsiz qilyapti.

Hisobotda ta’kidlanishicha, tobora ko‘proq yirik daryolar suvi yilning ayrim davrlarida dengizga yetib borishdan to‘xtaydi, dunyodagi eng yirik ko‘llar esa kamayishda davom etmoqda. So‘nggi 50 yil ichida sayyora 410 million gektarga yaqin suvli-botqoq yerlardan mahrum bo‘ldi - bu hudud maydoni jihatidan Yevropa Ittifoqi bilan taqqoslanadi.

Hisobotda yerosti suvlariga alohida e’tibor berilgan. Ichimlik suvi ta’minoti va sug‘orish uchun foydalaniladigan eng yirik suv obektlarining 70 foizga yaqini barqaror uzoq muddatli kamayishni ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, shaharlarda suvga bo‘lgan talab mavjud resurslardan oshib ketganda, suvsiz qolish holatlari ehtimoli tobora ko‘payib bormoqda.

Iqlim o‘zgarishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. 1970 yildan beri dunyo muzliklar massasining 30 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi, bu esa yuz millionlab odamlar hayotiga bog‘liq bo‘lgan erigan suvlarning mavsumiy zaxiralariga bevosita ta’sir qiladi.

Institut direktori va hisobot muallifi Kave Madani so‘zlariga ko‘ra, suv bankrotligi oqibatlari aholi yashaydigan barcha qit’alarda seziladi, ammo bu har bir mamlakat allaqachon shunday holatga tushib qolganini anglatmaydi. Uning ta’kidlashicha, gap avvalo ogohlantirish va suv siyosatini qayta ko‘rib chiqish zarurati haqida bormoqda.

Madani hukumatlarni muammoning ko‘lamini hozirdanoq tan olishga, yechimlarni kechiktirmaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suv bankrotligini tan olish yanada jiddiy va qaytarib bo‘lmaydigan zararning oldini olish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi kerak.

«Biz bu yondashuvni qabul qilishimiz, anglashimiz va achchiq haqiqatni bugunoq - yanada jiddiy va qaytarib bo‘lmas zarar yetkazishdan oldin tan olishimiz kerak», dedi Madani.

Hisobot mavjud ma’lumotlar va statistik raqamlarga asoslangan bo‘lib, suv muammolarining to‘liq ro‘yxatini aks ettirishga da’vo qilmaydi. Uning maqsadi muammoni muhokama qilishga yondashuvning o‘zini o‘zgartirishdir.

Mavzuga oid