Jahon | 10:04
1399
4 daqiqa o‘qiladi

Suriya hokimiyati va kurdlar keng qamrovli kelishuv tuzdi

Hukumat bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, kurdlar boshchiligidagi “Suriya demokratik kuchlari” front chizig‘ini to‘liq tark etadi. Xavfsizlik kuchlari Suriyaning shimoliy-sharqidagi shaharlarga kiritilgandan so‘ng integratsiya jarayoni boshlanadi.

Foto: Ghaith Alsayed/AP Photo/picture alliance

Kurdlar boshchiligidagi “Suriya demokratik kuchlari” (SDF) juma kuni, 30 yanvarda Suriya hukumati bilan o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy hamda ma’muriy organlarni davlat tuzilmalariga bosqichma-bosqich integratsiya qilish bo‘yicha keng qamrovli kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Suriya hukumati ham shu kuni bitim tuzilganini tasdiqladi.

Bu bayonot yaqindagi to‘qnashuvlardan keyin yangradi: ular jarayonida hukumat qo‘shinlari SDF o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida Suriyaning shimoliy-sharqida nazorat qilib kelgan hududning katta qismini egallab olgan edi.

Tuzilgan kelishuvga ko‘ra, “Suriya demokratik kuchlari” to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqiladi, Suriya Ichki ishlar vazirligiga bo‘ysunuvchi xavfsizlik kuchlari esa Al-Hasaka va Al-Qamishli shaharlariga kiritiladi. Shundan keyin kurd kuchlari bilan hukumat kuchlarini integratsiya qilish jarayoni boshlanishi kerak.

Kutilganidek, bu jarayon shimoliy-sharqiy hududda SDF'ning uchta brigadasidan iborat yangi harbiy tuzilma tashkil etilishini, shuningdek, SDF'ning yana bitta brigadasi hukumat tarkibiga kiritilishini nazarda tutadi — u Halab viloyatida hukumat brigadasi tarkibiga qo‘shiladi.

AQShning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakil Tomas Barrak mamlakat hokimiyati va kurdlar o‘rtasidagi kelishuvni “Suriyaning milliy yarashuv, birlik va barqaror ustuvorlikka erishish yo‘lidagi fundamental hamda tarixiy bosqich” deb atadi.

Hujjatda aytilishicha, kelishuvning maqsadi — Suriya hududlarini birlashtirish va mintaqada to‘liq integratsiyaga erishish, bu manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirish orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, hujjat kurd xalqi uchun “fuqarolik va ta’lim huquqlari”ni ko‘zda tutadi hamda “ko‘chirilgan shaxslarning o‘z hududlariga qaytishi”ni kafolatlaydi.

Yangi Suriya hokimiyatining davlat tuzilmalariga “kudrlar hukumatidagi muassasalar va ularning xodimlari” ham integratsiya qilinishi kerakligi qayd etilgan.

Kelishuvga muvofiq, Damashqqa mamlakatning shimoliy-sharqiy hududidagi turmalar, neft va gaz konlari o‘tadi. Ilgari Suriya qo‘shinlari mamlakatdagi eng yirik neft koni — “Omar”ni nazoratga olgan va Firot daryosidagi strategik ahamiyatga ega Tabqa to‘g‘onini egallab olgan edi.

Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shar’a 18 yanvar kuni kurdlarning “Suriya demokratik kuchlari” bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bo‘yicha kelishuv imzolanganini e’lon qildi. Suriyaning SANA agentligi xabar berishicha, mazkur hujjat hukumat kuchlari bilan SDF o‘rtasida “barcha frontlarda va barcha to‘qnashuv nuqtalarida o‘t ochishni to‘liq va darhol to‘xtatish”ni nazarda tutgan.

Halab atrofidagi janglar 6 yanvardan beri davom etgan. Tomonlar bir-birini zo‘ravonlikni kuchaytirishda ayblagan. Halab gubernatori Azam al-G‘aribning aytishicha, 10 yanvarga kelib asosan kurdlar yashaydigan mahallalardan taxminan 155 ming aholi shaharning boshqa tumanlariga yoki qishloq joylarga qochib ketgan.

2025 yil oktyabr oyida Suriyada Bashar Asad ag‘darilgandan keyin ilk bor parlament saylovlari o‘tkazildi. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmadi — ovoz berishda saylovchilar kollegiyasi a’zolari ishtirok etdi. Bundan tashqari, “xavfsizlik sabablari” bilan mamlakatning 14 viloyatidan 3 tasida saylovlar o‘tkazilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid