Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilindi
Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yilda sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanadi. Hujjatda har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilish, shuningdek 2030 yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” doirasida qator ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish belgilangan.
Foto: Kun.uz
Prezidentning 2026 yil 6 fevralda qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yubiley tadbirlari joriy yilda respublika bo‘ylab keng qamrovda o‘tkaziladi.
Qaror bilan har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, uning doirasida ta’lim muassasalari va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar hamda badiiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2030 yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, unda quyidagi yo‘nalishlar belgilangan:
- 9–10 aprel kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;
- “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish;
- “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi” va “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini yaratish;
- Temuriylar davri manbalari elektron platformasini ishlab chiqish.
Qarorda yubiley tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ham tasdiqlangan.
Mavzuga oid
07:40 / 21.08.2025
Eron hukmdorlarining temuriylarga tegishli bo‘lgan qilichlari aniqlandi
16:17 / 23.05.2025
Netflix Amir Temur haqidagi filmni suratga oldi
08:35 / 22.02.2025
Amir Temur ko‘chasida Cobalt piyodani urib yubordi
19:29 / 11.04.2023