Jahon | 15:26
1386
3 daqiqa o‘qiladi

The Washington Post bosh direktori lavozimini tark etmoqda

The Washington Post (WP) gazetasining bosh ijrochi direktori Uilyam Lyuis o‘z lavozimini tark etmoqda. Bu haqda gazeta xodimlariga yo‘llangan murojaatda aytiladi, uni Oq uy vakili Mett Vayzer e’lon qildi. Bu xabardan oldin tahririyatda ishlayotgan 800 jurnalistdan 300 tadan ortig‘ini ishdan bo‘shatish haqida qaror qabul qilingan edi.

Foto: AP

“Men lavozimda bo‘lgan davrimda The Post’ning barqaror kelajagini ta’minlashga qaratilgan qiyin qarorlar qabul qilindi — u yana ko‘p yillar davomida har kuni millionlab o‘quvchilar uchun yuqori sifatli, xolis yangiliklarni e’lon qila olishi uchun”, — dedi Vayzer.

Uilyam Lyuis ilgari Dow Jones’ning bosh direktori, The Wall Street Journal’ning nashr etuvchisi bo‘lgan, u WP'dagi lavozimga 2023 yilda, nashr katta moliyaviy yo‘qotishlar ko‘rayotgan bir paytda tayinlangan edi. U taxminan o‘n yilcha nashr etuvchi va bosh direktor bo‘lib ishlagan Fred Rayanning o‘rnini egallagan.

WP xabar qilishicha, milliarder Jyeff Bezosga tegishli gazeta moliyaviy direktori Jyeff D’Onofrio vaqtincha bosh direktor vazifasini bajaradi. D’Onofrio 2025 yil iyun oyida Google, Yahoo va boshqa kompaniyalarda turli lavozimlarda ishlagandan so‘ng gazetada ish boshlagan.

Bundan oldin The Washington Post o‘z xodimlarining taxminan 30 foizini ishdan bo‘shatgan. Bezos gazeta egasi bo‘lgan dastlabki sakkiz yil davomida biznes kengaygan, ammo so‘nggi paytlarda holat unchalik yaxshi emas.

Xorijiy muxbirlarning butun bir qismi, jumladan Ukraina va Yaqin Sharqda ishlagan jurnalistlar ham ishdan bo‘shatildi. Sport bo‘limi hamda kitoblar va kitob nashri haqidagi rukn to‘liq bekor qilindi.

Gazetaning bosh muharriri Mett Myurreyning aytishicha, nashr “boshqa bir davrga haddan tashqari bog‘lanib qolgan — o‘sha paytlarda biz mahalliy bosma OAV sifatida ustun edik”. Uning so‘zlariga ko‘ra, generativ sun’iy intellektning o‘sishi ta’siri ham bo‘lgan holda, onlayn-qidiruvdan keladigan trafik so‘nggi uch yilda deyarli ikki baravarga kamaygan.

2024 yilgi prezidentlik saylovlari arafasida Lyuis Bezosning yangi siyosatini e’lon qilgan edi: unga ko‘ra, WP tahririyat kengashi prezidentlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash amaliyotini to‘xtatdi. Natijada nashr Demokratik partiya nomzodi Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlamadi. Buning javoban yuz minglab o‘quvchilar obunalarini bekor qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров