O‘zbekiston | 09:08 / 13.02.2026
1128
2 daqiqa o‘qiladi

Texnik tartibga solishda xususiy sektor ulushi oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev texnik tartibga solish sohasini isloh qilishga bag‘ishlangan taqdimotda sinov va sertifikatlash xizmatlarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish, raqobatni kuchaytirish hamda sohada shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda texnik tartibga solish tizimini xalqaro talablar asosida yangilash jarayoni izchil davom etmoqda. So‘nggi yillarda milliy standartlarning katta qismi xalqaro me’yorlarga uyg‘unlashtirildi, majburiy sertifikatlash tartiblari qisqartirildi.

Taqdimotda sinov va sertifikatlash xizmatlarini to‘liq xususiy sektorga berish taklif qilindi. Ayni paytda xususiy sektorda barcha sohalarni qamrab olgan 207 ta sinov laboratoriyasi va 73 ta sertifikatlash idorasi faoliyat yuritmoqda. Ushbu yo‘nalishni yanada kengaytirish orqali sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, xizmatlar sifatini oshirish va tadbirkorlar uchun ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, sohada institutsional o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Texnik tartibga solish agentligi tizimi optimallashtirilib, ayrim tashkilotlar qisqartiriladi. Akkreditatsiya organining mustaqilligini ta’minlash, sinov laboratoriyalari faoliyatini raqamlashtirish va metrologiya tizimini isloh qilish ham rejalashtirilgan.

Sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida Angliyaning Intertek, Shvetsiyaning SGS, Fransiyaning Bureau Veritas, Germaniyaning TÜV kabi xalqaro kompaniyalarni jalb qilish taklif etildi.

Qayd etilishicha, xususiy sektor ulushini oshirish orqali sertifikatsiya jarayonlarini soddalashtirish, tannarxni pasaytirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga erishish ko‘zda tutilmoqda.

Yakunda prezident yangi tizimni bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid