Iqtisodiyot | 09:57
705
2 daqiqa o‘qiladi

Sayyor soliq tekshiruvda jarimani bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi

Soliq tekshiruvlari tartibidagi yangiliklarga ko‘ra, sayyor soliq tekshiruvi natijasida qo‘llangan jarimani 6 oyga bo‘lib to‘lash imkoniyati berildi. Shuningdek, kameral tekshiruvlarda takroriy tekshiruvlarni cheklash va soliq organlarining hujjatlarni majburiy ko‘rib chiqish kabi yangi majburiyatlari belgilandi.

Foto: AP

Sayyor soliq tekshiruvi bo‘yicha soliq to‘lovchilarga qator yengilliklar berildi. Xususan, sayyor tekshiruv natijalariga ko‘ra qo‘llanilgan jarimani 6 oyga bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, soliq auditi o‘tkazilgan yoki o‘tkazilayotgan soliq davri uchun tekshiruvdan oldingi tahlil (“Avtokameral” tizimidan) o‘tkazilmasligi belgilandi.

Kameral soliq tekshiruvlari tartibida ham bir qator cheklov va majburiyatlar joriy etildi. Jumladan, aynan bitta soliq (hisobot) davri uchun aynan bir xil soliqlar bo‘yicha qayta kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Faqat kameral tekshiruv jarayonida soliq organiga avval ma’lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlansa, bundan mustasno etiladi.

Shuningdek, kameral tekshiruvlarda aniqlangan tafovutni asoslash maqsadida soliq to‘lovchi qo‘shimcha hujjatlar taqdim etgan taqdirda, soliq organlari ularni majburiy tartibda ko‘rib chiqishi shart etib belgilandi.

Yana bir muhim yangilikka ko‘ra, kameral soliq tekshiruvida aniqlangan huquqbuzarliklar soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilsa va soliqlar, yig‘imlar hamda penyalar to‘liq to‘lansa, mansabdor shaxslar jinoiy yoki boshqa javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров