O‘zbekiston | 14:19
3403
3 daqiqa o‘qiladi

Wolt yetkazib berish xizmati O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatmoqda

Wolt yetkazib berish xizmati 1,5 yillik faoliyatdan so‘ng O‘zbekiston bozorini tark etadi. Servis 4 martgacha odatdagi tartibda ishlaydi. Kompaniya qarorni «O‘zbekiston bozorining o‘ziga xosligi va o‘zining standartlariga mos servis darajasini barqaror ta’minlay olmasligi» bilan izohladi.

Foto: Wolt

Wolt yetkazib berish xizmati 5 martdan O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya mobil ilova va sayt orqali xabar berdi.

«Ushbu yangilik siz uchun noqulaylik tug‘dirishi mumkinligini tushunamiz. Kundalik hayotingizning bir qismi bo‘lish biz uchun qadrli edi va bizni tanlaganingiz uchun sizdan chin dildan minnatdormiz.

Kelgusi haftalarda asosiy vazifamiz o‘tish jarayonini imkon qadar soddalashtirishdir – mavjud buyurtmalarni yetkazib berish, qaytarimlar va kredit mablag‘lari bilan bog‘liq masalalarni hal qilish hamda qo‘llab-quvvatlash xizmatini ochiq saqlash», – deyiladi rasmiy bildirishda.

Kompaniya bu qarorni qabul qilish oson kechmagani, lekin investitsiyalarni uzoq muddatli va barqaror biznes qurish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarga qaratish maqsadida strategiya qayta ko‘rib chiqilganini qayd etgan. Kompaniya O‘zbekistondan tashqari Qatar, Singapur va Yaponiya bozorini ham tark etmoqda.

«O‘zbekiston bozoridagi sharoitlar sababli biz xizmat darajasini doimiy ravishda o‘z standartlarimizga mos ravishda ta’minlay olmadik. Shu sababli O‘zbekiston bozoridagi faoliyatni yakunlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Biz O‘zbekistonda yaratilgan xizmatdan faxrlanamiz va uning bir qismi bo‘lgan barchaga, ayniqsa mijozlarimizga minnatdorchilik bildiramiz», – deyiladi xabarda.

4 martgacha servis odatdagi tartibda ishlaydi. Unda buyurtma berish va mavjud bonuslardan foydalanish mumkin. 5 martdan boshlab yangi buyurtmalarni qabul qilish to‘xtatiladi.

Kompaniya undan keyin ham akkaunt bilan bog‘liq masalalar, to‘lovlarni qaytarish va avval berilgan buyurtmalar bo‘yicha mijozlarga yordam berishda davom etishini bildirdi.

Wolt – 2014 yilda Finlandiyada tashkil etilgan yetkazib berish xizmati bo‘lib, hozirda 30 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda. 2019 yilda Wolt Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishni Qozog‘istondan boshlagan va 2024 yil oktyabr oyida O‘zbekistonga kirib kelgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid