Jahon | 22:46 / 27.02.2026
4097
7 daqiqa o‘qiladi

“Tolibon” o‘z onasi – Pokistonga qarshi chiqyapti” – siyosatshunos

Pokiston mudofaa vazirining “ochiq urush” haqidagi bayonoti mintaqadagi keskinlikni yanada kuchaytirdi. Bayonotlarda aytilishicha, “Tolibon” Pokiston nazoratidagi 19 ta chegara postini egallab olgan. Tahlilchilarga ko‘ra, Kobul va Islomobod o‘rtasidagi ziddiyat aslida uzoq tarixiy va siyosiy ildizlarga ega, bugungi vaziyat esa to‘liq urushdan-da murakkab va davomli ziddiyat ehtimolini ko‘rsatmoqda.

Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqida so‘z yuritdi.

Pokiston mudofaa vaziri “Tolibon” bilan ochiq urush boshlanganini aytdi, Kobul va Islomobod katta urushga kirishadimi?

Kamoliddin Rabbimov: “Ochiq urush” deyilganda masalaga kengroq qarash kerak. Aslida bu mojaroning tarixi juda uzoq. “Tolibon” harakati asosan etnik pushtunlardan iborat. Pushtunlarning katta qismi esa nafaqat Afg‘onistonda, balki chegaraning narigi tomonida, Pokiston hududida ham yashaydi.

Pushtunlarning tarixiy loyihasi deb ataladigan g‘oya shundan iboratki, ular Pokiston hududidagi pushtun yashaydigan yerlarni ham qo‘shgan holda yirik Afg‘oniston tuzishni istaydi. Bu masala Durand chizig‘i bilan bog‘liq. Mazkur chegara chizig‘i pushtunlar tomonidan to‘liq tan olinmagan. Shu sababli ular Pokiston hududida ham o‘zlarining tarixiy yerlari borligini ta’kidlab keladi.

Avval ta’kidlanganidek, Pokiston ma’lum ma’noda “Tolibon”ning shakllanishida muhim rol o‘ynagan. 1990 yillarning o‘rtalarida, Benazir Bhutto hokimiyati davrida Pokiston Sovet Ittifoqiga qarshi kurashgan mujohidlarni qo‘llab-quvvatladi. Keyinchalik ushbu kuchlar “Tolibon” harakatining asosiga aylandi va qisqa muddat ichida sezilarli siyosiy-harbiy kuchga aylanishdi. 1994 yildan boshlab harakat faol tus oldi, 1996 yilda Kobulni egalladi, 1998 yilga kelib esa Afg‘onistonning katta qismini nazorat qila boshladi. O‘sha davrda Abdurashid Do‘stum ham mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. 2001 yilda esa AQSh boshchiligidagi kuchlar Afg‘onistonga kirib kelgach, “Tolibon” hokimiyatdan ag‘darildi.
Bugungi kunga kelib, pushtunlarning mazkur hududiy ambitsiyalari to‘liq yo‘qolgan deb aytish qiyin. Endi savol tug‘iladi: bu mojaro to‘laqonli urushga aylanib ketadimi?! Ko‘pchilik fikricha, bu uzoq muddatli, past intensivlikdagi ziddiyat sifatida davom etadi.

Buning bir necha sababi bor. Birinchidan, Pokiston Afg‘oniston hududida keng ko‘lamli harbiy operatsiya o‘tkazishga jur’at etmaydi. Tarix shuni ko‘rsatadiki, Afg‘onistonga kirgan tashqi kuchlar — Britaniya imperiyasi, Sovet Ittifoqi yoki AQSh uzoq muddatli va murakkab qarshilikka duch kelgan. Afg‘oniston bejizga “imperiyalar qabristoni” deb atalmaydi.

Ikkinchidan, “Tolibon”ning Pokiston hududiga keng ko‘lamli bostirib kirishi ham ehtimoldan yiroq. Pokiston o‘z hududidagi pushtun aholini yetarli darajada nazorat qila oladi.
Shu bois, ehtimoliy ssenariy bu ochiq va keng ko‘lamli urush emas, balki uzoq yillar davom etadigan, past intensivlikdagi, vaqti-vaqti bilan keskinlashib turadigan ziddiyatdir. Bu muammo bir yoki besh yilda hal bo‘lib qolmaydi. Hatto o‘nlab yillar davomida ham mintaqadagi siyosiy kun tartibida saqlanib qolishi mumkin.

Azizbek Fayzullayev: Bu mojaro aslida kutilgan edi. Chunki uning signallari ancha vaqtdan beri sezilib kelayotgan edi. 2021 yilda “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan paytda Pokistonda, xususan Islomobod ko‘chalarida buni bayram sifatida nishonlab, shirinliklar tarqatilgani ham kuzatilgan. Hatto Afg‘onistonda urdu tiliga ikkinchi davlat tili maqomi berilishi mumkinligi haqida ham turli gap-so‘zlar tarqalgan edi.

Biroq bu shov-shuvli bayonotlar tez orada barham topdi. Oradan ko‘p o‘tmay “Tolibon” Pokistonga nisbatan keskin bayonotlar bera boshladi va ikki tomon o‘rtasida ziddiyat kuchaydi.

Hozirgi voqealar joriy yil 21 fevraldan boshlangan bo‘lib, ular “Tehrike Tolibon Pokiston” (TTP) guruhining lagerlariga qarshi olib borilgan harbiy operatsiyalar bilan bog‘liq. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu jarayonlarga Afg‘oniston tomoni, jumladan, Qori Fasihuddin Fitrat boshchiligidagi harbiy tuzilmalar ham jalb etilgan.
Ayni paytda “Tolibon” safida yuqori darajadagi motivatsiya kuzatilmoqda. Xabar qilinishicha, 19 ta blokpost egallangan, ulardan to‘rttasi yoqib yuborilgan. Shuningdek, 55 nafar pokistonlik harbiy halok bo‘lgani va ularning jasadlari hali Pokiston tomoniga topshirilmagani aytilmoqda.

Bu yerda eng muhim jihatlardan biri “Tolibon” kuchini past baholamaslik kerakligi.

Harakat yetakchilarining aksariyati uzoq yillar davomida Pokiston hududida yashagan yoki faoliyat yuritgan. Shu sababli ular mamlakat geografiyasi, ichki siyosiy muhit va elita doiralarining umumiy siyosiy ritorikasini yaxshi biladi. Bu omil ularga strategik ustunlik berishi mumkin. Agar ularda ma’lum darajada ishonch va tayyorgarlik bo‘lmaganida, bunday keskin to‘qnashuvlarga kirishmagan bo‘lar edi.
Shu bilan birga, Afg‘oniston tomonining jiddiy zaif jihati ham mavjud, ularda zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimi yo‘q. Pokiston esa bu borada ancha ustun. Hozirgi bosqichda Pokiston asosan havo zarbalari orqali harakat qilmoqda.
Xususan, Kobul, Qandahor hamda sharqiy viloyatlar Nangarhor va Xost hududlarida havo hujumlari qayd etilgan.

Yana bir muhim masala xalqaro omil. Pokiston tomoni bu harakatlarni o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqi bilan izohlamoqda. Ayrim bayonotlarda, agar tahdid davlat xavfsizligiga qaratilgan bo‘lsa, Pokiston xalqaro huquq asosida javob choralarini ko‘rishga haqli ekani ta’kidlanmoqda. AQSh ham “Tolibon”ga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlarni ochiq qoralamagan. Bu omillar Pokiston mudofaa vazirining vaziyatni “ochiq urush” deb atashiga asos bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. Biroq mavjud sharoitdan kelib chiqib aytish mumkinki, hozircha bu to‘liq ko‘lamli urushdan ko‘ra, cheklangan va nazorat ostidagi harbiy to‘qnashuvlarga o‘xshaydi.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов

Mavzuga oid