Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT Xavfsizlik kengashi: Eron qo‘shni mamlakatlarga hujumlarni to‘xtatishi kerak
BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 13 tasi Erondan Yaqin Sharqda keskinlikni pasaytirishni talab qildi. Xitoy va Rossiya rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamadi, Eron esa BMT qarorini siyosiylashtirilgan deb tanqid qildi.
Foto: John Lamparski/NurPhoto
BMT Xavfsizlik kengashi Erondan Fors ko‘rfazi mintaqacidagi qo‘shni davlatlarga qarshi hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qildi. Xalqaro huquq va xavfsizlikni saqlash uchun mas’ul bo‘lgan BMTning asosiy organi tomonidan tegishli rezolyutsiya 11 mart, chorshanba kuni, 15 a’zodan 13 tasining ovozi bilan qabul qilindi.
Rezolyutsiya matnini ko‘rib chiqish uchun Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi a’zolari (Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Ummon, Qatar va Bahrayn) hamda Iordaniya kiritdi. Hujjatda aytilishicha, Eronning ushbu davlatlarga qilgan hujumlari xalqaro huquqni buzish hisoblanadi va “jahon tinchligi va xavfsizligiga jiddiy tahdid” soladi. Ayni paytda, hujjatda Eronga qarshi harbiy harakatlarni boshlagan AQSh va Isroil tilga olinmagan.
Rezolyutsiyada, shuningdek, Tehronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xalqaro dengiz qatnovini “to‘sish, xalaqit berish yoki boshqa tarzda izdan chiqarish”ga qaratilgan “har qanday harakatlari yoki tahdidlari” qoralanadi. Yaqin Sharq mamlakatlaridan neft eksporti uchun eng muhim transport yo‘llaridan biri hisoblangan ushbu bo‘g‘oz AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon amalda Tehron tomonidan to‘sib qo‘yilgan.
Rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berishda Xavfsizlik kengashining ikki doimiy a’zosi — Rossiya va Xitoy betaraf qoldi. Hujjat “bir tomonlama va g‘arazli ruhda tuzilgan” bo‘lib, “mintaqada tinchlikka erishishga olib kelishi mumkin emas”, deya qarorga izoh berdi Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya.
Nebenzyaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hujjat matniga Eronga qilingan zarbalarni ham qoralash haqidagi qo‘shimchani kiritishni taklif qilgan. Rossiya, shuningdek, Yaqin Sharqdagi mojaro bo‘yicha o‘z rezolyutsiyasini ham BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida taqdim etgan, ammo unga AQSh veto qo‘ygan.
Eron esa o‘z navbatida Fors ko‘rfazi davlatlari tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiyani tanqid qildi. Mamlakat vakili Amir Said Iravoniy buni “AQSh va Isroilning siyosiy maqsadlariga erishish uchun BMT Xavfsizlik kengashi mandatini suiiste’mol qilish” deb atadi, Eronning o‘zi esa “tajovuz qurboni” ekanini ta’kidladi.
28 fevral kuni ertalab AQSh va Isroil Eronga ommaviy aviatsiya zarbalarini berib, “Epik g‘azab” harbiy amaliyoti boshlanganini e’lon qildi. Buning natijasida Islom Respublikasining oliy rahbari Ali Xominaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari halok bo‘ldi. Bunga javoban Eron Isroilga va Fors ko‘rfazi davlatlari hududiga zarbalar bermoqda. Bu hujumlar chog‘ida bir necha bor snaryadlar va dronlarning fuqaroviy obektlarga kelib tushgani qayd etilgan.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon keyinchalik qo‘shni davlatlardan uzr so‘radi va Eron harbiylari ularning hududiga rahbariyat AQSh va Isroil hujumlari oqibatida yo‘qotilgan sharoitda zarba berganini aytdi. Keyinroq Islom inqilobi muhofizlari korpusi Eron mintaqadagi istalgan davlatda joylashgan AQSh harbiy bazalariga zarba berishni davom ettirishini qo‘shimcha qildi.
Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar va ularning dunyo tinchligiga ta’sirini muhokama qilar ekan, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush “u xohlagan vaqtda tugashini” aytdi. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats esa janglar “hech qanday vaqt cheklovlarisiz — qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi”, deb ta’kidladi. Eron esa urushni tugatish shartlarini uning raqiblari emas, balki Islom Respublikasining o‘zi belgilashini bildirdi.
Mavzuga oid
11:44
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida uchta fuqarolik kemasiga hujum qilindi
10:42
Elchixona Isroilda halok bo‘lgan shaxs yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi
09:58
Bundestag rahbari Klyokner Kiyevda Germaniya qo‘llovini tasdiqladi
09:33