Jahon | 10:03
2470
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy “etnik birlik” haqidagi o‘ta bahsli qonunni qabul qildi

Xitoy parlamenti huquq himoyachilari tomonidan tanqid qilinayotgan, mamlakatda “etnik birlik”ni mustahkamlashga qaratilgan qonunni qabul qildi. U xitoy tilining mandarin lahjasiga jamoat hayotida, jumladan ta’lim sohasida “ustunlik” beradi.

Foto: Getty images

Xitoy Xalq vakillari umumxitoy yig‘ini (XVUY) — XXRning oliy qonun chiqaruvchi organi 12 mart, payshanba kuni “Etnik birlik va taraqqiyotga ko‘maklashish” deb nomlangan qonunni ma’qulladi. Hujjat “xitoy millati tarkibidagi barcha etnik guruhlar o‘rtasida umumiylik tuyg‘usini mustahkamlash”ga qaratilgan bo‘lib, bu maqsadga erishish barcha jamoat tashkilotlari, tijorat kompaniyalari va mamlakat qurolli kuchlari zimmasiga ham yuklatilgan.

Xususan, qonunda xitoy tilining mandarin lahjasi va milliy ozchiliklar tillari birgalikda qo‘llanadigan jamoat joylarida mandaringa “ustunlik” berish talabi qo‘yilgan. Shu munosabat bilan huquq himoyachilari Xitoyda o‘z tili va lahjalariga ega 55 ta etnik ozchilik mavjudligini eslatmoqda. Tibet va Ichki Mo‘g‘uliston kabi etnik ozchiliklar ko‘p yashaydigan hududlarda esa maktab ta’limida xitoy tilidan foydalanish allaqachon majburiy qilib qo‘yilgan.

AFP agentligi Amerika PEN-klubi faoli Erika Nguyenning Pekindagi hukumatni “bolalarning o‘z tarixi va madaniyati bilan bog‘liq rishtalarini uzish”ga urinayotganlikda ayblagan so‘zlarini keltiradi. Huquq himoyachilari ayniqsa yangi qonun musulmon uyg‘urlarga bosimni yanada kuchaytirishidan xavotirda. Pekin bu etnik ozchilik huquqlarini buzishda, jumladan, BMT tomonidan ham bir necha bor ayblangan.

Qonunning ta’siri XXR hududidan tashqariga ham yoyiladi. U xorijdagi xitoy jamoalari bilan “aloqalarni mustahkamlash”ga ko‘maklashishni belgilaydi va shu bilan birga Xitoydan tashqarida turib mamlakatning “etnik birligiga putur yetkazish” yoki “etnik separatizm”ga da’vat qilishda ishtirok etgan shaxslarni yuridik javobgarlikka tortishni ham nazarda tutadi.

“Etnik birlik” haqidagi qonun XVUY va XXR rahbariyati huzuridagi maslahat organi hisoblangan Xalq siyosiy maslahat kengashining an’anaviy yillik “ikki sessiya”sining so‘nggi kunida qabul qilindi. Bu tadbirlar Xitoy siyosatining kelgusi o‘zgarishlarini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos indikatorlar deb hisoblanadi.

Bu yilgi “ikki sessiya” 15-besh yillik rejani amalga oshirish boshlanishiga to‘g‘ri keldi. Bu 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan mamlakat iqtisodiy va siyosiy rivojlanish “yo‘l xaritasi” hisoblanadi. XXR davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyan joriy yil uchun YaIM o‘sish sur’atini 4,5–5 foiz doirasida belgiladi — bu 1991 yildan buyon eng past ko‘rsatkichlardir. Kuzatuvchilar buni Xitoy o‘nlab yillar davomida jahon iqtisodiyoti taraqqiyotining asosiy drayveri sifatida namoyon bo‘lgan shiddatli o‘sishdan keyingi sezilarli burilish deb baholamoqda.

Yangi besh yillik rejaning markazida sun’iy intellekt turibdi. XXR rahbariyati uni AQSh bilan raqobat sharoitida mamlakat taraqqiyoti uchun “zarur vosita” deb hisoblaydi. Yuqori texnologiyalarga urg‘u bergan holda, Xitoy hukumati iqtisodiyotni ichki iste’molga asoslangan o‘sish yo‘liga qayta yo‘naltirmoqchi. Tashqi siyosat sohasida esa Pekin, chamasi, Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan munosabatlarni yaxshilash yo‘lini belgilagan, ayni paytda Yaponiya bilan munosabatlarda Tayvan sababli keskinlik kuchaymoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid