O‘zbekiston | 09:05
1412
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda aqlli svetoforlar o‘rnatilib, yo‘llar ta’mirlanmoqda

15 mart kuni poytaxtda yo‘l infratuzilmasining texnik holatini yaxshilash, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda ko‘chalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga qaratilgan rejali ishlar davom ettirildi. 

Foto: Kun.uz 

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, bu borada shaharning turli hududlarida aqlli svetoforlar o‘rnatish, joriy ta’mirlash, yo‘l chiziqlarini yangilash va bekatlarni rekonstruksiya qilish ishlari olib borilgan.

Ma’lum qilinishicha, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishida 28 ta svetofor ustuni o‘rnatilgan. Shuningdek, 12 ta obekt hududida 44 ta svetofor hamda 19 ta taymer tablosi joylashtirilgan. Bundan tashqari, 19 ta anker blok o‘rnatilib, 400 metr kabel tarmog‘i tortilgan, 11 ta svetofor boshqaruv qutilari montaj qilingan. Nurafshon, Bobur–Furqat hamda Ahmad Donish ko‘chalarida esa kabel tortish, tayanch ustunlari uchun chuqurlar qazish va kabel kanalizatsiyasiga tayyorgarlik ishlari bajarilgan.

Poytaxtda joriy ta’mirlash ishlari ham bir qator hududlarda olib borildi. Xususan, 8 995 kvadrat metr maydonda frezerlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, 10 157 kvadrat metr hududda asfaltlash ishlari bajarilgan. Bu ishlar Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy, Yashnobod, Olmazor va Sergeli tumanlarida, shuningdek Markaziy ko‘cha boshqarmasi tasarrufidagi yo‘llarda olib borilgan.

Shu bilan birga, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida 100 metr trotuar tartibga keltirildi. Yo‘l chiziqlarini yangilash ishlari doirasida esa jami 7 400 metr masofada chiziqlar chizildi. Bu ishlar Mustaqillik, Abdulla Qodiriy, Alisher Navoiy, Shahrisabz va Sharof Rashidov ko‘chalarida amalga oshirilgan.

Yo‘l belgilari infratuzilmasini yangilash doirasida 32 ta belgi almashtirilgan va 27 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatilgan. Shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li, Maxtumquli, Osiyo, Mirzo Ulug‘bek, Istiqlol hamda KHAY ko‘chalarida jami 21 ta zamonaviy bekatni yangilash ishlari davom etmoqda.

Qo‘shimcha ravishda, «Toshshaharnur» davlat muassasasi tomonidan Maxtumquli va Sebzor ko‘chalarida jami 15 ta temir yoritish ustuni bo‘yalgan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu kabi ishlar poytaxtda harakat xavfsizligini oshirish, transport oqimini tartibga solish va yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich zamonaviylashtirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid