Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Eron neftiga qarshi sanksiyalarning bir qismini to‘xtatdi
Vashington Yaqin Sharqdagi urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi ortidan energiya tashuvchilar narxi o‘sib borayotgan bir paytda, dengizda allaqachon bo‘lib turgan Eron neftini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat beradi.
Foto: AP
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eron neftiga qarshi sanksiyalarni 30 kunga yumshatdi va agar u dengizda bo‘lsa, uni sotib olishga ruxsat berdi. Bu haqda AQSh moliya vaziri Skott Bessent 20 mart, juma kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirda sanksiya ostidagi Eron neftini Xitoy arzon narxlarda sotib olmoqda. Vashington bu chora orqali jahon bozori uchun taxminan 140 million barrel neftni ochishni rejalashtirmoqda, bu esa “jahon energetikasi hajmini oshiradi va Eron keltirib chiqargan ta’minotdagi vaqtinchalik bosimni yumshatishga yordam beradi”.
“Aslida, biz ‘Epik g‘azab’ operatsiyasi davom etayotgan paytda narxlarni past darajada ushlab turish uchun Eron barrellaridan Tehronning o‘ziga qarshi foydalanamiz”, — deya izoh berdi Bessent.
Bundan oldin AQSh xuddi shunday choralarni Rossiya nefti va neft mahsulotlariga nisbatan ham qo‘llagan edi.
Eron Neft vazirligi vakili AQShning bayonotiga javoban X tarmog‘ida mamlakatda “dengizda ham, xalqaro bozorlarni ta’minlash uchun ham” zaxiralar yo‘qligini yozdi. Uning aytishicha, Vashington e’lon qilgan choralar faqatgina “xaridorlarga umid uyg‘otish” uchun qaratilgan.
20 mart kuni Donald Tramp Truth Social tarmog‘ida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi “undan foydalanadigan boshqa davlatlar tomonidan, zarurat tug‘ilsa, qo‘riqlanishi va nazorat qilinishi kerak”, deb yozdi.
“Agar bizdan so‘rashsa, bu davlatlarning Ho‘rmuz bo‘yicha sa’y-harakatlariga yordam beramiz, ammo Erondan kelayotgan tahdid bartaraf etilganidan keyin buning zarurati bo‘lmasligi kerak. Eng muhimi, ular uchun bu yengil harbiy operatsiya bo‘ladi”, — deb davom etdi siyosatchi.
Bundan bir necha soat oldin esa u AQShsiz NATOni “qog‘ozdagi yo‘lbars” deb atagan va alyansdagi ittifoqchilarini “qo‘rqoqlar” deb ta’riflagan edi. Uning aytishicha, ular “to‘lashga majbur bo‘layotgan yuqori neft narxlaridan shikoyat qiladi, ammo Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga yordam berishni istamaydi”, garchi buning “xatari past” bo‘lsa ham.
AQSh va Isroilning Eron bilan urushi boshlanganidan buyon, jahonda tashilayotgan neft va suyultirilgan tabiiy gazning taxminan 20 foizi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda Eron harbiylari tomonidan to‘sib qo‘yilgan. Eron shuningdek, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi bir qator mamlakatlarning neft obektlari va neft tankerlariga ham zarba bermoqda. Bu esa jahonda energiya tashuvchilar narxining keskin o‘sishiga olib keldi.
https://www.dw.com/ru/administracia-trampa-priostanovila-cast-sankcij-protiv-iranskoj-nefti/a-76462443