Jahon | 11:15
273
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Eron o‘rtasida ehtimoliy kelishuv muhokama qilinmoqda

AQSh va Eron bo‘lajak kelishuvning taxminan 15 bandi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tehron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligiga rozi bo‘ldi, dedi Donald Tramp. Eron esa Vashington bilan muzokara olib bormayotganini aytmoqda.

Foto: NBC News

AQSh va Eron bo‘lajak ehtimoliy kelishuvning taxminan 15 bandi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Oq uy rahbari Donald Tramp Floridada jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qildi. Uning so‘zlarini 23 mart, dushanba kuni dpa agentligi keltirgan.

Trampning ta’kidlashicha, Tehron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligiga rozilik bildirgan. AQSh prezidenti Islom Respublikasi vakillari bilan “juda intensiv” muzokaralar haqida yana gapirdi, ammo Vashington aynan kim bilan muloqot qilayotganiga oydinlik kiritmadi. U faqatgina suhbatdosh mamlakatning yangi oliy rahbari Mujtaba Xominaiy emasligini, balki Donald Tramp Erondagi eng hurmatli shaxs deb hisoblaydigan odam ekanini qo‘shimcha qildi.

Axios nashri isroillik amaldorga tayanib yozishicha, gap Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof haqida ketmoqda. Shu manba jurnalistlarga vositachi davlatlar uning ishtirokida Pokiston poytaxti Islomobodda uchrashuv tayyorlanayotganini, u “hafta oxirida bo‘lishi mumkin”ligini aytgan. Amerikaning ushbu uchrashuvdagi vakillari sifatida Stiven Uitkoff, Jared Kushner va ehtimol vitse-prezident Jyey Di Vens qatnashishi mumkin.

Axios’ning yana bir manbasi esa G‘olibof bilan Tramp jamoasi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lmaganini, ammo ular Misr va Turkiya orqali xabar almashganini aytgan.

Oq uy rahbari Eronda yuz berayotgan voqealarni “rejim almashuvi” deb atadi va tomonlar o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “ularga (eronliklarga) u yerdan chiqib ketish juda qiyin bo‘lsa kerak”.

G‘olibofning o‘zi esa X tarmog‘idagi sahifasida AQSh bilan “hech qanday muzokaralar” bo‘lmaganini yozdi. Uning ta’kidlashicha, “soxta xabarlar moliyaviy va neft bozorlarini manipulyatsiya qilish, shuningdek, AQSh va Isroil botib qolgan botqoqdan chiqib olish uchun qo‘llanmoqda”.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi ham 28 fevraldan so‘ng AQSh bilan muzokaralar o‘tkazilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Aynan shu sanada AQSh Isroil bilan birgalikda Islom Respublikasiga qarshi harbiy kampaniya boshlagani aytilgan.

Davlat axborot agentligi IRNA vazirlik vakiliga tayanib xabar berishicha, vositachi davlatlar Vashington urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini ko‘rsatuvchi xabarlarni yetkazgan, ammo Tehron ularga javob bermagan.

Shu kunning o‘zida Donald Tramp AQSh Eronning elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga zarbalarni besh kunga kechiktirishini bildirgan edi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Pentagonga berilgan tegishli topshiriq haqida yozgan.

Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror AQSh va Eron tomonlari o‘rtasida Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilikni “to‘liq va yakuniy tarzda hal etish”ga doir ikki kunlik “juda muvaffaqiyatli va samarali muzokaralar”dan keyin qabul qilingan.

“Ushbu chuqur, batafsil va konstruktiv muzokaralarning ruhi va ohangidan kelib chiqib, ular butun hafta davomida davom etadi, men harbiy vazirlikka Eronning elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga qarshi har qanday va barcha harbiy zarbalarni, kelgusi uchrashuvlar va muhokamalar muvaffaqiyatli kechishi sharti bilan, besh kunlik muddatga kechiktirish haqida ko‘rsatma berdim”, — deb yozdi AQSh prezidenti.

Bu so‘zlardan keyin neft narxlari keskin tushib ketdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid