Jahon | 09:45
834
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kansleri suriyalik qochqinlarni uyiga qaytishga chaqirdi

Fuqarolik urushi tugaganidan bir yil o‘tib, Suriyadagi vaziyat sezilarli darajada yaxshilandi. Shuning uchun suriyalik qochqinlarni himoya qilishga bo‘lgan ehtiyojni qayta ko‘rib chiqish kerak, dedi Germaniya kansleri.

Foto: Julius-Christian Schreiner/dpa

Germaniya kansleri Fridrix Mers Suriyadan kelgan qochqinlarni o‘z yurtiga qaytib, mamlakatning urushdan keyingi tiklanishiga yordam berishga chaqirdi. Bashar Asad rejimi hukmronligi davrida Germaniyadan boshpana topgan taxminan bir million suriyalikning “qariyb 80 foizi” yaqin uch yil ichida vatanga qaytishi kerak. Mers bu haqda 30 mart, dushanba kuni Berlinda Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va Suriya suriyalik qochqinlarni vatanga qaytarish ustida “hamkorlikda ish olib bormoqda”. 2024 yil dekabridan — Asad rejimi qulagani va fuqarolik urushi yakunlanganidan so‘ng Suriyadagi vaziyat ancha yaxshilangani uchun qochqinlarni himoya qilish zaruratini qayta baholash lozim, dedi u.

Foto: Nadja Wohlleben/REUTERS

Mersning aytishicha, ustuvor vazifa — Germaniyada huquqbuzarlik sodir etgan va amaldagi yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan suriyaliklarni repatriatsiya qilish.

“Bizda bu yerda kichik bir guruh bor, ammo bu bizga muammo tug‘dirayotgan guruh”, — deya qo‘shimcha qildi u. Shu bilan birga, “Germaniyada qolishni istaydigan va yaxshi integratsiyalashgan suriyaliklar Germaniyada qolishi mumkin”, dedi kansler.

Fridrix Mers Berlin Suriya iqtisodiyotini tiklashga yordam berishini va bu qochqinlar qaytishi uchun sharoit yaratishi kerakligini bildirdi. Shu maqsadda qo‘shma ishchi guruh tuzishga qaror qilingan, va yaqin kunlardayoq Germaniya vazirliklari vakillaridan iborat delegatsiya Suriyaga yo‘l olishi kerak.

“Yorug‘ kelajak sari yo‘lingizda Germaniya qo‘lloviga tayanishingiz mumkin”, — deb ishontirdi kansler.

Shu bilan bir vaqtda, u Suriya muvaqqat prezidentini mamlakatda ozchilik guruhlar himoyasini ta’minlashga chaqirdi.

“Yangi Suriyada barcha suriyaliklar uchun — ularning dini, etnik mansubligi va jinsidan qat’i nazar — joy yarating. Ozchiliklar va o‘zgacha fikrlovchilarga nisbatan zo‘ravonlik o‘tmishda qolishi kerak”, — dedi Mers.

U kelajakdagi qo‘shma loyihalar Suriyada qonun ustuvorligi tamoyillariga rioya etilishiga ham bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid