Sport | 21:07 / 03.04.2026
3116
3 daqiqa o‘qiladi

Sindorov Nakamurani ham mag‘lub etdi

O‘zbekistonlik shaxmatchi 4,5 ochko bilan turnir jadvalini boshqarishda davom etmoqda.

Foto: FIDE

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 3 aprel kuni Nomzodlar turnirining 5-turida amerikalik Hikaru Nakamura ustidan ham g‘alabaga erishdi.

Jahon reytingida Magnus Karlsendan keyin ikkinchi o‘rinda turgan kuchli raqibga qarshi qora donalarda o‘ynaganiga qaramay, Sindorov bu safar ham debyutda muvaffaqiyatli yurishlar amalga oshirdi va raqibni qiyin ahvolga tushirib qo‘ydi. Nakamura 13-yurishini o‘ylash uchun 67 daqiqadan ko‘proq vaqt sarfladi va natijada Javohir vaqt bo‘yicha katta ustunlikka ega bo‘ldi.

Yakunda esa taslim amerikalik shaxmatchi taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi.

Bu o‘zbekistonlik shaxmatchi uchun turnirdagi to‘rtinchi g‘alaba (qatorasiga uchinchi) bo‘ldi. U endi 5 imkoniyatdan 4,5 ochko jamg‘argan holda peshqadamlikni davom ettirmoqda.

U Nomzodlar turniri tarixida startda bu qadar yuqori natija ko‘rsatgan ilk shaxmatchiga aylandi.

Qayd etish kerakki, Sindorov turnirning ikki asosiy favoritini mag‘lub etdi: oldingi turda amerikalik boshqa bir shaxmatchi, jahon reytingida uchinchi o‘rinda turgan Fabian Karuanani ham taslim qilgandi.

Bundan tashqari, Sindorov navbatdagi g‘alaba evaziga jahon reytingida ham qo‘shimcha ballarni qo‘lga kiritdi va beshinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ayni vaqtda jahonning eng kuchli besh shaxmatchisidan ikki nafari o‘zbekistonlik sportchilar bo‘lib turibdi.

Endi Sindorov 4 aprel kuni 6-tur doirasida xitoylik Vey Iga qarshi dona suradi.

Kiprning Pafos shahrida 29 mart kuni boshlangan 2026 yilgi Nomzodlar turniri 15 aprelgacha davom etadi. Unda jahonning sakkiz nafar nomdor shaxmatchilari ishtirok etmoqda. Javohir Sindorov ushbu turnirga yo‘llanma olgan ilk o‘zbekistonlik hisoblanadi.

Turnirda shaxmatchilar ikki davrada jami 14 partiya o‘ynashadi, ya’ni oldinda yana 9 tur bor. G‘olib pul mukofotlaridan tashqari (g‘oliblik uchun 48 ming yevro beriladi, shuningdek, har bir ishtirokchi jamg‘argan har yarim ochkosi uchun 3500 yevrodan oladi) amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaradju Gukeshga qarshi shaxmat toji bahs olib borish huquqini qo‘lga kiritadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid