Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya xalqaro zaxiralarida katta yo‘qotish qayd etildi
Rossiya Markaziy banki mamlakatning monetar oltini - davlat balansidagi oltin quymalari va tangalari hajmini keskin qisqartirdi. Bu haqda mamlakat xalqaro zaxiralari bo‘yicha oylik hisobotda so‘z boradi.
Foto: Mixail Grebenshchikov / RBK
2026 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, Rossiyaning xalqaro zaxiralari qariyb 749 mlrd dollarni tashkil etdi va bir oy ichida dollar ekvivalentida 60,3 mlrd dollarga kamaydi. Bu haqda Rossiya Bankining oylik hisobotida aytilgan bo‘lib, 7 aprel, seshanba kuni Rossiyaning RBK va “Kommersant” kabi ishbilarmonlik nashrlari ham bu ma’lumotga e’tibor qaratdi.
Rossiyaning xalqaro zaxiralariga Rossiya Banki va RF hukumatining moliyaviy aktivlari kiradi. Ular tarkibiga xorijiy valuta va Rossiya tasarrufidagi boshqa aktivlar, monetar oltin, Xalqaro valuta jamg‘armasidagi Rossiyaning zaxira pozitsiyasi hamda maxsus qarz olish huquqlari — XVJ hisoblaridagi yozuvlar kiradi.
Rossiya Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, mart boshida RFning xalqaro zaxiralari 809 mlrd 308 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, aprel boshida bu ko‘rsatkich 748 mlrd 984 mln dollarga tushgan. 2026 yil fevral oyida esa zaxiralar yanada yuqori bo‘lib, dollar ekvivalentida 833 mlrd 572 mln dollarga yetgan. Bu so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan. Shu bilan birga, Rossiya aktivlarining bir qismi RFning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini sabab G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan holatda qolmoqda.
Markaziy bank hisobotlaridan ko‘rinishicha, mart oyida Rossiyada eng katta qisqarish monetar oltin — davlat balansidagi oltin quymalari va tangalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu holat OAVda Rossiya Markaziy banki 2026 yil yanvaridan oltin sotishni boshlagani haqida chiqqan xabarlarga mos keladi. Ayni paytda, fuqarolar uchun Rossiyadan oltin olib chiqish cheklangan edi.
O‘shanda, “Vedomosti” yozishicha, Rossiya Markaziy banki oltinni “narxlar rallisi” sharoitida sotgan: regulyator jahon bozorlarida qimmatbaho metall narxi rekord darajada yuqori bo‘lgan paytdan foydalangan. Mutaxassislar odatda oltin narxining o‘sishini geosiyosiy taranglik bilan izohlaydi — bunday sharoitda oltin xavfsiz va ishonchli investitsiya sifatida qabul qilinadi.
2025 yil oxirida tahlilchilar oltin narxining o‘sishini AQSh prezidenti Donald Tramp siyosatiga oid bozor xavotirlari bilan bevosita bog‘lagan edi. O‘sha davrda Amerika rahbari Grenlandiya masalasida Yevropa tomon keskin bayonotlar berib, Tramp uni “qanday bo‘lmasin qo‘lga kiritish”ni istagan edi. Keyin esa u Venesuela rahbari Nikolas Maduroni o‘g‘irlab ketishni ma’qullagan.
Oltin narxining so‘nggi keskin sakrashi fevral oxirida kuzatilgan bo‘lib, bu bozorning AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi borasidagi xavotirlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq mart boshida qimmatbaho metall narxi pasaya boshladi: agar 1 mart kuni oltinning bir troya unsiyasi 5356 dollardan kotirovka qilingan bo‘lsa, 1 martda u 4721 dollar turgan.
Rossiya Davlat dumasi 2025 yil noyabrida qabul qilgan va 2028 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan mamlakat budjeti loyihasi xarajatlar daromadlardan oshishini nazarda tutadi. Loyihada inflatsiya darajasi 4 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilingan.
Shu bilan birga, 2026–2028 yillarda Rossiya budjeti uchun asosiy ustuvor yo‘nalishlar harbiy va huquqni muhofaza qilish sohasidagi xarajatlar bo‘lib qolmoqda — 16,84 trln rubl yoki mamlakat umumiy budjeti hajmining taxminan 38–40 foizi. Shu davrda jami ijtimoiy xarajatlar 10,8 trln rublni, ya’ni budjetning 24,5 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Ekspertlar Rossiya hokimiyatining bunday kutilmalariga shubha bilan qaramoqda.