Jahon | 08:26
1782
5 daqiqa o‘qiladi

Vens: Livan Eron bilan kelishuv doirasiga kirmagan

Eron Isroilning Livanga bergan zarbalaridan so‘ng yana Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar o‘tishini taqiqladi. Vashington esa Tehron bilan kelishuvlarda bu hujumlarni to‘xtatish haqida gap bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.

Foto: Jonathan Ernst/Pool Reuters/AP

AQSh Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilar ekan, Tehronga Isroilning Livan hududiga hujumlarini to‘xtatish bo‘yicha hech qanday va’da bermagan. Bu haqda AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Devid (Jyey Di) Vens 8 aprel, chorshanba kuni Budapeshtda jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

«Menimcha, bu yerda ancha asosli tushunmovchilik yuz bergan, — deb Vensning so‘zlarini keltiradi The Hill nashri. — Eronliklar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Livanni ham o‘z ichiga oladi, deb o‘ylagan, ammo bu unday emas. Biz hech qachon bunday va’da bermaganmiz».

Vitse-prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Isroil ayni paytda muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanishini kafolatlash uchun Livanda «ma’lum darajada o‘zini tiyish»ni amalda taklif qilgan.

Vensning bayonoti Isroilning Livanga qarshi urush boshlanganidan beri eng yirik hujumlardan biri haqidagi xabarlardan keyin yangradi. Bu zarbalar AQSh prezidenti Donald Tramp e’lon qilgan, Eron bilan erishilgan ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirgan ilk sutkaning o‘zidayoq amalga oshirilgan.

Tehron ushbu hujumlarga javoban Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar o‘tishini yana amalda to‘sib qo‘ydi, deb yozadi Eron davlat axborot agentligi Fars. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, sulhning bir necha soati davomida bo‘g‘oz orqali atigi ikki neft tankeri o‘tgan, xolos. Umuman olganda esa Eron bo‘g‘oz orqali kuniga o‘ntadan kema o‘tkazishni rejalashtirgan va ulardan to‘lov olishni ko‘zlagan.

Dunyoda neft tashish uchun eng muhim yo‘llardan biri hisoblangan ushbu bo‘g‘oz orqali qatnovni qayta tiklash Trampning so‘nggi haftalarda Eronga qo‘ygan asosiy talablaridan biri bo‘lgan edi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, Eron harbiy harakatlarga javoban bo‘g‘ozni yopib qo‘ygach, neft narxlari oshib ketgani sababli AQSh prezidenti murakkab vaziyatda qolgan.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi obektlarga berilgan ommaviy zarbalar oqibatida kamida 182 kishi halok bo‘lgan, taxminan 900 kishi esa jarohatlangan.

Livan bosh vaziri Navof Salomning bayonotiga ko‘ra, hujumlar zich aholi yashaydigan turar joy hududlariga ham teggan va bir nechta mintaqada, ayniqsa Bayrutda, qurolsiz tinch aholi vakillarining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Isroil armiyasi vakili hujumni tasdiqlab, zarbalar Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» harakatiga tegishli 100 dan ortiq qo‘mondonlik markazlari va harbiy bazalarga berilganini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Isroil mudofaa vaziri Israel Kats videomurojaatida buni 2024 yil sentabridan beri «Hizbulloh»ga qarshi eng keng ko‘lamli zarba deb atadi.

Isroilning «Hizbulloh» pozitsiyalariga hujumlarini to‘xtatishi Eron tomonidan mintaqada o‘t ochishni to‘xtatish uchun qo‘yilgan shartlardan biri edi. Biroq AQSh haqiqatan ham ushbu bandga rozi ekanini rasman tasdiqlamagan. Jumladan, Donald Tramp sulhni e’lon qilar ekan, Eron takliflarini «muzokaralar uchun ish berishi mumkin bo‘lgan asos» deb ta’riflagan, ammo AQSh shu bandlarning barchasiga rozi ekanini aytmagan.

Keyinroq Eron o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilishini davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisoblamasligini bildirdi. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibofning so‘zlariga ko‘ra, Eronning urushni yakunlash bo‘yicha rejasidagi o‘nta banddan uchtasi bir sutka ham o‘tmay buzilgan. Tehron bular qatoriga Isroilning «Hizbulloh»ga qarshi zarbalaridan tashqari, mamlakat hududi ustida aniqlangan uchuvchisiz uchish apparatini, shuningdek, raqiblar tomonidan Eron yadroviy dasturiga qarshi kurashni davom ettirish haqidagi bayonotlarni ham kiritgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid