Sport | 21:27 / 14.04.2026
8194
3 daqiqa o‘qiladi

Tarixiy g‘alaba. Javohir Sindorov Nomzodlar turniri g‘olibi!

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov muddatidan oldin Nomzodlar turniri g‘olibiga aylandi. U 13-tur yakuniga ko‘ra 9,5 ochko jamg‘arib, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun bahslashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Foto: Michal Walusza / FIDE

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 13-turida turnirdagi asosiy raqobatchisi, niderlandiyalik Anish Giriga qarshi o‘ynab, muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirdi.

Qora donalarda o‘ynaganiga qaramay, 20 yoshli shaxmatchi himoyalanishda yuqori aniqlik namoyish etdi. Aksar sipohlar almashib yuborilganidan so‘ng o‘yin texnik jihatdan murakkab bo‘lgan ruxlar endshpiliga o‘tdi va yakunda raqib durangga rozi bo‘ldi.

Bu esa Javohir uchun g‘alabaga teng durang edi. Endi turnir yakuniga bir tur qolganida uning ochkolari soni 9,5 taga yetdi va ikkinchi o‘rindagi Anish Giri 7,5 ochkosi bilan so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar unga yeta olmaydigan bo‘ldi.

Shu tariqa, Javohir Sindorov O‘zbekiston shaxmati tarixida yangi sahifa ochdi. 2025 yilda 19 yoshida Jahon kubogining eng yosh sohibi bo‘lgan shaxmatchi endi Nomzodlar turnirida g‘olib chiqqan ilk o‘zbekistonlikka aylandi.

Qolaversa, Sindorov hozircha 2022 yilda 14 ta partiyada 9,5 ochko jamg‘arib, turnir yakunlanishiga bir tur qolganda g‘oliblikni rasmiylashtirgan rossiyalik Yan Nepomnyashiyning ochkolar bo‘yicha rekordini takrorladi. Endi unda oxirgi turda xitoylik Vey Iga qarshi bahsda bu rekordni yangilash imkoniyati bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, Sindorov turnir startidayoq birinchi o‘ringa chiqib olgandi va yetakchilikni oxirigacha qo‘ldan boy bermadi. U turnir davomida 6 bor g‘alabaga erishdi – turnir tarixida hech bir shaxmatchi bu qadar ko‘p partiyada g‘alaba qozonmagandi.

Endi o‘zbekistonlik yosh grossmeyster amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukesh bilan shaxmat toji uchun bahs olib boradi. Bu bahs 2026 yil oxirida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Chempionlik bahsi sanasi va joyi keyinroq FIDE tomonidan e’lon qilinadi.

Bundan tashqari, turnirdagi birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro miqdorida mukofot ko‘zda tutilgan, shuningdek, qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan (hozirgacha 95 ming yevro ishlab topdi) beriladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid